"Chorsu" mehmonxonasi buzilib, qaytadan quriladi

E’lon qilingan sana· 218
"Chorsu" mehmonxonasi buzilib, qaytadan quriladi

Toshkentda Chorsu maydonini keng ko‘lamda rekonstruksiya qilinadi, deya xabar bermoqda Gazeta.uz. Loyihaga koʻra, 1982-yilda meʼmor Vladimir Spivak loyihasi boʻyicha qurilgan “Chorsu” mehmonxonasi buzib tashlanib, oʻrniga yangi zamonaviy mehmonxona quriladi.

“Chorsu maydonining yangi qiyofasi poytaxtning Eski shahrini o‘zgartirib yuboradi. Bu yerda investitsiyalar va biznes uchun muhim jozibador nuqta paydo bo‘ladi. Bizning majmuamiz eng yirik mahalliy va xalqaro kompaniyalar ofislari uchun makonga aylanishini kutmoqdamiz. Yangi mehmonxona esa sayyohlarga eski Toshkentning qoq markazida eng yirik megapolislar darajasida qulay hayot tarzida yashash imkonini beradi”, — dedi loyiha ishlab chiquvchilar jamoasi rahbari Andrey Trebunskiy.

Rekonstruksiya ishlarini 2025-yilda boshlash rejalashtirilgan, majmuaning ochilishi esa 2029-yilga mo‘ljallangan. Bu yerda eskisi buzilib, 29 qavatli yangi mehmonxona, 14 qavatli biznes markazi va turar-joy binolari quriladi.

Loyihaga ko‘ra, yangi mehmonxona majmuaning bosh binosiga aylanadi va bunda eski “Chorsu” mehmonxonasining umumiy konturi saqlab qolinadi. Dizaynerlarning ta’kidlashicha, ular zamonaviy bino yaratish va oʻtmishga hurmat koʻrsatish istagi oʻrtasidagi muvozanatni qidirmoqdalar.

Yangi binolardan birining foyesida kichik muzey ochish rejalashtirilgan bo‘lib, uning ko‘rgazmasi “Chorsu” mehmonxonasi tarixi va arxitektura yangiliklariga bag‘ishlanadi.