Samarqandda O‘zbekistondagi noyob ko‘chmanchi hayvonlar ko‘rgazmasi ochildi

E’lon qilingan sana· 358
Samarqandda O‘zbekistondagi noyob ko‘chmanchi hayvonlar ko‘rgazmasi ochildi

13-fevral kuni Samarqandda, “Ipak yo‘li” xalqaro turizm va madaniy meros universiteti qoshidagi Art-rezidensiyada “Koʻchib yuruvchi noyob hayvonot olami” nomli rasmlar ko‘rgazmasi ochildi, deb xabar bermoqda Ekologiya vazirligi matbuot xizmati.

Ko‘rgazma Yovvoyi hayvonlarning ko‘chib yuruvchi turlarini saqlash bo‘yicha Konvensiya ishtirokchilari konferensiyasining 14-yig‘ilishiga (CMS COP14) bag‘ishlangan.

Tadbirda O‘zbekiston Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri Aziz Abduhakimov, Tojikiston Respublikasi hukumati huzuridagi atrof-muhitni muhofaza qilish qo‘mitasi raisi Bahodur Sheralizoda, BMT Bosh kotibi o‘rinbosari, BMT Atrof-muhit bo‘yicha dasturi (UNEP) ijrochi direktori Inger Andersen, Suvli-botqoqli yerlar boʻyicha Ramsar konvensiyasi Bosh kotibi doktor Musonda Mumba, rassomlar, talabalar, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

“Bu ko‘rgazma ko‘chib yuruvchi hayvonlar turlari aks etgan suratlardan iborat. Yosh va iqtidorli rassomlar bir oy davomida turli hayvonlar, qushlarni mahorat bilan aks ettirishgan, — dedi Aziz Abduhakimov. — Suratdagi har bir jonzot atrof-muhitni asrashda, bioxilma-xillikni saqlab qolishda muhim ahamiyatga ega. Maqsadimiz kelajak avlodda tabiatga, hayvonlarga mehr-muhabbat hissini uyg‘otish, ularda tabiatga daxldorlik hissini shakllantirishdir”.

Ko‘rgazmada 2024-yil yanvar oyida Ekologiya vazirligi, Badiiy akademiya va O‘zbekiston Davlat san’at muzeyi hamkorligida tashkil etilgan plener davomida chizilgan 40 nafar yosh rassomning 100 ga yaqin rasmlari namoyish qilindi.

Ko‘rgazma 29-fevralgacha mahalliy aholi va mehmonlar uchun ochiq bo‘ladi. Yakuniy natijalarga ko‘ra, eng yaxshi asarlar respublikada xizmat ko‘rsatgan artistlardan iborat vakolatli hakamlar hay’ati tomonidan tanlab olinadi va ularning mualliflari pul mukofotlari bilan taqdirlanadi.

Afisha.uz saytidagi ma‘lumotlarni ko‘paytirish, nusxalash, tarqatish va boshqa maqsadlarda foydalanish faqat tahririyatning yozma ruxsati bilan mumkin. Foydalanuvchi kelishuvi
Elektron OAV guvohnomasi №0400. Berilgan sanasi 13-avgust 2019-yil
Muassis: «Afisha Media» MChJ
Bosh muharrir: Sapayeva Galina Vyacheslavovna
Manzil: 100007, Toshkent, Parkent ko‘chasi, 26А / Pochta: info@afisha.uz
© 2005-2024 Afisha.uz
«Afisha Media» MChJ