Ultimate Tour: Massa, Mubinlolo, AbroBey, Doxxim, Asl Wayne va Minor ishtirokida konsert boʻlib oʻtadi

E’lon qilingan sana· 106
Ultimate Tour: Massa, Mubinlolo, AbroBey, Doxxim, Asl Wayne va Minor ishtirokida konsert boʻlib oʻtadi

O‘zbekistonning 8 ta shahrida reperlar Massa, Doxxim, Asl Wayne, Minor, AbroBey va Mubinlolo ishtirokida “Ultimate Tour” nomli yirik konsert turi bo‘lib o‘tadi.

Tashkilotchilarga ko‘ra, shou maxsus suratga olingan kinematografik intro-film bilan boshlanadi. Sahnada Massa, Mubinlolo, Minor, Doxxim va boshqalar o‘zlarining mashhur treklarini jonli ijro etadi, har bir shaharda esa tomoshabinlar uchun maxsus mehmonlar ham tayyorlangan. Asl Wayne Urganch va Toshkentda oʻtkaziladigan konsertda chiqish qiladi. AbroBey esa faqat Humo Arenada oʻz chiqishi bilan qatnashadi.

Konsert ishtirokchilarining aksariyati Massa tomonidan yo‘lga qo‘yilgan “Freestyle” loyihasida qatnashgan. Xususan, Massa va Mubinlolo hamkorligida yaratilgan “Qattu” hamda “Olov” treklari qisqa vaqt ichida tinglovchilar orasida ommalashgan.

Mubinlolo esa yaqinda o‘zining ilk singli “Bass qo‘sh” trekini va unga ishlangan klipni taqdim etdi. Yosh ijodkor qisqa vaqt ichida o‘ziga xos uslubi bilan rep muxlislari e’tiborini qozonishga ulgurdi.

Doxxim ko‘pchilikka 2019-yilda ommalashgan “Chiroyligim gulim” treki orqali tanilgan. Reper sevgi mavzusidagi qo‘shiqlardan tashqari o‘zbek repida kam uchraydigan tarixiy mavzularga ham murojaat qilib, “Po‘latxon qo‘zg‘aloni” va “Sharq Napoleoni” kabi treklarni taqdim etgan. Uning ijodida adabiyot va tarix alohida o‘rin tutadi — bunga “Leonardo da Vinci” va “Martin Iden” nomli albomlari ham misol bo‘la oladi. Afisha.uz avvalroq ijodkor bilan maxsus suhbat uyushtirib, uning faoliyati va ijodiy qarashlari haqida material tayyorlagan.

AbroBey esa so‘nggi yillarda o‘zbek hip-hop sahnasida tez ommalashgan ijodkorlardan biri hisoblanadi. Uning “Qimmat dunyo” va “Bolalik” treklari tinglovchilar orasida katta mashhurlikka erishib, chartlarning yuqori pog‘onalaridan joy olgan. Afisha.uz reper bilan suhbat uyushtirib, uning ijodiy yo‘li va faoliyati haqida maxsus material ham tayyorlagan.

Minor o‘zbek repining faol va tajribali vakillaridan biri sanaladi. U 2014-yildan buyon ijod qilib keladi va shu vaqt ichida yuzdan ortiq trek taqdim etgan. Afisha.uz'ning reper bilan uyushtirgan suhbatida u ijodiy yo‘li, o‘zbek repining bugungi holati va musiqaga bo‘lgan qarashlari haqida so‘zlab bergan.

Xorazm repining taniqli vakillaridan biri bo‘lgan Asl Wayne 2015-yildan buyon ijod qilib keladi. U xorazm shevasidagi treklari bilan keng auditoriyani shakllantirgan va “G‘animat” qo‘shig‘i orqali millionlab tinglovchilar e’tiborini qozongan. Massa bilan bir nechta hamkorlik qilgan ijodkorning treklari millionlab tinglovchilar tomonidan eshitilgan. Afisha.uz'ning “Hafta artisti” ruknida hamda Massa bilan o‘tkazilgan maxsus suhbatda uning ijodiy faoliyati, xorazmcha rep va kelajak rejalari haqida so‘z yuritilgan.

“Ultimate Tour” davomida muxlislarni nafaqat mashhur xitlar, balki yangi premyeralar, kutilmagan kollaboratsiyalar va maxsus sahna dasturlari ham kutmoqda.

Konsertlar uchun chiptalarni ushbu havola orqali xarid qilish mumkin.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling