Tarix bilan yuzlashish imkoniyati: Chorsu ovqat bozoriga sayohat

E’lon qilingan sana· 42 634
Tarix bilan yuzlashish imkoniyati: Chorsu ovqat bozoriga sayohat

Toshkentdagi ovqatlanish maskanlari orasida o‘zining alohida ekzotikasiga ega bo‘lgan va ko‘proq e’tibor qaratishga arziydigan joylardan biri bu Chorsu ovqat bozoridir. Afisha.uz muxbiri ushbu ovqatlanish maskaniga tashrif buyurdi va bu yer haqida o‘z tassurotlari bilan bo‘lishadi.

Ovqat bozoriga kiraverishda, asosan kaboblar va boshqa taomlardan ko‘tarilgan tutun va par dimogʻingizga uriladi. Bu yerda nafaqat kaboblar, balki norin, xasip, osh, oxirgi paytda katta mashhurlikka erishgan xonim va boshqa milliy taomlarni topishingiz mumkin.

Ba’zi taomlarning narxlari:

  • mol go‘shtidan kabob — 15 000;
  • qiyma kabob — 15 000;
  • norin — 35 000 soʻm;
  • xasip — 35 000 soʻm;
  • osh — 30 000 soʻm;
  • xonim — 6000 soʻm.

Bozorga kirishda koʻzingiz bu yerda bir necha 10 yillardan beri ishlayotgan oshpazlarga tushadi. Oʻz taomlaridan tatib koʻrishga chorlayotgan oshpazlar ovqat bozorining koʻrki hisoblanadi. Ular bu maskanning tarixi va bugungi kungacha qanday yetib kelgani haqida zavq bilan gapirib beradi.

Oshpazlar orasida gapga chechan va kamera-yu, mikrofondan qoʻrqmaydiganlari, qochmaydiganlari ham, “agar videoinga tushib qolgan boʻlsam, oʻchirib tashla”, deydiganlari ham yetarlicha topiladi.

Osh tayyorlaydigan oshpazlardan birining soʻzlariga koʻra, yoz va qish fasli bozor uchun mavsum hisoblanmaydi. Bu vaqtda odamlar tashrifi kamayadi. Kuz va bahorda esa ovqat bozoriga keluvchilar soni keskin ortadi.

“Bu yer ovqat bozori boʻlgani uchun bir xil taomni koʻp joydan topishingiz mumkin. Shuning uchun koʻp osh tayyorlamaymiz”, — dedi u.

Shunga qaramasdan bozorda iyul oyining oʻrtasida ham odamlar gavjum boʻlib, osh yoki xonim sotib olishga shoshilayotgan mahalliy aholidan tortib, har xil davlatdan tashrif buyurgan va kaboblar hayrat bilan qarayotgan turistlargacha uchratish mumkin.

Kabob pishiruvchilardan birining soʻzlariga koʻra, Toshkentga tashrif buyurgan sayyohlarning koʻpchiligi, albatta, bu yerga keladi. Biz ham tashrifimiz davomida qozogʻistonlik, rossiyalik, xitoylik va koreyalik sayyohlarni uchratdik.

Ovqat bozori bir qarashda oʻziga jalb etmasligi mumkin, lekin rastalar va eskirib ketgan uzun stullar eski Toshkent atmosferasini eslatadi. Bir zumga boʻlsa ham tarixga qaytishni istasangiz va juda mazali milliy taomlardan tatib koʻrishni xohlasangiz Chorsu ovqat bozori sizga ayni muddao boʻladi.

Azimbek Xushmamatov
Muallif
Azimbek Xushmamatov