Meʼmorchilikda ayollar: Ular yaratgan 3 ta dongdor loyiha

Italyan masonlar lojasining bosh qarorgohi, butunlay burma va egilmalardan tarkib topgan bino, birorta devori yoʻq oʻquv markazi – bugun ayollar yaratgan hayratomuz loyihalar haqida so'z yuritamiz.
Bugungi kunga kelib arxitekturada ayollarni koʻp uchratish mumkin. Ular tenderlarda gʻolib boʻladilar, tanlovlarni yutadilar va eʼtirof etilgan ekspert sifatida qatnashadilar. Chunonchi, III ME’MOR//2023 arxitektura koʻrik-tanlovi hayʼatining tarkibiga yaqin xorij mamlakatlaridan uch nafar ayol arxitektor kirgan. Tanlovning mukofot jamgʻarmasi va imkoniyatlari haqida maqolaning soʻngida oʻqing.
Benedetta villasi, Rim: qanday qilib xizmatlar erkak nomiga yozildi?
1663-yilda “ayol-arxitektor” anchayin gʻayritabiiy eshitilardi, u paytda hali hech kim feminizm va gender tenglik haqida eshitmagandi. Va yosh Plautilla Brichchi aynan oʻsha paytda yashab o’tgan. Qiz rassomchilik bilan shugʻullanardi, lekin bir kun shunchaki rasm chizishni istamasligini anglab yetdi. U oʻzi bunyod etadigan binolar rasmlarini chizishni istardi. Shu tariqa, dunyo tarixida birinchi ayol arxitektor paydo boʻldi.
Benedetta villasining loyihasi. Foto www.kulturologia.ru saytidan
Brichchining eng yorqin loyihasi Benedetta villasi boʻlgan. Arxitektorning gʻoyasiga koʻra, villa barokko uslubidagi, mayin qayrilgan devorlar, lodjiyalar va ganchkorlikka ega kema koʻrinishida bajarilgan. Interyerni obdon bezagan freskalarni Brichchining oʻzi chizgan. Afsuski, Benedetta villasining koʻp qismi saqlanib qolmagan. XIX asrdayoq fransuzlar bu sanʼat asarini vayron qilganlar. Oʻtmishdagi ulugʻvorlik qoldiqlari — uch qavatli ixcham bino bugun Italiya masonlik lojasining milliy bosh qarorgohi sanaladi.
Bugungacha saqlanib qolgan villa qoldiqlari. Foto www.kulturologia.ru saytidan
Qiziqarli fakt: Plautilla Brichchi loyiha arxitektori boʻlgan bo’lsa-da, Benedettaning oʻzi 1677-yilda dizayn muallifi sifatida qizning akasini koʻrsatgan. Bu oʻsha paytlardagi ijtimoiy meʼyorlar va ayollarning roli masalasi bilan bog’liq bo’lgan.
Haydar Aliyev madaniyat markazi, Boku: qurilish uchun maydonni tekislash shart emas
Bokudagi Haydar Aliyev madaniyat markazini tasavvurni hayratga soladigan loyiha deb qoʻrqmay aytish mumkin. Uning ustida Zaha Hadid — Prittsker mukofotiga sazovor boʻlgan dunyodagi ilk ayol-arxitektor ishlagan. Loyihaning oʻzi esa, Britaniya dizayn muzeyi “Yil dizayni” mukofotini olgan.
Haydar Aliyev madaniyat markazi. Foto © Hufton+Crow
2012-yilda yaratilgan madaniyat markazi barcha aholi va sayyohlarni oʻziga jalb qiladigan maskanga aylandi, chizgilarning mayinligi, murakkab shakllar, burma hamda egilmalar ko’pchilikni hayratga soladi. Loyihani yaratar ekan, Zaha maydonni tekislashdan voz kechdi, buning oʻrniga joydagi barcha past-balandliklarni betakror bino bunyod etish uchun qoʻlladi va amalda uni landshaftga uygʻunlashtirib yubordi.
Haydar Aliyev madaniyat markazi. Foto: Iwan Baan
Rolex oʻquv markazi, Lozanna: yurak urishimi yoki pishloq boʻlagi?
Yana bir hayratlanarli arxitektura loyihasi — Lozannadagi Federal siyosiy maktabning Rolex oʻquv markazi hisoblanadi. Uning ustida koʻplab arxitektorlar, jumladan Kadzuyo Sedzima ishlagan.
Rolex oʻquv markazi. Foto Mimarin Sesi
Futuristik dizayn koʻplab talqinlarni yuzaga keltiradi. Kimdir loyihada joʻshqinlikni, toʻlqinlanish, hatto yurak urishini koʻradi. Boshqalar esa, bir boʻlak Shveytsariya pishlogʻiga oʻxshatadilar. E’tibor berilsa, haqiqatdan ham 20 ming kvadrat metrli “ixcham"gina pishloq boʻlagiga juda o’xshaydi.
Tashqi koʻrinishidan tashqari, binoning ichki koʻrinishi ham eʼtirofga loyiq. Bu yerda hammasi hayratlanarli darajada noodatiy. Binoda birorta toʻsiq yoʻq. Holbuki, bu yerda oʻquv markazi uchun zarur barcha narsa: sinflar, kutubxona, qahvaxona va hatto, talabalar uchun dam olish joylarigacha muhayyo. Ta’kidlanishicha toʻgʻri loyihalashtirish va zamonaviy materiallarni qoʻllash orqali shunday natijaga erishilgan. Masalan, pol qoplamasi sifatida shovqinni yutuvchi materialdan foydalanilgan, u binodagilarga oʻzini erkin tutish va qush bozoriga tushib qolgandek his qilmaslik imkonini beradi.
ME’MOR//2023 — bu arxitektorlar, landshaft va interer dizaynerlari, talabalar va jurnalistlar uchun oʻzlari haqida eʼlon qilish, shuningdek pul mukofotini yutib olish imkoniyatidir.
Mazkur ochiq koʻrik-tanlov meʼmorlar, interyer va landshaft dizaynerlari uchun meʼmorchilik va shaharsozlik sohasida Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari tomonidan yaratilgan eng yaxshi asarlarni ragʻbatlantirish maqsadida tashkil etilmoqda.
Arizalar 2023-yilning 06-avgustga qadar qabul qilinadi.
Ishtirok etish bepul — bepul, loyihalarni xalqaro hayʼat a’zosi baholaydi.
Ro’yxatdan o’tish va boshqa ma’lumotlar memorcontest.uz saytida.