"Askiya" bozori rekonstruksiya qilinadi
Poytaxtdagi Askiya bozori rekonstruksiya qilinadi, deb xabar berdi Yakkasaroy tumani hokimligi axborot xizmati. Tuman hokimi bozorga kelganlar uchun noqulaylik tug‘dirayotgani bois u qaytadan qurilishi zarurligini ta’kidlagan.
Zamonaviy dehqon bozori qurilishi taqdimotida quyidagi rejalar e’lon qilindi:
- eng kamida umumiy maydoni 3 000 kv.metr hududidagi “ekobozor”;
- eng kamida umumiy maydoni 1 200 kv.metr hududidagi “sovutgich omborxona”;
- yer osti avtoturargohining birinchi qavatini (eng kamida 400 dona avtoturargohni) Jamiyatga beg‘araz o‘tkazib berish bo‘yicha talablar qo‘yilishi.
Shuningdek, yangilangan savdo majmuasida eskalatorlar, imkoniyati cheklangan fuqarolar uchun panduslar va zamonaviy hojatxonalar o‘rnatish rejalashtirilgan. Bozorda umumiy Wi-Fi nuqtalari, velosiped yo‘laklari, yashil maydonlar va ko‘ngilochar joylar ham paydo boʻladi.
“Askiya” bozorini rekonstruksiya qilish va yaqin atrofda to‘rt yulduzli mehmonxona qurish loyihasini amalga oshirish uchun 150 000 000 AQSh dollari (1 926 418 500 000 so‘m) mablag‘ sarflanishi va bu xorijiy sarmoyasi hisobidan moliyalashtirilishi kutilmoqda.