Nega Yangi yilda olivye yeymiz?

E’lon qilingan sana· 2 537
Nega Yangi yilda olivye yeymiz?
Foto: Zira.uz

Yangi yil deganda koʻpchilikning xayoliga bezatilgan archa, mandarin, “Uyda yolgʻiz” filmi va Qorbobo keladi. Bu roʻyxatni uzoq davom ettirish mumkin, ammo u olivye salati qoʻshilmagunicha toʻliq boʻlmaydi. Bu salat — Yangi yil dasturxonidagi “must-have”. Ammo nega uzoq vaqtdan beri shunday boʻlib qolmoqda? Bu boʻyicha bir nechta faraz bor.

Afisha.uz muharriri olivye nega Yangi yil salatiga aylanib qolganiga qiziqib, internetni qarab koʻrdi va ba’zi qiziqarli narsalar topdi. Quyida aynan shu haqida.


Olivye fenomenini oʻrganish davomida rus va ingliz tillaridagi manbalarga murojaat qildik. Soʻrov natijalaridan olivye salati faqatgina Rossiya va sobiq SSSRning ba’zi hududlaridagina mashhur ekanini anglash qiyin emasdi. Ba’zi joylarda bu “Rus salati” yoki “Poytaxt salati” deb ham nomlanadi. Ammo nega aynan olivye salati va aynan Yangi yil kechasida? Bu boʻyicha bir nechta farazlarga duch keldik va ularni quyida keltiramiz.

Olivye salati tarixi

“Olivye” soʻzi bir eshitilishadanoq fransuzcha ekanini anglash qiyin emas, hatto Olivye Jiru ismli futbolchi ham bor. Ha, bu salatning nomi aynan ismdan kelib chiqqan: keng tarqalgan versiyaga ko‘ra, u retsept muallifi — fransuz oshpazi Lyusen Olivye (1838−1883) nomi bilan atalgan. Rossiyada fransuz taomi sifatida qabul qilinadi, ammo yuqorida qayd etilganidek, boshqa joylarda “rus salati” deb bilishadi, chunki u hatto Fransiyada mashhur emas. Olivye (oshpaz) dastlab buni salat emas, gazak sifatida oʻylab topilgan.

Lyusenning Moskvada restorani boʻlgan, u yerda xoʻrandalar koʻp boʻlgan, ammo vaqt oʻtishi bilan tashrif buyuruvchilar kamayib ketgani bois Olivye ushbu gazakni oʻylab topib, yana odamlarni oʻziga qaytarib olgan, degan qarashlar bor. Ammo 2017-yilda “Коммерсантъ” nashrida e’lon qilingan surishtiruvda unday emasligi iddao qilinadi. Oʻrganishlar natijasida ayrim manbalarda keltirilganidek 1850-yilda (restoran bor payti) Rossiyada Lusyen Olivye ismli shaxs boʻlmagani aniq boʻladi. Muallif bu yillarda Rossiyada sanoqli Olivyelar boʻlganini aniqlaydi va ularning birortasi ham salatni oʻylab topgan emas, deydi.

“Xulosa ikkita bo‘lishi mumkin. Yoki Lyusen Lukyan bo‘lgan-u, nima uchundir o‘z yoshini noto‘g‘ri aytgan. Yoki, ehtimol, bu ikki xil odam. Shunday qilib, 1850-yilda Lyusen Olive Moskvada boʻlmagan. Uning qayerda boʻlgani ham hech kimga ma’lum emas”, — deyiladi maqolada.

Muallif aytadiki, oʻsha yillarda “Ermitaj” restoranida tayyorlangan haqiqiy olivyening retsepti hozir oʻzgarib ketgan. Ularni fransuzlarni tayyorlagan boʻlishi mumkin, chunki u yerda ayrim fransuz oshpazlarini uchratish mumkin boʻlgan, ammo Lyusen Olivye emas.

