Toshkentda Milliy Brend tanlovining finali bo‘lib o‘tdi: kim g‘olib bo‘ldi?

E’lon qilingan sana· 4
Toshkentda Milliy Brend tanlovining finali bo‘lib o‘tdi: kim g‘olib bo‘ldi?

Tanlovning bosh sovrini 20 million so‘mni tashkil etdi. G‘olib ushbu mablag‘ni xorijdagi moda haftaligida ishtirok etish uchun yo‘naltirishi mumkin.

25-avgust kuni Farovon Hotel Tashkent’da yosh dizaynerlar o‘rtasidagi Milliy Brend tanlovining finali bo‘lib o‘tdi. Kechqurun mehmonxonada dizaynerlar, moda industriyasi vakillari, blogerlar, inflyuenserlar va tanlov mehmonlari jamlandi.

Bu yil tashkilotchilarga 50 dan ortiq ariza kelib tushgan va ulardan to‘qqiz nafar ishtirokchi finalga yo‘l olgan. Tanlovni Oʻzbekligim — Oʻzligim harakati, Dizaynerlar klubi va Samans prd kreativ prodyushni tashkil etdi.

Kechaning asosiy qismi finalchilar kolleksiyalari namoyishi bo‘ldi. Har bir ishtirokchi rang, siluet, material va milliy elementlardan foydalanishda o‘z yondashuvini namoyish etdi.

Cherry MX bordo ranglardagi atlas naqshlariga urg‘u berib, ularni qora rang va hajmli keng yubkalar bilan uyg‘unlashtirdi. Obrazlar parda detallarini eslatuvchi popuklar bilan to‘ldirilgan. Kolleksiyada bej va qum rangidagi matolar ham bor edi. Cherry MX o‘z ishlarini mahalliy namoyishlarda avval ham taqdim etgan. Uning kolleksiyalari yorqin va noodatiy rang uyg‘unliklariga bo‘lgan qiziqishi bilan ajralib turadi.

Cebil Ipagim kolleksiyasini charm, ipak va hajmli shishirilgan materiallar asosida yaratdi. Ayrim obrazlarda bunday fakturalar kurtkalarni eslatgan, gullarga o‘xshash detallar esa ularga yumshoqlik bergan. Ranglar palitrasida oq, bej, ko‘k va bordo tuslari bo‘lgan. Podiumda shimli kostyumlar va ko‘ylaklar namoyish etildi.

Makhira kolleksiyasida qaymoqrang va och pista ranglari ustunlik qildi. Dizayner turli uzunlik va siluetdagi badaniga yopishib turadigan ko‘ylaklarni taqdim etdi. Obrazlarda turli kesimlar va oq shleyflar ham ishlatilgan.

Regina Raximberdiyeva havorang, och pushti, kulrang va jigarrang ranglarni tanladi. Kolleksiyada uzun ko‘ylaklar, jumladan, baskali modellar ham bor edi. Obrazlarda hozirgi zamonaviy ayollar kiyimlarida tez-tez uchraydigan detallar ham qo‘llangan.

Gulizakh atlasni tasma ko‘rinishida ishlatib, kolleksiyani qizil, xantal, sutrang va och pushti ranglar uyg‘unligi asosida yaratdi. Dizayner erkinroq kiyimlarga urg‘u berdi: podiumda shortilar, bermuda shimlar va yubkalar namoyish etildi.

Kipchokov milliy va tarixiy motivlarga murojaat qildi. Kolleksiyada baskalarda ishlatilgan yo‘lbars va yuz tasvirlari tushirilgan o‘zbek naqshi paydo bo‘ldi. Asosiy ranglar yashil va ko‘k bo‘lib, ayrim kiyimlarning tuslari eski 200 so‘mlik kupyuralarni eslatdi. Dizayner tarixiy binolarga kirish qismlarini eslatuvchi plashlarni ham namoyish etdi. Ayrim obrazlarning yenglarida ham banknotga ishora qiluvchi detal qo‘llangan.

Miras by Banu yorqin pushti, qora, yashil, qaymoqrang va osmonrang tuslar bilan ishladi. Milliy elementlar oltin iplar bilan chegaralangan dekorativ naqshlar shaklida berildi.

Banume kolleksiyasining barchasi oq va qizil ranglar asosida yaratilgan. Dizayner uzun, baxmal va polgacha tushadigan, oqib turuvchi siluetdagi ko‘ylaklarni namoyish etdi. Obrazlar oltinrang strazlar bilan bezatilgan bo‘lib, ulardan milliy naqshlar hosil qilingan.

Dilovar Collection kechaning eng gotik kolleksiyasini taqdim etdi. Dizayner qora rang, atlas naqshlari, charm va mo‘ynadan foydalangan. Namoyishda charm shimlar, mo‘ynali po‘stinlar, bosh kiyimlar va sharflar bo‘lgan. Kolleksiya turli fakturalar va qora rangning ko‘pligi hisobiga dadil va yorqin ko‘rinishga ega bo‘lgan.

Kolleksiyalarni hakamlar hay’ati baholadi. Uning tarkibiga jamoat arbobi Anjelika Ogay, Lazizar asoschisi Laziza Nazarova, Materia Fashion Store va Pari Zaman brendi asoschisi Parvina Xalmurzayeva, Stone City brendi va Zanmakon makoni asoschisi Elnora Rizayeva, Dilnoz brendi asoschisi Dilnoz Erkinova hamda Oʻzbekligim — Oʻzligim NNT rahbari Mohira Sultonova kirdi.

Final yakunlariga ko‘ra, birinchi o‘rinni Kipchokov, ikkinchi o‘rinni Gulizakh, uchinchi o‘rinni esa Regina Raximberdiyeva egalladi. Tanlovning bosh sovrini 20 million so‘mni tashkil etdi. G‘olib ushbu mablag‘ni xorijdagi moda haftaligida ishtirok etish uchun yo‘naltirishi mumkin.

Avvalroq Afisha Toshkentda 21-avgust kuni bo‘lib o‘tgan Next Designer Award finali haqida yozgan edi. Unda ishtirok etish uchun qariyb 700 nafar yosh dizayner ariza topshirgan.

Laylo Alimova
Muallif
Laylo Alimova
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling