Yandex Go Oʻzbekistonda anʼanaviy naqshlar loyihasini ishga tushirdi
E’lon qilingan sana: · 673

6-iyun kuni Yandex Go xizmati Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat va Turizm vazirligi koʻmagida “Anʼanalarga eʼtibor” loyihasini ishga tushirdi. Xizmat mamlakat aholisi va mehmonlarini qadimiy naqshlar, ularning tarixi va ramzlari bilan tanishtiradi.
Anʼanaviy naqshlar Oʻzbekiston tarixi va madaniyatining muhim qismidir. TBC Ornaments tadqiqot guruhi bilan birgalikda kompaniya oʻnta rang-barang naqshni tanladi — endilikda Xrizantema, Anorgulin, Rafida va boshqa bezaklarni Yandex Go xizmatidagi buyurtma orqali kelgan avtomobillarda koʻrish mumkin.
“Oʻzbekiston madaniyati betakror va serqirradir. Koʻp asrlik merosni asrab-avaylash yoʻllaridan biri zamonaviy kontekstda anʼanaviy naqsh va ramzlarni mujassamlashtirishdir. Biz shahar koʻchalarida yuzlab mashinalarda qatnovchi odamlar ularni tanishi uchun Oʻzbekistonning turli viloyatlaridan naqshlarni tanladik. Oʻzbekistonda turizm ham faol rivojlanmoqda va bizning loyihamiz mamlakatning diqqatga sazovor joylariga koʻproq sayohatchilarni jalb qilishga yordam beradi, deb oʻylaymiz”, — dedi Mirzohid Solihov, Yandex Go`ning hududiy menejeri.
“Oʻzbekistonning boy madaniy merosini asrab-avaylash vazirlik faoliyatida ustuvor ahamiyatga ega boʻlgan muhim mavzudir. Yandex Go kompaniyasi butun mamlakat boʻylab milliy madaniyatni qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan bunday yirik loyihani amalga oshirayotganidan mamnunmiz,” — deyiladi Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat va Turizm vazirligi matbuot xizmati xabarida.
“Oʻzbek bezaklari juda yorqin va goʻzal. Lekin biz nafaqat yoqimli, balki foydali loyihani ham amalga oshirishni xohladik. Shuning uchun 300 dan ortiq raqamli anʼanaviy naqshlarga ega boʻlgan oson va qulay veb-saytni yaratdik. Shu kunlarda jamoamiz yanada koʻproq bezaklarni topish va aks ettirish uchun navbatdagi ekspeditsiyaga joʻnab ketmoqda. Eng muhimi, raqamlashtirilgan bezaklar keng qoʻllaniladi. Oʻz tashabbusi bilan nafaqat loyihani rivojlantirishga, balki butun Oʻzbekistonning anʼanaviy madaniyatini ommalashtirishga koʻmaklashayotgan Yandex Go jamoasiga ham rahmat”, — Sardor Babayev, TBC Ornaments loyihasi kuratori.
Foydalanuvchilar ilovada va loyiha veb-saytida naqshlarning maʼnolari haqida koʻproq maʼlumot olishlari, shuningdek, xizmat mavjud boʻlgan shaharlar boʻylab sayohat qilish orqali ularni jonli ravishda oʻrganishlari mumkin boʻladi. Buning uchun loyiha jamoasi onlayn gidlarni yaratdi — ular tez orada saytda paydo boʻladi.
Shu tariqa, binolarning fasadi va intereri yogʻoch hamda ganch oʻymakorlik, rasmlar bilan bezatilgan Toshkentdagi Hazrati Imom ansambliga tashrif buyurish mumkin. Buxoroda esa mashhur buxorolik ustalar tomonidan bezatilgan Fayzulla Xoʻjayev uy-muzeyining intererini oʻz koʻzlaringiz bilan koʻrish mumkin bo’ladi.
Loyihada jami 300 ta avtomashina xizmat koʻrsatayotgan yetti shahar: Toshkent, Samarqand, Buxoro, Andijon, Qoʻqon, Margʻilon, Namangan ishtirok etadi.