Fotoreportaj: “Xorazm bulbuli” Og‘abek Sobirovning 2026-yilgi konserti qanday o‘tdi?

E’lon qilingan sana· 113
Fotoreportaj: “Xorazm bulbuli” Og‘abek Sobirovning 2026-yilgi konserti qanday o‘tdi?
Foto: Mirolim Isajonov

O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston xalq artisti Og‘abek Sobirov 8−9 sentyabr kunlari “Xalqlar do‘stligi” san’at saroyida navbatdagi yakkaxon konsertini taqdim etdi. Uch qismdan iborat dasturda jami 25 ta qo‘shiq kuylandi. Afisha.uz muxbiri jonli ijroda o‘tgan konsertdan reportaj tayyorladi.

“Xorazm bulbuli” deya e’tirof etiladigan Og‘abek Sobirovning konsertidan yangi qo‘shiqlar bilan birga, 30 yil avvalgi retro taronalarning yangi talqinlari ham o‘rin oldi. Xonanda konsertning asosiy urg‘usini jonli ijro va yangilikka qaratdi.

Uning aytishicha, konsertga tayyorgarlik jarayoni olti oy davom etgan. Dasturda qardosh xalqlar musiqasiga ham alohida o‘rin berildi: turkman, qoraqalpoq, ozarbayjon va turk tillarida qo‘shiqlar ijro etildi.

Konsert dasturidan uchta duet ham joy oldi. Ulardan biri O‘zbekiston, Turkmaniston va Qoraqalpog‘iston xalq artisti Ortiq Otajonovning to‘ng‘ich o‘g‘li Zokir Otajonov bilan, ikkinchisi xonandaning ukasi Anvar Sobirov bilan tayyorlangan. Uchinchi duet esa Og‘abek Sobirovning o‘g‘li Ibrohim Karim bilan kuylandi.

Konsertning vizual qismida raqslarga ham alohida e’tibor qaratildi. Xonandaning avvalgi konsertida ishtirok etgan raqqosalar Dilnoza Ortiqova va Dilorom Madrahimovalar bu yilgi dasturda ham o‘z chiqishlari bilan qatnashdi.

Dasturda xonandani qo‘llab-quvvatlash uchun xorazmlik ijodkor Rohila Ro‘zimova, qiziqchi Shukrullo Isroilov, aktyor Mehriddin Rahmatov kabi mashhur insonlar ham tashrif buyurdi.

“Konsert boshqa, to‘y boshqa”

Og‘abek Sobirov uchun jonli ijro kundalik faoliyatining bir qismi bo‘lsa-da, konsert sahnasidagi chiqish to‘y va boshqa tadbirlardan farq qiladi. Uning ta’kidlashicha, har bir muhitning o‘z talabi va repertuari bor.

U konsert sahnasini san’atkordan katta mas’uliyat talab qiladigan maydon sifatida baholaydi. Bu yerda nafaqat qo‘shiq tanlovi, balki so‘z, ijro va tomoshabinga ta’sir ham muhim.

“Konsertda hamma bor e’tiborini sizga qaratib o‘tiradi. Shuning uchun butun diqqatingizni bir joyga jamlab, noo‘rin so‘zlarni ishlatmasligingiz kerak. Sahna muqaddas, deb bekorga aytilmaydi”, — deydi Og‘abek Sobirov.

Xonandaning fikricha, konsert dasturida turli janrlarga ham o‘rin berish muhim. Sokin, klassik va mumtoz qo‘shiqlar, folklor, yalla va estrada taronalarining har birining o‘z muxlisi bor.

“Tomoshabinni yig‘latish ham kerak, kuldirish ham kerak. Klassik mumtoz qo‘shiqlarning ham o‘z o‘rni bor, folklor qo‘shiqlarning ham o‘z muxlisi bor. Janrma-janr har bo‘limda o‘ziga yarasha, chiroyli qilib o‘tkaziladi. Konsertning talabi shunaqa”, — deydi u.

Og‘abek Sobirov uchun konsert nafaqat yil davomida qilingan ijodiy ishlar hisoboti, balki muxlislar oldidagi imtihon hamdir. Uning aytishicha, san’atkor sahnaga o‘z mehnatining natijasini olib chiqadi va tomoshabin bahosini kutadi.

“Konsert — yil bo‘yi qilgan ijodingizning mahsulini muxlislarga havola etish, ularning kayfiyatiga kayfiyat ulashish va ruhiyatini ko‘tarish. Bizga chin dildan qarsak bo‘lsin. Mana shuning o‘zi yetarli. Boshqa narsa ikkinchi darajali”, — deydi Og‘abek Sobirov.

“Hamisha faxrlanaman”

Rohila Ro‘zimova, xonanda:

Og‘abek akamni nafaqat ustozim, balki akamdek hurmat qilaman. Ovozi va san’atini juda qadrlayman. O‘zbekiston davlat filarmoniyasining “Lazgi” ashula va raqs ansamblida qariyb 10 yil u kishining rahbarligi ostida ishladik. Shu davr ichida undan sahna odobi va o‘zini tutishni ham o‘rgandik.

Uning konsertlariga bir necha yildan beri kelib turaman. Bu yil ham ustozimning konsertiga albatta borishim kerak, degan istak bo‘ldi. U kishi yetuk san’atkor sifatida ijodida klassik, maqom, suvora, estrada va Vatan haqidagi qo‘shiqlarni mujassam etgan. Shuning uchun konsertdan yangiliklar kutyapman. Ustozimga omad va sog‘lik tilayman.

Anvar Sobirov, xonanda, Og‘abek Sobirovning ukasi:

Akam bilan hech qachon bemaslahat ish qilmaganmiz. Konsert kunini belgilashdan tortib, repertuar va tashkiliy ishlargacha o‘zaro maslahatlashamiz. Tashkiliy masalalarga ko‘proq men yordam beraman, shuning uchun tayyorgarlik jarayonining boshidan oxirigacha ichida bo‘laman. Bunday paytlarda akamning yonida turish men uchun faxr.

Bugungi konsertda yangi qo‘shig‘imizni ham premyera qilyapmiz. Bu qo‘shiqning g‘oyasi Og‘abek akamning o‘zidan chiqdi. “Yangi O‘zbekiston” deb nomlangan taronani yaxshi niyat bilan yaratdik. Kelajakda shu qo‘shiqni aka-uka bo‘lib katta sahnalarda, davlatimizning Mustaqillik va Navro‘z kabi bayramlarida ham kuylash nasib qilsin, degan niyatimiz bor.

Avval ham birgalikda xorazmcha qo‘shiqlar aytganmiz, lekin bu yurt haqidagi birinchi duetimiz. Shuning uchun juda xursandman.Qo‘shiqqa nisbatan xolis bahoni albatta, tinglovchilar beradi.

Ko‘proq suratlarni quyida tomosha qilish mumkin.

Mirolim Isajonov
Muallif va fotosuratchi
Mirolim Isajonov

“Popuri”dan “Lazgi”gacha: Og‘abek Sobirov konsertidan reportaj

O‘zbekiston xalq artisti Og‘abek Sobirov 14-15-iyun kunlari navbatdagi yakkaxon konsertini namoyish qildi. “Xalqlar do‘stligi” san’at saroyida bo‘lib o‘tgan dasturda yigirmadan ziyod qo‘shiq ijro etildi. Afisha.uz muxbirlari jonli ijrodagi konsertdan foto va video reportaj tayyorladi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling