Seshanba kuni yomg'ir yog'ishi kutilmoqda, keyin hafta oxirigacha havo iliq bo‘ladi
O‘zgidromet`ning xabar berishicha, O‘zbekistonda hafta davomida ob-havo o‘zgaruvchan bo‘ladi. 30-oktabr, dushanba kuni respublikaning katta qismida oktabr oyi uchun quruq va juda iliq harorat kuzatiladi. Kunning o‘rtasiga kelib, havo 30 darajagacha, janubda 32 darajagacha isiydi.
Seshanba kuni Kavkaz hududlaridan salqin va nam havo kirib kelishi kutilmoqda. Respublikaning katta qismida yomg‘ir yog‘adi, tog‘ oldi va tog‘li hududlarda ba’zi joylarda kuchli bo‘ladi. Baland tog‘larda yomg‘ir qorga aylanishi mumkin.
1-noyabrda respublika bo‘yicha yog‘ingarchilik to‘xtaydi. Quruq ob-havo hafta oxirigacha saqlanib turadi. 1−2-noyabr kunlari kechasi va ertalab ba’zi joylarga tuman tushadi. Havo harorati kechalari 3−8 darajagacha pasayadi, kunduzi 1−2-noyabrda +17…+22 bo‘ladi, 3-noyabrda harorat biroz ko‘tariladi va +19…+24 darajani tashkil etadi.