Toshkentda inklyuziv san’at anjumani boʻlib oʻtadi

7−10 sentyabr kunlari Toshkentda ilk barcha uchun ochiq va barobar inklyuziv san’at anjumani boʻlib oʻtadi. 7-sentyabr kuni Toshkentdagi Xalqaro anjumanlar saroyi maydonida Rossiyadan inklyuziv san’at ekspertlari va O‘zbekiston ijtimoiy soha mutaxassislarini birlashtirgan xalqaro professional tadbirning ochilishi bo‘lib o‘tadi.
Anjuman dasturidan turli sohalarda inklyuziya masalalariga ixtisoslashgan yetakchi rossiyalik mutaxassislarning amaliy mashg‘ulot va mahorat darslari, rus va o‘zbek tillarida imo-ishora tili va tiflosharhlashdan foydalangan holda inklyuziv spektakllarning ochiq namoyishi, alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan kishilar haqidagi filmni tomosha va muhokama qilish o‘rin olgan.
Xususan, anjumanda inklyuziv san’at bo‘yicha 6 nafar ekspert o’z tajribalari bilan bo‘lishib, metodologiya va muvaffaqiyatli amaliyotlar bo‘yicha gapirib berishi ko‘zda tutilgan.
Forum tadbirlarida ishtirok etish uchun oldindan https://inclusive-uz.art sayti orqali roʻyxatdan oʻtish talab etiladi. Ishtirok etish bepul. Shuningdek, yuqoridagi saytda dasturlar va jadvallar haqida ko‘proq ma’lumot olish mumkin.
Ta’kidlanishicha, anjumanning ustuvor vazifasi imkoniyati cheklangan shaxslarga mo‘ljallangan san’at sohasidagi eng a’lo inklyuziv tajribalarni munozara qilish va to‘plangan bilimlarni yetkazishdan iborat.