Frilanserlar ishlashi uchun Toshkentdagi qulay kafelar

E’lon qilingan sana· 1 387
Frilanserlar ishlashi uchun Toshkentdagi qulay kafelar

Hozirgi kunda ko‘pchilikning ishi kompyuter bilan bog‘liq, biror lokatsiyaga “bog'langan” holda o‘tirib ishlash shart emas. Uyda yoki kovorking markazlarida ishlashdan zerikkanlar leptoplari bilan biror kafe yoki restoranlarda ham vazifalarini online bajarishi mumkin.

Oldinda bizni sovuq kunlar kutyapti (qish yaqin), frilanserlar issiqroq va yaxshi atmosferali joy topishga intiladi. Afisha.uz aynan mana shunday — o‘tirib ishlashga sharoiti bor bir nechta kafelarni bir joyga to‘pladi.

BnB kafe

Ish vaqti: 08:00 — 23:00 (yopilish vaqti filialga qarab farq qiladi, dam olish kunlarisiz)

BnB kovorking uchun mo‘ljallanmagan, bu odatiy kafe. U yerda o‘z kompyuteri bilan ishlashni xohlaganlar uchun hech qanday shart yo‘q, shunchaki u yerda biror ichimlik yoki yegulik xarid qilinsa bo‘lgani. Menyuda nonushta, tushlik va kechki ovqat uchun mo‘ljallangan taomlar, turli desertlar bor. Eng arzon kofe narxi 18 000 — 22 000 (amerikano). Menyu bilan bu yerda tanishish mumkin.

Muassasalarda gadjetlarni quvvatlash uchun qurilmalar bor, wi-fi tekin, ammo tezligi unchalik yaxshi emas. Barcha filiallarda yakkalik va qo‘shma joylar bor — birinchisi frilanserlar uchun ayni muddao.

Manzillar: Barcha fillialarni ushbu havola orqali topishingiz mumkin.


Bon!

Ish vaqti: 08:00 — 22:00 (dam olish kunlarisiz)

Fransuz qahvaxonasi deganda ajoyib qahva va kruassan xayolga kelishi tabiiy. Bon!da bularga qo‘shimcha tarzda ajoyib muhit va yoqimli interyer ham bor, karnaylarda (kolonka) eshitilib turadigan musiqalarni ham qo‘shsa bo‘ladi (pleylistni o‘zingiz tavsiya qilishingiz ham mumkin). Toshkentda Bon! filiallari ko‘p, 20ga yaqin (mana ulardan birining videosi, atmosferani tasavvur qilish uchun). Deyarli har bir stol ustida rozetka topiladi (filialga qarab farq qilishi mumkin), wi-fi bepul. Stollar asosan 1−2 kishilik, kichik — ishlab o‘tirish uchun qulay.

Bon!da eng arzon qahva 16 ming so‘mdan boshlanadi. U yerda kofedan tashqari shirinliklar, nonushta va turli suyuq ovqatlarni ham topish mumkin. To‘liq menyu bilan bu yerda tanishishingiz mumkin.

Manzillar: Barcha filiallar va ularning telefon raqamlarini ushbu havola orqali topishingiz mumkin.


Socials

Ish vaqti: 08:00 — 03:00 (dam olish kunlarisiz)

Socials ham odatiy kafe, ammo u yerda o‘z noutbuki bilan ishlab o‘tirganlarni uchratish mumkin. Chunki kafening atmosferasi va lokatsiyasi yoqimli, qulay. Kafe interyeri har faslda o‘zgartiriladi. U yerda ishlab o‘tirish uchun hech qanday shart yo‘q, shunchaki biror narsa buyurtma qilishning o‘zi kifoya (to‘liq menyu). Menyuda suyuq ovqatlar, burgerlar, pitsa, desertlar va hokazolar bor. Eng arzon kofe narxi 23 000 — 31 000 so‘m.

Filiallarda bir-ikki kishilik kichik stollar ham bor, ammo gadjetlarni quvvatlash muammo bo‘lishi mumkin. Wi-fi tekin, ammo tezligi haminqadar.

Manzillar: Taras Shevchenko ko‘chasi, 38; Amir Temur prospekti, 89.


Tim’s

Ish vaqti: 08:00 — 23:00 (dam olish kunlarisiz)

Turli taom va ichimliklar, kichik stollar, rozetka, bepul wifi — 4 xil lokatsiya. Tim’s filiallarida ishlab o‘tirmoqchi bo‘lsangiz, minimal biror narsa buyurtma qilasiz, xolos. U yerda nonushta uchun yengil taomlar, turli suyuq ovqatlar, pitsa, burger va hokazolarni topish mumkin. Tim’s kofelarining mazasi bilan ham maqtana oladi — eng arzon kofe 15 000 — 25 000. To‘liq menyu bu yerda.

Manzillar: Taras Shevchenko ko‘chasi, 40; Shota Rustaveli ko‘chasi, 38; Shahrisabz ko‘chasi, 26; Nukus ko‘chasi, 81A.


Costa Coffee

Ish vaqti: 08:00 — 23:00 (dam olish kunlarisiz)

Buyuk Britaniyaning dunyoga mashhur ushbu qahvaxonasi O‘zbekistonda 2 ta savdo nuqtasini ochishga ulgurdi. Filiallardagi sokin muhit va ko‘zga yoqimli interyer qahvaxo‘rlarni yanada o‘ziga jalb qilishi tabiiy. Muassasadagi bepul wi-fi, yozgi terassa va o‘tirishga qulay stol-stullar frilanserlarni ham e’tiborini tortishi tabiiy. Ammo, shuni e’tiborga olish kerakki, u yerda gadjetlarni quvvatlash uchun rozetka topish biroz muammo bo‘lishi mumkin.

Costa Coffee’da eng arzon qahva (espresso) 18 000 so‘mdan boshlanadi. U yerda qahvadan tashqari turli shirinliklar, pishiriqlar va sendvichlar ham topish mumkin.

Manzillar: Mahatma Gandi ko‘chasi, 14; Istiqlol ko‘chasi, 17.


Paul

Ish vaqti: 08:00 — 23:00 (dam olish kunlarisiz)

To‘plamimizda yana bir fransuz qahvaxonasi. Lekin bu Toshkentda bitta (ehtiyot bo‘ling, mazali makon!). O‘tirishga qulay stol-stul, bepul wi-fi va yoqimli atmosfera, ammo rozetka topishda muammo bo‘lishi mumkin.

Paul’da ishlab o‘tirish uchun minimal biror nima buyurtma qilish kifoya. U yerda kofe narxlari 25 ming so‘mdan boshlanadi. Undan tashqari, turli shirinliklar, taomlar ham bor menyuda.

Manzil: Amir Temur prospekti, 60.


Wendy’s (Taras Shevcheko)

Ish vaqti: (07:00 — 01:00)

Amerikaning mashhur fast-fud tarmog‘i Toshkentda allaqachon 3 ta filial ochishga ulgurgan. Boshqa fast-fud shoxobchalariga qaraganda Wendy’s ancha sokin, ishlash uchun qulay. Zallarda katta va kichik stollar bor, rozetka ham topiladi, wi-fi bepul.

Wendy‘s menyusida asosan burgerlar. Eng arzon burger 16 900 so‘mdan, eng arzon ichimlik esa 10 900 so‘mdan boshlanadi.

Manzil: Taras Shevchenko ko‘chasi, 38.

Mirjalol Qosimov
Muallif
Mirjalol Qosimov