Toshkentning diqqatga sazovor joylariga qaysi metro bekatlari orqali borish mumkin?

“Sen Toshkentni yaxshi bilasanku, bu joyga borish uchun qaysi metro bekatidan chiqish kerak?” kabi savollarni koʻp bor eshitadigan Afisha.uz muharriri bu haqda maqola tayyorlashga qaror qildi.
Toshkent shahri aholisi tomonidan eng koʻp foydalaniladigan transport vositalaridan biri metro hisoblanadi. Poytaxtdagi qiziqarli va e’tiborga sazovor joylariga metro orqali qanday borsa boʻladi? Afisha.uz ushbu savolga javob berishga harakat qiladi.
Toshkent avtovokzali — “Olmazor” bekati
Toshkent shahrini boshqa viloyatlar bilan bogʻlaydigan avtobuslarning joʻnash manzili “Olmazor” metro bekati yaqinida joylashgan. Bekat metropolitenning “Chilonzor” yoʻlida boʻlib, oldin “Sobir Rahimov” deb nomlangan.
Bundan tashqari, Toshkent avtovokzalidan qoʻshni davlatlar va Rossiyaning bir qator shaharlariga ham avtobuslar qatnovi amalga oshiriladi.
“Milliy” stadioni (“Bunyodkor” stadioni), Dream Park — “Mirzo Ulugʻbek” bekati
Futbol boʻyicha Oʻzbekiston milliy terma jamoasining asosiy oʻyinlari boʻlib oʻtadigan “Bunyodkor” stadioniga “Mirzo Ulugʻbek” bekati orqali chiqish mumkin. Bundan tashqari, Toshkentning “Bunyodkor” jamoasi ham uy uchrashuvlarini bu stadionda oʻtkazadi.
Shuningdek, koʻpchilikka Gʻafur Gʻulom nomi bilan tanish boʻlgan, ammo rekonstruksiyadan keyin Dream Park’ka oʻzgargan istirohat bogʻiga ham ushbu bekat orqali borish mumkin.
“Xalqlar doʻstligi” san’at saroyi, Magic City bogʻi — “Xalqlar doʻstligi” bekati
Oʻzbekistondagi asosiy konsertlar boʻlib oʻtadigan “Xalqlar doʻstligi” san’at saroyi shu nomli metro bekatidan chiqishda joylashgan. Bu ham metropolitenning “Chilonzor” yoʻlida boʻlib, shahar markaziga yaqin.
Shuningdek, “Xalqlar doʻstligi” bekati orqali Toshkent shahriga mehmon sifatida tashrif buyurvchilar orasida mashhur boʻlgan “Magic City” bogʻiga ham borish mumkin. Bog' bekatdan piyoda yurganda taxminan 10 daqiqa uzoqlikda joylashgan.
“Tashkent City Mall”, “Paxtakor” stadioni, Milliy kino san’ati saroyi — “Paxtakor” / “Alisher Navoiy” bekatlari
Yaqinda ochilgan va tez fursatda katta mashhurlikka erishgan “Tashkent City Mall” savdo markaziga “Chilonzor” yoʻlining “Paxtakor” bekatidan chiqish mumkin. Shuningdek, “Oʻzbekiston” yoʻlining “Alisher Navoiy” bekati ham ushbu savdo markaziga olib boradi.
Shuningdek, Toshkentdagi eng tarixiy stadionlardan biri boʻlgan “Paxtakor” markaziy oʻyingohiga ham shu nomli metro bekatidan chiqib boriladi. Maydon 1956-yilda ochilgan, biroq hozirda ta’mirlash ishlari boʻlayotgani sababli futbol bahslari oʻtkazilmayapti.
Xalq orasida “Panorama” nomi bilan mashhur boʻlgan Milliy kino san’ati saroyiga ham ushbu bekatlar yaqin hisoblanadi. Hozirda bu kinoteatrda qanday filmlar namoyish etilayotganini Afisha.uz'ning “Kino” boʻlimi orqali bilib olishingiz mumkin.
Alisher Navoiy nomidagi milliy kutubxona — “Mustaqillik maydoni” bekati
“Chilonzor” yoʻlida harakatlanishda davom etamiz. Abituriyentlar va oliy oʻquv yurtlari talabalari boʻsh vaqtlarini oʻtkazishni xush koʻradigan Alisher Navoiy nomidagi milliy kutubxona “Mustaqillik maydoni” bekatiga yaqin joylashgan. Yakuniy nazoratlar oldidan bu yerga tashrif buyurish foydali hisoblanadi.
