“Humo Air” Toshkentdan Farg‘ona va Buxoroga reyslarni yo‘lga qo‘ydi
“Humo Air” aviakompaniyasi tomonidan Toshkentdan Farg‘ona va Buxoro shaharlariga yangi reyslar yo‘lga qo‘yildi, deya xabar bermoqda Turizm qo‘mitasi axborot xizmati.
Toshkent—Farg‘ona—Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha ilk parvozlar 9-yanvardan boshlandi. Samolyotlar Toshkent xalqaro aeroportidan Farg‘onaga soat 10:15 da jo‘naydi va 11:40 da qaytib keladi. Ikkinchi reys Toshkentdan Farg‘onaga soat 14:20 da va ortga 15:45 da amalga oshiriladi. 55 daqiqa davom etadigan reyslar haftasiga uch marta seshanba, payshanba va shanba kunlari amalga oshiriladi. Ulardan birinchisi 180 yo‘lovchiga mo‘ljallangan.
Shuningdek, bugun, 10-yanvar kuni Toshkent-Buxoro-Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha birinchi reys amalga oshiriladi. Toshkentdan Buxoroga jo‘nash vaqti har haftaning chorshanba va shanba kunlari soat 10:15 ga, qarama-qarshi yo‘nalishda esa soat 12:00 ga belgilangan.
Mahalliy reyslarga chiptalar narxi 159 ming so‘mdan boshlanadi.
Avvalroq “Humo Air” Samarqand, Nukus, Urganch, Qarshi va Termiz shaharlariga aviaparvozlar yo‘lga qo‘ygani haqida xabar berilgandi. Afisha.uz muharriri ushbu reyslarning birida uchib, o‘z taasurotlari bilan bo‘lishgandi.