"Oramizdagilar": Afrikaning 8 ta davlatiga sayohat qilgan Sanjarbek Nasirbekov bilan suhbat

Oʻzbekistonliklarning sayohat qiladigan davlatlari roʻyxati tobora kengayib bormoqda. Avvaliga qishda BAA yozda Turkiyaga sayohat qilish modaga aylangan boʻlsa, keyinchalik Maldiv orollari, Bali yoki Tailand kabi ekzotik davlatlar ham zabt etildi. Shuningdek, ijtimoiy tarmoqlarda Janubiy Amerika davlatlaridan tortib Antarktidagacha sayohat qilgan oʻzbeklarni uchratish mumkin.
Afisha.uz “Oramizdagilar” ruknida mana shunday sayohatlar geografiyasini kengaytirgan va Afrika qit’asining 8 ta davlatiga borgan Sanjarbek Nasirbekov bilan suhbatlashdi.
— Afrikaning nimasi sizni oʻziga tortdi? Sayohat uchun nega aynan Afrikani tanladingiz?
— Biz ancha yillardan beri sayohat qilib yuramiz, dunyoning juda koʻp joylariga borganmiz. Ancha-muncha davlatlarga, jumladan, Janubiy Osiyoga, Shimoliy hamda Janubiy Amerikaga, Yevropa va boshqa juda koʻp joylarga sayohat qilganmiz.
Hatto Kuba va Yamayka kabi joylarni ham koʻrganmiz. Bu yil esa boradigan joylarni qarab, Afrikaga boramizmi, degan fikr keldi. Afrikaning safarilari, savannalarini koʻrgimiz keldi. Shuning uchun oʻrtoqlar bilan Afrikani tanlashga qaror qildik.
