"Chingizxon oltinlari yashirilgan maskan": Aqchako'l turistik zonasi haqida

E’lon qilingan sana· 950
"Chingizxon oltinlari yashirilgan maskan": Aqchako'l turistik zonasi haqida

Etno va ekoturizmning rivojiga e’tibor qaratish maqsadida Ellikqal’a tumanidagi Aqchako’lda hozirda katta turistik zona qad rostlamoqda. Ayni damda u yerda qanday ishlar amalga oshirilgani, qaysi hududlar foydalanishga topshirilgani va nima uchun Aqchako'lni "pulli ko'l" deb atalishini bilish uchun OAV xodimlari va turoperatorlar uchun maxsus infotur tashkil etildi. 

Qoraqalpog’iston Respublikasi o’ziga xos turistik salohiyatiga ega bo’lib, bu yerda ekoturizm, etnoturizm, arxeologik turizm va madaniy turizmning yo’nalishlari rivojlangan. Uning janubiy maskanlarida joylashgan qadimiy qalʼalar va Nukus shahridagi dunyoga mashhur I.V.Saviskiy davlat sanʼat muzeyi — tarixiy-madaniy turizm, Orol dengizi va Ustyurt platosi — Ekoturizm, mahalliy madaniyat va urf-odatlarni yorqin namoyon etuvchi Chimboylik hunarmandlar — etnoturizmning asosiy aspektlari sanaladi.

O’zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Qoraqalpog’istonga tashrifi davomida Ellikqal’a tumanidagi Aqchako’l bo’yida rekreatsion plyaj zonalarini tashkil qilish bo’yicha topshiriq olingan edi.

“Bu yerda infrastrukturani rivojlantirish uchun 2022-yilda 10 milliard so’m mablag' ajratildi. Amfiteatr, sayyohlarga qulaylik yaratish uchun yo’laklar, elektr tizimlari, tadbirkorlar tomonidan barpo etilayotgan mehmonxonalar, ovqatlanish joylari, katerlar tashkil etilgan. Hozirda mazkur zonaga tashrif buyurish uchun maxsus marshrutlarni tashkil etish bo’yicha muhokamalar olib borilmoqda”, — dedi Qoraqalpog’iston Respublikasi Turizm va madaniy meros vazirining birinchi o’rinbosari Bayram Kusekeyev.

Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o’zgarishi vaziri Aziz Abduhakimov ham ushbu g’oyaning keng amalga oshirilishida rahbarlik qilgan. Hudud 3000 tonnaga yaqin chiqindilardan tozalangan, obodonlashtirilgan.

“Jahon stadartlariga mos keladigan 50 000 oʻrinli ippodrom qilish maqsadimiz. Plyajli voleybol, futbol, veloyo’laklar, milliy oʻyinlar, sunnat toʻylarini o’tkazish, har xil turistlarni jalb qiladigan sharoitlar yaratilgan. Sakkiz kunlik, olti kunlik turpaketlar qilganmiz. Koʻradigan, aylanadigan joylar koʻp. Kechqurun folklyorlar, milliy oʻyinlar tashkil qilib beramiz”, — deydi “Tuproqqalʼa tour” MJCh taʼsischisi Oybek Jumaboyev.

“Aqchako'lda cho’milgan odam boyib ketadi” degan turli qarashlar bor. Buning sababi esa Chingizxon ushbu hududlarni zabt etayotganida, katta hajmdagi oltinni cho’ktirib yuborganida deyishadi. Shu sababli mazkur “irim” xalq orasida keng tarqalib, Aqchako’lni “pulli ko’l” deb atalishiga olib kelgan.

Ma’lumotlarga ko’ra, ko’l kattaligi 6000 gektarni tashkil etadi.

Hozirgi kunda sayyohlar uchun 40 kishilik oʻtovlar, 80 oʻrinli hostellar tashkil etilgan. 5 yulduzli mehmonxona, 10 ta villa barpo etilmoqda. “Moddiy imkoniyati kamroq sayyohlar ham bemalol kelib palatkalarda dam olib ketsa boʻladi”, — deya qo’shimcha qildi Oybek Jumaboyev.

Ta’kidlanishicha, qishda dam olish uchun ham sharoit bor. Aqchakoʻlning faqat yarmi muzlaydi, u ham 30−40 smgacha kuzatiladi. Bu muzni oʻyib, baliq tutish uchun yaxshi sharoit boʻladi.

Press-tur Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi tomonidan Turizm qo‘mitasi bilan hamkorlikda tashkil etildi.

Nozima Xoshimova
Muallif
Nozima Xoshimova
Amirbek Mirzayev
Fotosuratchi
Amirbek Mirzayev