Sizda qaysi biri bor? Trenddagi ayollar oyoq kiyimlari va ularning nomlari

Zamonaviy kiyinish — bu urfga kirgan kiyimlarni kiyish bilan cheklanmaydi. Moda takrorlanishi mumkin, ammo sizning shaxsiy uslubingiz faqat sizga xos bo‘ladi. Mukammal obraz esa aksessuarlar va, eng asosiysi, to‘g‘ri tanlangan oyoq kiyimsiz to‘liq bo‘la olmaydi. Shunday ekan, har qadamda uchrashi mumkin bo‘lgan oyoq kiyimlar orqali ham takrorlanmas, qulay va o‘ziga xos ko‘rinish yaratish mumkin. Quyida sizga bahor-yoz fasllari uchun eng mos oyoq kiyimlar va ularning nomlarini taqdim etamiz.
Myuli (Mule)
Myuli — orqasi ochiq, tamasiz tuflilar bo‘lib, ayniqsa bahor-yoz fasllarining almashuvi davrida eng maqbul tanlovlardan biri hisoblanadi. Har xil shakl va poshna balandligidagi variantlari mavjudligi tufayli ularni istalgan obraz va uslubga moslashtirish oson. Myulilar o‘zining ixcham va nafis dizayni bilan kundalik hayotda universal poyabzalga aylangan: ularni ishga ham, to‘yga ham, sayrga ham kiyish mumkin. Minimalistik modellar, toshlar, naqshlar yoki metall (tilla va kumush rangli) detallarga ega jozibali variantlar mavjud. Ular nafaqat chiroyli, balki nihoyatda qulay ham. Shu bois myulilar ayni damda eng trenddagi va ko‘p funksiyali poyabzallardan biri hisoblanadi.
Baletka (Ballet Flats)
Baletkalar — har doim noziklik va qulaylik ramzi bo‘lib kelgan. Modadagi o‘zgarishlarga qaramay, ular har mavsum yangicha talqinda qaytadi — bu yil ham bundan mustasno emas.
Endilikda faqat klassik uslubdagilari emas, balki to‘rli va to‘qilgan, havo o‘tkazuvchi modellar ham trendda. Yozgi jaziramalarda aynan shu turdagi baletkalar eng maqbul tanlov hisoblanadi. To‘piqdan yuqoriga ko‘tarilgan bog‘ichli modellari obrazga noziklik va zamonaviylik baxsh etadi.
Baletkalar har qanday uslubga moslasha oladigan universal poyabzal bo‘lib qolmoqda. Bu yil hatto punk uslubidagi baletkalar ham ommalashmoqda. Tanlov sizning didingizga bog‘liq!
Meri Jeyn (Mary Jane)
Uzoq yillik tarixga ega Meri Jeyn tuflilari 2025-yil bahor-yoz mavsumida ham mashhurligini yo‘qotmagan. Klassik yopiq shakli va tasmali dizayni bu modelni qulaylik va o‘ziga xoslikni qadrlovchi ayollar uchun ideal tanlovga aylantiradi. Bu yil ular ikki tasmali nafis variantlardan tortib, ko‘p tasmali va yorqin ko‘rinishlargacha mavjud. Ayniqsa metall rangli — kumush, oltin va bronza tusidagi yaltiroq modellar diqqat markazida. Meri Jeynlar — bu nafaqat nafislik, balki o‘z uslubini dadil ifodalashga tayyor ayollar timsoli.
Slingbek (Slingback)
2025-yil bahor-yoz mavsumida slingbek tuflilari yana trendda. Orqa qismi ochiq, poshnali bu model nafislik va qulaylikni birlashtirgan. Ular klassik ko‘rinishda emas, balki zamonaviy detallar bilan boyitilgan: shaffof tasmalar yoki butunlay shaffof tuzilma — oyoqni vizual cho‘zib, obrazga havodorlik baxsh etadi. Ilon terisi naqshli slingbeklar esa murakkab printi bilan obrazga xarakter qo‘shadi. Ular klassik va zamonaviy uslubni birlashtirishni istaganlar uchun ayni muddao. Slingbeklar har xil poshna balandligida taqdim etilmoqda — ofis, ko‘cha yoki tadbirlar uchun bemalol mos.
Sandallar (Sandals)
Yozgi mavsum sandallarsiz tasavvur etib bo‘lmaydi. 2025-yilda ular nafislik va qulaylik uyg‘unligida taqdim etilmoqda. Bosh barmoqqa urg‘u berilgan modellar zamonaviy dekorlar bilan bezatilgan. Platformali sandallar esa balandlik va qulaylikni birlashtirib, yorqin obrazlar yaratishga xizmat qiladi.
Minimalistik sandallar — har qanday kiyim bilan uyg‘unlasha oladigan universal variant. Yassi sandallar qalin tasmalar va rangli munchoqlar bilan bezatilib, obrazga yorqinlik qo‘shadi. Past poshnali (kitten heel) modellar nafislikni qulaylik bilan uyg‘unlashtiradi. Tabiiylikni qadrlovchilar uchun ipli va arqonli sandallar rimcha estetikada yaratilgan bo‘lib, boho kayfiyatini yaratadi. O‘z uslubingizga mos modelni topishingizga shubha yo‘q.
