Dohada “O‘zbekiston: harakatdagi meros” ko‘rgazmasi ochildi. Foto

3-sentabr kuni Dohadagi Islom san’ati muzeyida “Uzbekistan: Heritage in Motion” (“O‘zbekiston: Harakatdagi meros”) yirik ko‘rgazmasi ochildi. O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi Qatar muzeyi bilan hamkorlikda tashkil etgan loyiha 28-noyabrgacha davom etadi.


Dohaga O‘zbekistonning yettita yirik muzeyidan 36 ta noyob artefakt va kolleksiya olib borildi. Eksponatlar orasida Afrosiyobning mashhur devoriy tasvirlari, “Katta Langar” Qur’oni, Sharqshunoslik instituti fondidagi noyob qo‘lyozmalar, nafis Buxoro keramikasi, an’anaviy zargarlik buyumlari, hashamatli ipak matolar va XIX-XX asrlarga oid milliy liboslar bor.

- Mintaqaning qadimgi tarixi — islomgacha bo‘lgan davrda sivilizatsiyalar chorrahasi haqida;
- Me’moriy meros — islom uyg‘onishiga zamin yaratgan Somoniylar va Temuriylar davrining ulkan bunyodkorlik an’analarini o‘rganadi;
- Intellektual yutuqlar — Markaziy Osiyodan yetishib chiqqan buyuk olimlar va islom olami mutafakkirlari haqida hikoya qiladi;
- An’anaviy hunarmandchilik — kulolchilik, zargarlik va mashhur to‘qimachilik sanoatining rivojiga bag‘ishlangan yirik bo‘lim.

Loyihaning asosiy g‘oyasi — O‘zbekistonning tarixiy merosi asrlar qa’rida qotib qolmaganini, balki zamonaviy madaniyat, hunarmandchilik va an’analarda ham yashashda davom etayotganini ko‘rsatish.
Avvalroq Afisha.uz O‘zbekistonlik ijodkorlar Venetsiyadagi Homo Faber ko‘rgazmasida ushbu mavzuni qanday yoritayotgani haqida yozgandi.
Loyiha muzey zallari bilan cheklanmaydi: tashrif buyuruvchilarni ma’ruzalar, hunarmandchilikning jonli namoyishlari hamda abr va ipak ishlab chiqarish texnologiyalariga bag‘ishlangan taqdimotlardan iborat keng ta’lim dasturi kutadi.

Tadbirlarning muhim qismi o‘zbekistonlik rassom Davlat Toshevning art-rezidensiyasi bo‘ladi. U 3−16-sentabr kunlari mahalliy ustalar va muzey mehmonlari uchun sharq miniatyurasi san’ati hamda suvda rasm chizishning an’anaviy “Abr-u Bahor” texnikasi bo‘yicha bir qator mahorat darslarini o‘tkazadi. Ishtirok etish uchun oldindan ro‘yxatdan o‘tish talab etiladi.