Shuningdek, Mustaqillik maydoni, Yoshlar ijod saroyi, mashhur Sayilgoh koʻchasi (Brodvey) ham shu bekat yaqinida.
Oʻzbekiston mehmonxonasi — “Amir Temur xiyoboni” bekati
Yana bir Toshkentning tarixiy va ramziy inshootlaridan biri boʻlgan “Oʻzbekiston” mehmonxonasi “Amir Temur xiyoboni” bekati yonida joylashgan. Shahar markazida joylashgan ushbu bekat orqali boshqa koʻplab joylarga ham borish mumkin.
Humo Arena — “Oʻzbekiston” bekati
Eng koʻp konsertlar oʻtkaziladigan ikkinchi joy — Humo Arena ham soʻnggi vaqtlarda odamlarni oʻziga chorlamoqda. “Oʻzbekiston” yoʻlining xuddi shu nomli bekatidan chiqib, taxminan 10 daqiqa piyoda yurish orqali ushbu koʻp maqsadli muz saroyiga borish va sevimli ijrochingiz konsertidan bahra olishingiz yoki konkida uchishingiz mumkin.
Ma’lumot uchun, metropolitenning “Chilonzor” yoʻlidan “Oʻzbekiston” yoʻliga “Paxtakor” bekati orqali oʻtish mumkin. Shuningdek, “Yunusobod” yoʻlining “Ming oʻrik” bekatidan “Oʻzbekiston” yoʻlining “Oybek” bekatiga oʻtish mumkin. “Amir Temur xiyoboni” va “Yunus Rajabiy” bekatlari “Yunusobod” va “Chilonzor” yoʻllarini bogʻlaydi.
Chorsu bozori, Jar stadioni — “Chorsu” bekati
“Oʻzbekiston” yoʻnalishi boʻylab davom etamiz. “Chorsu” bekati orqali shu nomdagi mashhur bozorga borish mumkin. Bu yer shahar mehmonlari uchun borish shart boʻlgan va Toshkent koloritini maksimal darajada ulasha oladigan joy sifatida koʻriladi. Ma’lumot uchun, Afisha.uz Chorsu ovqat bozori haqida maqola ham tayyorlagandi.
Shuningdek, poytaxtdagi futbol maydonlaridan biri boʻlgan “Jar” stadioniga ham “Chorsu” bekati yaqin hisoblanadi. “Paxtakor” jamoasi hozircha uy uchrashuvlarini mana shu maydondan oʻtkazmoqda.
“Alpomish” muz saroyi, Talabalar shaharchasi, Milliy va Texnika universitetlari — “Beruniy” bekati
Oʻzbekiston poytaxtiga tashrif buyurvchi talabalarning hammasi kamida bir marta kelib koʻradigan joylarni “Beruniy” bekatidan chiqishdan topish mumkin. Aynan shu yerdan Mirzo Ulugʻbek nomidagi Milliy universitet hamda Islom Karimov nomidagi texnika universitetiga boriladi.
Bundan tashqari, koʻplab talabalar istiqomat qiladigan shaharchaga ham ushbu bekat orqali boriladi.
Humo arena’ga oʻrinbosar sifatida koʻriladigan va soʻnggi vaqtlarda konsertlar oʻtkazilishi boshlangan “Alpomish” muz saroyi ham “Beruniy” metro bekati atrofidan oʻrin olgan.
Shimoliy vokzal — “Toshkent” bekati
Toshkentdagi Shimoliy vokzal ham shaharlararo sayohatlar uchun muhim nuqtalardan biri hisoblanadi. Bu yerdan turli shaharlarga poyezdlar joʻnaydi. Shimoliy vokzalga borish uchun “Toshkent” bekatidan chiqish kerak boʻladi.
Oloy bozori, Gyote instituti — “Abdulla Qodiriy” bekati
“Chorsu” haqida gap ketganda poytaxtning yana bir mashhur joylaridan biri boʻlgan Oloy bozorini eslamaslikning iloji yoʻq. U “Yunusobod” yoʻlining “Abdulla Qodiriy” bekatida joylashgan.
Shuningdek, bu bekat orqali nemis tilida darslar beriladigan Gyote institutiga ham borish mumkin.
Toshkent teleminorasi — “Bodomzor” / “Shahriston” bekati
Toshkent teleminorasini bu jamlanmaning gultoji deyish mumkin. Poytaxtning qishin-yozin yashnab turuvchi “archa"si “Bodomzor” va “Shahriston” bekatlarining oʻrtasida joylashgan.
“Yunusobod” yoʻlidagi ikkala bekatdan ham 5−7 daqiqa piyoda yurish orqali Toshkentning asosiy ramzlaridan birining oldiga yetib olish mumkin.
