Toshkentdagi "Doʻstlik" va "Qodiriy" bogʻlari rekonstruksiya qilinadi. Loyihalar
Prezidentga Toshkentdagi “Doʻstlik” va “Qodiriy” bogʻlarini rekonstruksiya qilish konsepsiyalari taqdim etildi.
Doʻstlik bogʻi
Bog‘da sayr yo‘laklari, hovuzlar, dam olish maskanlari rekonstruksiya qilinadi, yangi o‘rindiqlar o‘rnatiladi. Oilaviy ko‘ngilochar zona, bolalar ijod markazi, skeytda uchish maydoni, havo kemasi va charxpalak tashkil qilinadi.
Bogʻ hududida Millatlararo munosabatlar va xorijiy davlatlar bilan doʻstlik aloqalari qoʻmitasi joylashgan. Unga tutash maydonda milliy madaniyat markazlari pavilyonlarini o‘rnatish rejalashtirilgan. Har bir pavilon o‘zi vakillik qiladigan xalqning o‘ziga xos madaniyati va an’analarini aks ettiruvchi uslubda ishlab chiqiladi. Pavilyonlar “Do‘stlik” bog‘i ansambli bilan uygʻun boʻladi.
“Biz bog‘dagi barcha yashil maydonlarni saqlab qoldik, hattoki ularni ko‘paytirdik ham. Chunki bizning fikrimizcha, sifatli sayr qilish hududlari — bu istirohat bog‘ining asosi. Mavjud landshaft bilan ehtiyotkorlik bilan ishlab, qarorimizni iloji boricha tabiiy qilishga intilamiz. Ko‘kalamzorlashtirish rejasiga gulzorlar, baland butalar va yirik daraxtlar ham qo‘shilmoqda”, — dedi mutaxassis Irina Litvinova “O‘zbekiston 24” telekanaliga bergan intervyusida. Shuningdek, u loyiha mualliflari “bog‘ qurilishining barcha eng zamonaviy usullarini joriy etishga harakat qilganliklarini” ta’kidladi.
Rekonstruksiyadan so‘ng bog‘da tashrif buyuruvchilar tinch dam olishini ta’minlash uchun velosiped va mototsikllarda yurishni taqiqlash rejalashtirilgan. Shuningdek, loyiha boshqa o‘zgartirishlarni ham nazarda tutadi:
- markaziy xiyobonni kengaytirish;
- butun bog‘da barcha aholi uchun to‘siqlarsiz muhit yaratish;
- markaziy xiyobon bo‘ylab tematik zonalarning joylashishi;
- markaziy hovuzga kirishni ta’minlash;
- kichik me’moriy shakl qo‘shgan holda ko‘prikni yangilash va yapon qo‘ng‘irog‘ini yangilash;
- favvora bortlarini pasaytirish va o‘rindiqlarni qo‘shish yo‘li bilan odamlar kirishi mumkin bo‘lgan holda rekonstruksiya qilish;
- bolalar maydonchasini ekologik materiallardan foydalangan holda qayta qurish;
- bolalarni kutayotgan ota-onalar uchun yopiq dam olish zonalarini tashkil etish;
- yoga uchun haffof tomli yopiq bostirmali zona yaratish;
- bog‘ning butun perimetri bo‘ylab aylanma yugurish yo‘laklarini barpo etish.
Qayta qurishdan keyin Seul bogʻi, Tinchlik qoʻngʻirogʻi va Sietl bogʻi saqlanib qoladi.
Qodiriy bogʻi
Bog‘da relefdan to‘g‘ri foydalanib, yashil hududlarni ko‘paytirish, sayr va tomosha joylari, favvoralar, yangi planetariy qurish, shuningdek, sayyohlarni jalb qilish uchun gastro-xoll tashkil etish reja qilinmoqda.
“Yangi inshootlar Chorsu bozori, umuman, eski shahar bilan yanada uyg‘un bo‘ladi”, — deyiladi prezident matbuot xizmati xabarida.
Rossiyalik loyihachi Irina Litvinova “O‘zbekiston 24” telekanaliga bergan intervyusida bog‘ konsepsiyasini ishlab chiqishda “aholi talablari ham inobatga olinganini” aytdi.
“Shaharning bu qismida an’anaviy muhit hukmron va biz ham ma’lum ma’noda shunday uslubni tanlashga qaror qildik. Mazkur bog‘da milliy, madaniy elementlar uyg‘unligini ko‘rish mumkin. Ya’ni o‘zbek xalqiga xos bo‘yoqlar, naqshlar, qolaversa, odamlarning turmush tarzi aks etadi”, — dedi u.
Park markaz bo‘ylab, jumladan, hozirda sayyohlarni “ohanrabodek tortadigan” Chorsu bozori hududi bilan integratsiyalashgan. “Bizning taxminimizcha, Qodiriy bog‘i ham xuddi shunday manzilga aylanadi va shahar mehmonlarini o‘ziga jalb qiladi”, — dedi u.
Bog‘da yashillik olamini asrash uchun zamonaviy tomchilatib sug‘orish texnologiyalari o‘rnatiladi.
Kuzatuv minorasi hududdagi diqqatga sazovor obyektlardan biri bo‘ladi. “Bu umumiy qiyofani o‘zgartirmaydigan nafis rekonstruksiya bo‘lib, qush parvozi balandligidan shaharning bor go‘zalligini ko‘rish mumkin. Hazrati Imom majmuasining moviy gumbazlari, Chorsu bozori va shaharning an’anaviy qismini kuzatish uchun ham juda jozibali”, — dedi Irina Litvinova.
Qodiriy bog‘idagi yana bir muhim jihat — bu metro vestibyuliga chiqish. “Bunga alohida yondashdik. Boisi yo‘lovchi oqimi yuqori, bizning yechimga ko‘ra, metrodan chiqishda foydalanuvchilar qulayligi uchun alohida maydon tashkil qilinadi”, — dedi mutaxassis.
Metroga kirish eshigi oldida esa to‘liq milliy taomlarga bag‘ishlangan gastro-xoll bo‘ladi. U yerda Toshkentning tashrif qog‘oziga aylangan taomlardan ta’tib ko‘rish va bir vaqtning o‘zida mahorat darslari o‘tkazish imkoniyati yaratiladi.
Markaziy xiyobonni obodonlashtirish jarayonida bolalar uchun ko‘ngilochar ayvonlar, favvoralar paydo bo‘ladi. Loyihaga ko‘ra, favvora havzasi zamonaviy shaklda qayta tiklanadi. O‘tish joylarida foydalanuvchilar qulayligi uchun suv kanallari panjaralar bilan yopiladi, ba’zi nuqtalarda o‘z joyida qoladi.
“Relefning pasayishiga kelsak, bu bog‘ning asosiy jihati. Chunki u yerda avvaldan tabiiy kuzatish maydonchasi mavjud. Biz bu yechimni takomillashtirdik va osma ko‘prikni birlashtirdik. U nafaqat tomosha maydoni va chiroyli fotosuratlar olish uchun munosib manzil, balki amfiteatr sifatida ham faoliyat yuritadi. Bu yerda sahnaga qaragan qiya zinapoyalar bo‘ladi”, — dedi Irina Litvinova.
Suv inshooti sovitish barobarida ramziy ma’noda amfiteatrning ruhini ifodalab turadi.