Oʻzgargan retsept boʻyicha yana bir faraz bor: kulinar Usov yozadiki, hozirgi olivye retsepti oshpaz ayol okroshka uchun tayyorlangan masalliqlarga adashib mayonez quyib yubordi, natijada hozirgi olivye paydo boʻladi. Rus tili Xalq etimologiyasida salatning nomi “оливок”, ya’ni zaytundan kelib chiqqani yoziladi, lekin zaytun uning tarkibida boʻlmagan.

Oʻrganishlardan shu narsa ma’lum boʻladi: hech narsa ma’lum emas. Ya’ni olivye salati qanday paydo boʻlgani borasida yakdil fikr yoʻq. Balki u muhtoj ham emasdir bunga, chunki u allaqachon bayram dasturxonining toʻridan joy olgan va deyarli hech qaysi katta tadbir olivyesiz oʻtmaydi.

Olivye va Yangi yil

Lekin nega olivye aynan Yangi yil bilan bogʻlanadi? U qanday bayram dasturxonida paydo boʻlib qolgan? Hozir shu savollarga javob qidirib koʻramiz.

Esingizda boʻlsa, yuqorida Yangi yil bilan assotsatsiya boʻladigan ba’zi narsalar haqida gaplashgandik, bu faqat bizda emas, unchalik uzoq boʻlmagan davlatlar, xususan, Rossiyada ham shunday. Masalan, ularda bayram oldidan internetda “Ирония судьбы” (“Taqdir hazili yoki qushdek yengil boʻling”) filmi koʻp qidiriladi, shuningdek, prezidentning bayram tabrigi ham. Lekin bulardan ham koʻproq nima qidiriladi, ha, aynan olivye salati!

Antropolog Aleksandra Arxipova Yangi yil oldidan qidiruvi ortib ketadigan toʻrtta narsa — olivye, qoʻngʻiroq ovozi, “Ирония судьбы” va prezidentning Yangi yil nutqini bir-biri bilan solishtirib koʻrgan. Natijada salat katta ustunlik bilan gʻolib boʻlgan.

“Bu yoqimli tarixga qaytish, nostalgiya qilish va turgʻunlikni his qilishga oʻxshaydi: agar mening dasturxonimda har doimgidek olivye bormi, demak menda hammasi yaxshi ketyapti, degan hayol boʻladi”, — deb yozadi antropolog.

Oʻzbekistonda ham Yangi yil dasturxoniga tayyorlanayotgan ayollar hech boʻlmasa retseptini qidirgan yoki allaqachon biladiganlari esa unga kerakli masalliqlarni xarajatlar roʻyxatiga ikkalanmay yozavergan.

Sobiq Ittifoq davrida bu salatga ishlatiladigan masalliqlar, masalan, noʻxot tanqis boʻlgan, odatiy kunda topib boʻlmagan. Shu sababdan odamlarga bu salatni yeyish uchun maxsus tadbir, masalan, Yangi yilga oʻxshash bayramlar sabab boʻlishi kerak boʻlgan. Shuningdek, bu salatni tayyorlash oson, koʻp vaqt olmaydi.

Shu joyida sal yuqoriroqdagi antropologning fikriga qaytamiz: bu nostalgiya his qilishga yordam beradigan salat. Yuqorida keltirilgan faktorlar sabab olivye Yangi yil dasturxonidan muqim joy egallab kelmoqda, garchi hozir unga kerak boʻladigan masalliqlar defitsit boʻlmasa ham.

Xoʻsh, sizda ham olivye bayram uchun “must-have"mi? Izohlarda Yangi yil dasturxoni uchun qanday salatlar tayyorlashni oʻylayotganingizni yozib qoldiring. Balki bu boshqalarga ham yordam berar. Rahmat.

Ha aytgancha, olivye yeyish uchun Yangi yilni kutish shart emas, yegingiz kelyaptimi, hozir yeng.

Mirjalol Qosimov
Muallif
Mirjalol Qosimov