Qarshida Techstars Startup Weekend hakatoni o'tkaziladi

E’lon qilingan sana· 164
Qarshida Techstars Startup Weekend hakatoni o'tkaziladi

2018-yildan buyon Toshkentda o‘tkazib kelinayotgan Startup Weekend Tashkent hakatoni endi hududlarga ham kengayib, O‘zbekistonning boshqa shaharlarida yashovchi yoshlar uchun startap bilim va tajribasini taqdim etmoqda.

18−20 avgust kunlari Buxoro davlat universitetida Techstars Startup Weekend_Bukhara hakatoni bo‘lib o‘tdi va tadbirda 60 dan ortiq ishtirokchilar mijozlarni tekshirish va startap biznes modellari bo‘yicha fundamental bilimlarga ega bo‘ldilar. Bundan tashqari qatnashuvchilar shu 3 kun davomida faol startap hayotini boshdan kechirdilar. Shunday qilib, Buxoroda birinchi qadam qo’yildi va endi navbat 13−15-oktyabr kunlari navbatdagi Startup Weekendga mezbonlik qilayotgan Qarshi shahriga keldi.

Startup Weekend Uzbekistan hakatoni — bu shijoatli yoshlar uchun qimmatli tajriba orttirish, soha mutaxassislari bilan tanishish, startap g’oyalarni sinab ko’rish va ishga tushirish uchun ajoyib imkoniyatdir. Homiylar va hamkorlar ko’magida ushbu tadbir shubhasiz muvaffaqiyatli bo’lib, O’zbekiston shaharlarida startap ekotizimining o’sishi va rivojlanishiga hissa qo’shadi.

Tadbirda ishtirokchilar o’zlarini startap g’oyalarini taqdim etishlari va eng qiziq g’oyalar atrofida jamoalar tuzishlari mumkin. Ular uch kun davomida birgalikda ishlab, startap, moliya, marketing va produkt menejment sohasidagi mutaxassislarning mentorligi va maslahatlari yordamida o’zlarining biznes rejalari va prototiplarini ishlab chiqadilar.

Tadbirni 2022- yildan beri Startup Weekendni olib borayotgan, AQShning Uber kompaniyasida IOS dasturchi bo`lib faoliyat yuritayotgan Darhonbek Mamataliev olib boradi. U tadbirning uch kun davomida dinamik va jonli muhitda o’tishini ta’minlaydi. Hakatonning birinchi kunida ishtirokchilar tadbir dasturi bo’yicha ko’rsatmalar oladilar va bir daqiqada qolgan ishtirokchilarni o’z jamoalariga jalb qilish uchun o’zlarining startap g’oyalarini taqdim etadilar. Eng ko’p ovoz olgan o’nta g’oya mualliflari jamoa tashkil qilishadi va taqdim etilgan g’oya ustida ishlashni boshlaydi.

Hakatonning ikkinchi kuni ishtirokchilar uchun muhim bo’lib, jamoalar MVP va custdev bo’yicha mashg’ulotlarda ishtirok etishadi. Mashg’ulolotdan keyin ular o’z g’oyalarini ko’chada sinashadi. Bundan tashqari jamoalarga g’oya shakllantirishida startap sohasida yetakchi bo’lgan mutaxassislar o’z tajribalari bilan bo’lishib yordam berishadi.

Tadbirning uchinchi va oxirgi kunida jamoalar o’z ishlarini yakunlab, hakamlarga taqdim etadilar. Hakamlar jamoalarni uchta mezon asosida baholaydilar: eng yaxshi gipoteza testi, eng yaxshi biznes modeli va eng yaxshi bozor salohiyati. Barcha mezonlar bo’yicha eng yuqori ball to’plagan eng yaxshi 3 ta startap, sovrinlar bilan taqdirlanadi.

Xakaton Shveysariya taraqqiyot va hamkorlik agentligi (SDC) tomonidan moliyalashtiriladigan BMTTD hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligining “Raqamlashtirish orqali yoshlarning iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirish” qo‘shma loyihasi bilan hamkorlikda global startap akseleratori bo‘lmish Techstars kompaniyasining mahalliy faollari, Alif Tech, Uzum, IT Park Qarshi, IT City Academy, OWA, UZProgers kabi tashkilotlar ko`magida tashkil etilmoqda.

Ro’yxatdan o’tish mazkur havola orqali amalga oshiriladi.


Techstars hakatoni

Butun dunyo bo’ylab Techstars tadbirkorlarga muvaffaqiyat qozonishga yordam beradi. 2006 yilda tashkil etilgan Techstars uchta oddiy g’oyadan boshlandi: tadbirkorlar hamma uchun yaxshiroq kelajakni yaratadilar, hamkorlik innovatsiyalarni rag’batlantiradi va innovatsion g’oyalar istalgan joydan yaralishi mumkin. Ushbu loyihanong asosiy vazifasi — sayyoradagi har bir kishiga tadbirkorlarning muvaffaqiyatiga hissa qo’shish va undan foyda olish imkoniyatini berishdir. Akseleratsiya dasturlari va venchur kapital fondlarini amalga oshirishdan tashqari, biz startaplar, investorlar, korporatsiyalar va shaharlarni birlashtirib, muvvafaqiyatli startap jamoalarini yaratishga yordam beramiz. Techstars umumiy bozor kapitallashuvi 204 milliard dollardan ortiq bo’lgan 2400 dan ortiq kompaniyalarga sarmoya kiritgan.

Sayt: www.techstars.com

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling