"Qatlama" ko‘rgazmasi: an’ana tirik bilim sifatida

E’lon qilingan sana· 123
"Qatlama" ko‘rgazmasi: an’ana tirik bilim sifatida

Mahalla, uning urf-odatlari, asrlar davomida shakllangan odamlar oʻrtasidagi munosabatlar haqida mulohazalar.

10-may kuni Human House galereyasida Svetlana Astaxova kuratorligida “Qatlama” ko‘rgazmasining ochilishi bo‘lib o‘tdi.

Ko‘rgazmaning asosiy g‘oyasi an’anani eskirgan narsa sifatida qabul qilishdan voz kechishdan iborat. Bu yerda an’ana zamonaviylik bilan muloqot qila oladigan, qayta tushunish va o‘zgarishga qodir tirik bilimdir.

Kurator tomoshabinni quyidagilar haqida o‘ylab ko‘rishga undaydi:

  • An’analar zamonaviy san’atga qanday ta’sir ko‘rsatadi va madaniy manzarani qay tarzda shakllantiradi?
  • Rassomlar ularni o‘z asarlarining bir qismiga aylantirish orqali qanday qayta anglaydilar?
  • Tez o‘zgarayotgan dunyoda an’analarning asl mohiyatini yo‘qotmay turib, ularni qanday saqlab qolish mumkin?

Ko‘rgazma Svetlana Astaxovaning katta matolar ustiga chop etilgan bir qator fotosuratlari bilan boshlanadi. Bu — mahalla haqidagi mushohada. Mahalla shunchaki odamlar yashaydigan hudud emas, balki asrlar davomida shakllanib kelgan insonlar o‘rtasidagi munosabatlar tizimi hisoblanadi. Svetlana makon bilan mohirona ishlaydi: eski deraza romlari tomoshabinga mahalla aholisi nazar solayotgan darchalarga aylanadi. Chodir singari osilgan suratlar Chorsu bozorini va O‘zbekistonning tut terish an’anasini yodga soladi. Markaziy surat tomoshabinni nafaqat ko‘rgazmaga, balki an’ananing jonli olamiga kirishga taklif etadi.

Anvar Safayevning videoart asari O‘zbekiston SSR davridagi arxiv sovet reportajlaridan tuzilgan kollajdan iborat. Montaj, ovoz va kadr ortidagi so‘zlar tomoshabinda noaniq nostalgiya tuyg‘usini uyg‘otish bilan birga tanqidiy munosabatni ham keltirib chiqaradi. Sovet davrida modernizatsiya siyosati qanchalik ziddiyatli bo‘lgan edi?

Xurshid Xalilovning asarlari bizni an’anaviy o‘zbek hayotiga sho‘ng‘itadi: mahalladagi hovli, sozanda, choyxona kabi manzaralarni aks ettiradi. Bunda rassom avangardga yaqin uslubni qo‘llaydi — soddalashtirilgan shakllar, O‘zbekiston hunarmandchilik an’analariga xos bo‘lgan to‘yingan rang gammasi, ayniqsa ko‘k-yashil tuslar ustunlik qiladi. Uning asarlari sodda, ammo jozibali tasvirlar orqali milliy ruhni ifodalaydi.

Jama Odilov an’anaviy vaqt o‘tkazish shakli (gap) ga o‘zining kinoya va istehzoli qarashini namoyish etdi. U moviy dengiz haqidagi orzu va kundalik hayotning zerikarli voqeligi o‘rtasidagi tafovut orqali qahramonlarning ichki haqiqiy va tashqi xayoliy dunyolari orasidagi chegarani chizib berdi. Shu bilan birga, ularning his-tuyg‘ular bilan to‘lqinlanayotgan holatini ham mohirona tasvirladi.

Doniyor va Sharifa Sharafxo‘jayevlarning “Yengilmas to‘n” haykaltaroshlik turkumi milliy libosni yog‘ochda qayta talqin etishga bag‘ishlangan. Mualliflarning yondashuvi ramziy ma’noni saqlab qolgan holda, materialning o‘zi vaqt haqida so‘zlaydi: olov izlari, yoriqlar va hasharotlar har bir asarni xotira saqlovchisiga aylantiradi. Bu turkum orqali an’anaviy kiyimning zamonaviy talqini namoyon bo‘ladi.

