O‘zbekistonda “Modernism” ilovasi ishga tushirildi

E’lon qilingan sana· 309
O‘zbekistonda “Modernism” ilovasi ishga tushirildi

Toshkent shahridagi 21 ta tarixiy me’moriy yodgorliklar haqida ma’lumotlarni o‘zida jamlagan “Modernism” ilovasi ishga tushirildi. Bu haqda Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg’armasi axborot xizmati xabar berdi.

Mazkur ilova 1964−1993-yillarda qurilgan Toshkent me’moriy yodgorliklari bilan yaqindan tanishish imkonini beradi. Unda ushbu binolar xaritasi, arxiv va hozirgi suratlari va ular haqida 3 ta — o‘zbek, ingliz va rus tillarida batafsil ma’lumot bor. Ilovaga kirganingizda o‘zingizga eng yaqin obyekt (lar) manzilini ko‘rsatadi va unga yetib borish uchun marshrut ham tuzib beradi, aniqrog‘i, sizni boshqa ilova — Google Maps yoki Yandex Maps’ga yo‘naltiradi.

Me’morchilik bilan tanishish O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi hamda “Laboratorio Permanente” byurosi bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan marshrut bo‘ylab amalga oshiriladi.

“Marshrut istagan yoshdagi va me’morchilikka oid turli bilim darajasida bo‘lgan shahar sayyohlari va tadqiqotchilariga asqotadi. GPS navigatsiyasi sharofati bilan ilova foydalanuvchi joyini aniqlab, sayrni eng yaqin nuqtadan boshlashni taklif etadi”, — deyiladi jamg’arma xabarida.

“Modernism” ilovasidan foydalanish uchun hech qanday ro‘yxatdan o‘tish yoki to‘lov qilish shart emas, shunchaki smartfonga yuklab olish kifoya. Ilova iOS va Android operatsion tizimlari uchun ishlab chiqilgan. Ilova ushbu havola orqali yuklab olishingiz mumkin.