«Bugungi mavzu»: Talabalar haqidagi ilk web-serial taqdimoti qanday oʻtdi

«Universitetda boʻlish oson emas, ammo boʻlmaslik undan ham qiyin» shiori ostida taqdim etilgan yangi «Bugungi mavzu» seriali talaba yoshlarni qiynab kelayotgan bir qator aktual muammolar, real voqea va hodisalarni ochib bergan.
6-may kuni Toshkentda joylashgan Yulduz Cinema kinoteatrida Ziyo forum — ilm-fan va taʼlim-tarbiyani rivojlantirish fondi GMD Production bilan hamkorlikda Oʻzbekiston talabalari hayotiga bagʻishlangan “Bugungi mavzu” nomli web-serialning yopiq taqdimoti boʻlib oʻtdi. Qizil yoʻlakchadan serial ijodkorkorlari, aktyorlar, taniqli bloger va jamoat faollari oʻtib, tadbirni ochib berdi.
Serial birinchi qismining taqdimotidan avval, barchani furshet va suratga tushish uchun maxsus fotozona kutardi. Bularning bariga orkestr jamoasining kuylari hamrohlik qilib, tadbirga oʻzgacha bayramona kayfiyat ulashdi.
Premyera kuni tashrif buyuruvchilarning aksariyat qismi aynan oliy ta’lim muassasalari talabalari edi. Tadbir muhiti yoshlarga xos kayfiyatda oʻtkazilishi — tashkilotchilarning maqsadi boʻlganligi yaqqol namoyon bo’lib turibdi.
Taqdimotni taniqli boshlovchi, bloger va stand-up komik Mirshakar Fayzulloyev va uning hamkasbi Islom Karimov ochib berdi. Tomoshabinlarga yuqori kayfiyat ulashish maqsadida stand-up dasturlari ijodkorlari — Navroʻz Hikmatov va Abdurahim Mansurovlar oʻz hazillari bilan chiqish qilib, tadbirni davom ettirdi.
“Bugungi mavzu” seriali — talabalar orasida uchrayotgan aktual mavzular, ijtimoiy muammolar va yoshlarga oid turli vaziyatlarni ochib bergan. Ijodkorlarning soʻzlariga koʻra, har bir seriya ma’lum bir talaba yoshning hikoyasiga bagʻishlanadi.
“Biz universitet bilan bogʻliq va umuman olganda koʻpgina yoshlarni qiynayotgan ijtimoiy muammolarni maksimal darajada ochib berishga harakat qildik. Istardimki, mazkur serialni tomosha qilayotgan har bir tomoshabin, insoniylik va mehr — bizni qutqaradigan va bizni inson qiladigan hislatlar ekanligini yanada yaxshiroq anglasin. Har bir personaj oʻziga xos rang gammasiga ega, ularning har biri oʻz uslubida suratga olingan va bu albatta operatorlik ishimizni baholashingiz uchun zamin yaratadi” — deydi gʻoya muallifi va loyihaning kreativ prodyusseri Sadoqat Sultonmurodova.
“Mazkur serialimizda „shunchaki kino“ deya oʻylab topilgan mavzular emas, aynan talabalarning hozirgi kundagi qiynayotgan muammolar yoritib berilgan, shu sababli serialni „Bugungi mavzu“ deb nomladik. Bizning serial qaysidir ma’noda ushbu muammolarning yechimi ham boʻlishi, yoki yechimini paydo boʻlishiga turtki boʻlishi mumkin”, — deydi Olimjon Хaitmuhamedov, Ziyo Forum — ta’lim-tarbiyani rivojlantirish fondi direktori oʻrinbosari va serial prodyusseri.
Olimjon Хaitmuhamedov ta’kidlashicha, serialni tomosha qilayotgan har bir tomoshabin, albatta bu real hayotdagi voqea ekanligini bilishi va his qilishi kerak.
“Serial nomi haqida uzoq oʻyladik. Loyiha ustida katta jamoa ishladi va biz har bir dars, ma’ruza va hokazolar aynan „bugungi mavzu“ jumlasidan boshlanishini esladik. Serial talabalarga bagʻishlangan. Unda biz talabalar hayoti, ular duch keladigan muammolar, gʻalabalar mavzularini koʻtarib chiqqanmiz. Serial maqsadi — uni koʻradigan har bir yosh avlod eng avvalo harakat va oʻz ustida ishlash bu hayotning asosiy mezoni ekanligini anglab yetishi deb bildik”, — deydi Ziyo Forum — ta’lim-tarbiyani rivojlantirish fondi direktori Bobur Farmanov.
Fond rahbarining ta’kidlashiga koʻra, bu turdagi, ya’ni yoshlar va ayniqsa talabalarga bagʻishlangan web-seriallar ayni damda oʻzbek tomoshabinlari uchun yangilik.
“Suratga olish ishlari sifatli oʻtishi, har bir kadr toʻlaqonli chiroyli va vizual jihatdan yoqimli boʻlishi uchun koʻpgina mutaxassislarni jalb qildik”, — deydi Bobur Farmanov.
Uning qoʻshimcha qilishicha, “Bugungi mavzu” serialida talabalik paytida har xil mayda muammo va masalalarga emas, aksincha oʻzini turli sohalarda sinab koʻrish va yangi qirralarni ochish uchun zamin yaratuvchi eng muhim davrlardan biri ekanligiga ham urgʻu berilgan.
Serial qismlari “Imtihon”, “Qismat”, “Sevgi”, “Mehr”, “Qadriyat”, “Soxta maqsad” singari tushunchalarini oʻzida mujassam etib, shu tariqa nomlangan.
Serial birinchi qismining taqdimotidan soʻng, uning ijodkorlari bilan birgalikda matbuot anjumani ham boʻlib oʻtdi. Unda tomoshabinlar, OAV xodimlari va blogerlar ishtirok etib, oʻz fikr-mulohazalarini bildirishdi.
“Bizning hayotimizda roʻy berayotgan voqealarni yaqqol koʻrsatib berishdan qoʻrqmagan ajoyib serial chiqibdi” — deydi Texnoplov kanali asoschisi Fariz Abduraimov.
Serial syujeti hozirgi vaqtda talabalar orasida roʻy berayotgan real hodisalardan ilhomlanib yaratilgani yana alohida ta’kidlanib oʻtildi. Unda shilqimlik va tegajoqlik (xarrasment), zoʻravonlik, oʻzaro munosabatlar, doʻstlik va boshqa bir qancha tushunchalar ochib berilgan.
“Bizda serial industriyasining yangi toʻlqini boshlanmoqda. Bu narsadan shaxsan men juda xursandman” — dedi Abdullajon Yusupov, bloger.
Serial YouTube tarmogʻidagi “Bugungi mavzu” kanalida har shanba kuni soat 20:00 da namoyish etiladi.
Telefon: (+998) 97−195−2535.
Manzil: Universitet koʻchasi, 12-uy.
YouTube: bugungimavzu
Sayt: ziyoforum.uz
Facebook:fb.com/ZiyoForum
Instagram: @Ziyo_Forum
Telegram: t.me/ZiyoForum_uz
Reklama huquqlari asosida.