“Bu - shunchaki festival emas”. Reper Konsta jamoasi bilan “YUZ FEST” konsertiga qanday tayyorgarlik ko‘rmoqda?

“Yunusobod” sport majmuasida 10-iyun kuni reper Konsta hamda Markaziy Osiyoning yosh va yorqin ijodkorlari ishtirokida “YUZ FEST” konserti bo‘lib o‘tadi. Ilk bor o‘tkazilayotgan ushbu xalqaro musiqiy festivaldan avval dasturga bosh-qosh bo‘layotgan Konsta jurnalistlar bilan uchrashdi.
Mabuot anjumanida Afisha.uz muxbiri ham qatnashib, eng muhim savol-javoblarni bir joyga jamladi.
“YUZ FEST"ni o‘tkazishdan maqsad nima?
— Ijodkorlar ko‘pincha o‘z ijodini namoyish qilish imkoniyati kam bo‘lgani uchun to‘ylarga chiqishga majbur bo‘ladi. Biz esa xonandalar uchun maydon ko‘payishini istaymiz. Shu sababli hamda yangi nomlar va yangi yulduzlarni kashf qilish g‘oyasi asosida ushbu festivalni tashkil qilyapmiz.

Tarkibimizdagi ba’zi ijodkorlar ehtimol birinchi marta katta konsert sahnasiga chiqayotgandir. O‘zbekistondagi konsertlar afishalarida kam uchraydigan xorijlik hamkasblarim: Qozog‘iston va Qirg‘izistondan kelayotgan san’atkorlar ham balki yurtimizda ilk marta mehmon bo‘layotgandir. Ammo bizda ijodkorlar ko‘proq konsertga chiqishi uchun tayyor sharoit yo‘q, biz esa o‘sha sharoitlarni yaratish va tajriba orttirishga harakat qilyapmiz. Bu shunchaki konsert emas, balki musiqiy festival va sayilgoh ham bo‘ladi.
Festivalda aynan qaysi san’atkorlar ishtirok etadi?
— Jami 15 nafardan ortiq markaziy osiyolik reper va xonandalar chiqish qiladi. Ular orasida qozog‘istonlik Yenlik ham bor. U so‘nggi ikki yilda juda katta ijodiy o‘sish qilgan R&B yo‘nalishidagi ijodkor. Yenlik dunyoga mashhur bo‘lgan COLORS shousida qatnashgan. Bu Markaziy Osiyo uchun katta natija, chunki bizning mintaqadan hali hech kim bu shouda ishtirok etmagan. Shuningdek, Qirg‘izistondan Jax keladi. U juda melodik uslubda ijod qiladi va o‘z mamlakatida shuhrat qozongan.

O‘zbekistondan Rishat Band, Ruhsora Emm, Hilola G‘ayratova, Qarz, Umida Odilova & Nizamo.S, Boni, Madinabonu kabi ijodkorlar qatnashadi. Biz asosan, yosh va ijod uchun ijod qilayotgan insonlarni tanladik. Maqsadimiz — ular uchun kattaroq sahna yaratish, yosh ijodkorlarga yo‘l ochish va ularda kelajakka ishonch uyg‘otish.
Konsertga hozirlik ko‘rish jarayonida turli musiqiy yo‘nalishlar va har xil tinglovchilar uchun qiziq bo‘ladigan dastur tayyorlashga qaror qildik. Chunki bu faqat rep festivali emas. Ijodkorlarni tanlashda yaxshi ijro, tushunarli uslub va o‘z yo‘nalishida ma’lum tajribaga ega bo‘lishiga qaradik.
Tarkibda ko‘plab yangi ijodkorlar bor bo‘lgan bunday festivalni tashkil qilish qanchalik qiyinchilik tug‘dirmoqda? Jarayon qanday kechyapti?
— Agar biz faqat daromad haqida o‘ylaganimizda, bunday loyihalarni qilmagan bo‘lardik. Masalan, “Vatan” konsert turi ham tijoriy jihatdan juda katta foyda keltirmagan.
Festival tashkil qilish yakkaxon konsertdan ikki-uch baravar qiyin. Lekin maqsadimiz pul ishlash emas. Biz ko‘proq sahna, ko‘proq ijod va qiziq loyihalar bo‘lishini istaymiz. Bu esa umumiy harakat va hashar orqali bo‘lyapti: hamkorlarimiz va siz jurnalistlar qo‘llab-quvvatlayotgani katta kuch beryapti.
Qozog‘iston va qirg‘izistonlik ijodkorlar taklifni qanday qabul qildi?
— Ular uchun ham bu yangi bozorga kirish imkoniyati. Mehmon xonandalarning har ikkisi o‘z tilida ijod qiladi. Bizning maqsadimiz — o‘zbek musiqasini Qozog‘iston va Qirg‘izistonda eshittirish bo‘lsa, ularning maqsadi ham o‘z musiqasini O‘zbekistonda tanitish.

To‘g‘ri, bu ijodkorlar tijoriy nuqtayi nazardan eng mashhur san’atkorlar hisoblanmaydi. Biz ularni bilet sotish uchun emas, festival g‘oyasiga mos kelgani uchun taklif qilyapmiz.
Festival bundan keyin ham yosh ijodkorlarga qaratilgan loyiha bo‘lib qoladimi yoki keyinchalik katta headliner’lar ham qatnashadimi?
— Kelajakda har ikki yo‘nalishda ham rivojlanishimiz mumkin. Festival uch kunlik formatga o‘tish ehtimoli yo‘q emas. Bu safar soat 16:00 dan sayilgoh ish boshlaydi, konsert esa 19:00 da start oladi va 22:30 gacha davom etadi. Kelgusida yillarda festival yanada kattalashishi kutilyapti.
Reperlar yoshlar orasida juda mashhur. Ammo davlat tadbirlari yoki rasmiy uchrashuvlarda sizlarni kam ko‘ramiz. Bu haqda qanday fikrdasiz?
— Bizda bu borada hech qanday muammo yo‘q. Davlat tomonidan ham tadbirlar tashkil etilyapti, biz ham o‘z yo‘limizda harakat qilyapmiz. Chaqirishsa boramiz, albatta. Lekin asosiy tamoyilimiz — hech kimdan nimadir kutib o‘tirmaslik. Agar sharoit bo‘lmasa, o‘zimiz yaratamiz. Yo‘l bo‘lmasa, o‘zimiz topamiz.
Misol uchun, bizda hech kim albom yozmaydi. Lekin men shu kungacha 10 000 ta albom sotdim. O‘zimiz bot yaratdik, boshqa qildik, shu tariqa albom sotdik. Mana Mirshakar ham o‘zi “Sahna” stendap klubini tashkil qilib, maydon yaratdi. Viloyatlarda o‘tkazilgan “Vatan” tur konsertida infratuzilma yetishmasa, texnikani o‘zimiz olib bordik. Biz doim muammoni hal qilish yo‘lini qidiramiz.
Mukofotlar va unvonlarga munosabatingiz qanday?
— Mehnat qilsangiz, vaqti kelib mukofot ham olasiz. Men uchun ijodiy tanlovlar qiziqroq. Masalan, “Yil albomi” yoki “Yil konserti” kabi nominatsiyalar raqobat va ijodiy o‘sishni rag‘batlantiradi. Rasmiy unvonlarga qarshi emasman. Lekin shaxsan men uchun ularning qadri juda yuqori emas. Bor bo‘lsa yaxshi, bo‘lmasa ham ishimni davom ettiraveraman.
Yaqinda Shahlo O‘ktamova “Q.zlar” guruhidan chetlashtirildi. Bunday o‘zgarishga nima sabab bo‘ldi? Qolgan ikki nafar qiz ham mazkur festivalda ishtirok etadimi?
Abdulbosit Hamidboyev (MORF), YuzLabel prodyusseri: Bu savolni ko‘p berishyapti. Hozircha tarkib to‘liq shakllanmagani uchun ular festivalda qatnashmaydi. Bu oddiy ish jarayoni bilan bog‘liq holat. Kelajakda guruhga yangi ishtirokchi qo‘shish rejamiz ham bor. “Q.zlar” guruhi tarqab ketmagan, ular hozir vaqtincha tanaffusda.

Konsta: Bu oddiy ish jarayoni. Har qanday jamoada odamlar keladi-ketadi. Biz tinglovchilarning hissiyotlarini ham hisobga oldik. Shuning uchun hozircha shoshilmadik. “Q.zlar” uchun sahna yetarli. Jamoa to‘liq shakllanganda ular yana chiqish qiladi.
Abdulbosit Hamidboyev: Ko‘pchilik ular o‘zaro janjallashib qolgan, deb o‘ylayapti. Lekin bu asosiy sababmas. Ishda hamma bir-biri bilan do‘st bo‘lishi shart emas. Biz uchun asosiysi — mehnat, iste’dod va professionallik.
YUZ FEST
"Yunusobod" sport majmuasida reper Konsta va Markaziy Osiyoning yosh va yorqin ijodkorlari ishtirokida "YUZ FEST" konsert dasturi boʻlib oʻtadi.