“Bahori Mavlono” koʻrgazmasi

Kamoliddin Behzod nomidagi Sharq miniatyura san’ati muzeyida Eronlik mashhur rassom, illyuminator va xattot Hasan Mohammadiyning shaxsiy ko‘rgazmasi tantanali ravishda ochildi.
Ko‘rgazma davomida tashrif buyuruvchilar miniatyura va xattotlik san’atining nodir namunalaridan bahramand bo‘lishlari mumkin.
Hasan Mohammadiy 1983-yil Xefshajan shahrida tug‘ilgan. Tehron Fan va madaniyat universitetida tasviriy san’at, keyinchalik Sureh universitetida xattotlik va kitobat san’ati bo‘yicha tahsil olgan. 2015-yildan buyon u Eron kitobat san’ati institutiga rahbarlik qilib kelmoqda.
Ko‘rgazmada ijodkorning “Bahori Mavlono” muraqqa-albomi uchun yaratilgan 22 ta illyuminatsiya, shuningdek, u va shogirdlari tomonidan ishlangan 7 ta mustaqil asar va bir nechta muraqqalar namoyish etilgan. Asarlar Safaviylar davri oxiriga xos “gul-u-murg‘” uslubida yaratilgan bo‘lib, Rumiyning bahoriy she’riyati va tabiat uyg‘onishidan ilhomlangan.

Kirish bepul.