Tamilla Sultonova “Behi tushlari” asarida behini O‘zbekistonning ramzi sifatida talqin etadi. Behi mintaqadagi eng qadimgi meva ekinlaridan biri hisoblanadi. Rassom o‘z asarini tasvirlab, g‘oyaning asosida yo‘lovchilar to‘xtaydigan daraxt haqidagi fikr yotganini aytadi. Bu daraxt yonida har bir yo‘lovchi o‘z hikoyasini so‘zlab beradi va shunday qilib, tushlardan iborat mozaika yaratiladi. Bu yagona makonda o‘zbek naqshlari va muhabbat qissalaridan tortib pop-madaniyat timsollarigacha bo‘lgan an’anaviy va zamonaviy motivlar o‘zaro chatishib ketgan.

L. Isyanovaning “Qaytish” asarida kashtachilik an’anaviy hunar sifatida emas, balki vizual kundalik vazifasini o‘taydi. Rassomning uyidan uzoqda ko‘rgan qaldirg‘ochlari unga ona yurti haqidagi o‘ylarni keltirar edi. Bu o‘zligiga, xotiralarga, ildizlarga, tasavvurlarga qaytish edi.

Laziza To‘laganovaning “Yo‘qolib borayotgan shahar qiyofasi” turkumi Toshkentning asl ko‘chalarini himoya qiluvchi vizual bayonot sifatida namoyon bo‘ladi. O‘ziga xos badiiy uslubda — sodda shakllar, to‘yingan va bir xil ranglardan foydalanib, rassom eski shahar muhitini aks ettirish va saqlab qolishga intiladi.

Lazizaning “Nimadir deydigan odamlar” asari allaqachon an’anaga qarshi. Rassom jamiyatda chuqur ildiz otgan va madaniy kodning bir qismiga aylangan qoralanish qo‘rquvini mavzu qilib ko‘taradi. Tasvirlarning quroq matosiga nazar solib, o‘z qo‘rquvlaringiz bilan yuzma-yuz kelishingiz va bu an’anaga ergashish kerakmi-yo‘qmi degan qarorga kelishingiz mumkin.

Ko‘rgazmani yosh rassom Anvar Choriqulovning asarlar turkumi yakunlaydi. Uning ishlari go‘yo tush tasvirlariga o‘xshaydi: suv ostidan yoki yomg‘irli kunda oyna orqali ko‘rilgandek xira. Ular beqarorlik hissini uyg‘otib, xotira va an’analarni idrok etish ham o‘zgaruvchan va ko‘p qatlamli ekanligini eslatadi.

“Qatlama” loyihasi aynan shu ko‘p qatlamlilikni anglashni taklif etadi. Bu o‘tmish va bugun o‘rtasidagi oddiy chiziqsimon bog‘liqlik emas, balki qatlamlar o‘rtasidagi muloqot sifatida: oilaviy xotiralar, madaniy meros, shaxsiy tajriba va badiiy nigoh o‘rtasidagi aloqa.

“Bu beqaror, yangi, zamonaviy dunyoda O‘zbekiston an’analari xuddi qatlamli qatlama kabidir. Har gal ular yangi ta’m bilan namoyon bo‘ladi,” — dedi kurator Svetlana Astaxova ochilish marosimida. — Ushbu loyihadagi an’analar “eskilik” yoki zamonaviylikning ziddi emas, balki muloqotga qodir jonli bilim shakli sifatida ko‘rinadi. Biroq men o‘z tomonimdan shuni qo‘shmoqchimanki, bu har doim ham muloqot va moslashuv emas, ba’zan bu bahs-munozara, yangi shaklni kasb etish uchun ba’zan og‘riqli qarshilik ko‘rsatishdir".

Anna Frolkina
Muallif
Anna Frolkina
Fotosuratchi: Анастасия Кравченко
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling