"Osh boʻlsin": klassik palovlar bilan raqobatlashayotgan "SamOsh" haqida

E’lon qilingan sana· 857
"Osh boʻlsin": klassik palovlar bilan raqobatlashayotgan "SamOsh" haqida

Lokatsiya, narx va shaxsiy fikrlar.

Osh haqida gap ketganda uning klassik turlari bilan bir qatorda (to‘y va choyxona palov) Samarqand oshi ham eslanadi. Oxirgi vaqtlarda bu taom shunchalik mashhurlikka erishdiki, yuqorida sanalgan oshlar bilan raqobat qila boshladi. Toshkent shahrida ham faqatgina zig‘ir yog‘iga tayyorlangan palov pishiradigan osh markazlari ko‘paydi.

Afisha.uz “Osh bo‘lsin” ruknida yana bir bor hamisha boqiy va navqiron shahar palovini tatib koʻrish uchun “SamOsh” markaziga tashrif buyurdi va quyida ushbu kafe haqida so‘z boradi.

Toshkent shahrida “SamOsh"ning ikkita filiali boʻlib, biz uning Parkent bozori yonida joylashgan kafesiga bordik. Manzil: Parkent koʻchasi, 74. Bundan tashqari, hali ochilganiga koʻp boʻlmagan filial ham mavjud boʻlib, bu kafeni Qumariq koʻchasi, 59 manzilidan topish mumkin.

Binoning ikkinchi qavatida joylashgan osh markazini ancha katta deyish mumkin. Ammo doim tashrif buyurvchilar bilan gavjum boʻlgani uchun joy topish ancha muammo. Bu osh markaziga shunchalik koʻp odam keladiki, joy boʻshashini 20−30 daqiqa kutib qolishingiz ham mumkin. Tushlik xoʻrandalar eng gavjum boʻladigan vaqt hisoblanadi.

Kafening ish vaqti boshqa ovqatlanish maskanlarinikidan biroz farq qiladi. Tush vaqtida xizmat koʻrsatish saot 11:30da boshlanadi va 15:00gacha davom etadi. Kechki ovqat uchun soat 18:00da yana qayta ochiladi va 22:00da yopiladi. “SamOsh"ga tashrif buyurishdan oldin shu narsalarni hisobga olish tavsiya etiladi.

Menyuda Samarqand oshiga har xil qoʻshimchalar mavjud boʻlib, ularning eng asosiysi pay goʻshti hisoblanadi. Biroq shuni ta’kidlash kerakki, oshning porsiyasi anchagina katta va goʻshti ham koʻp. Shu sababdan pay goʻshtining alohida shaydosi boʻlmasangiz, oshdagi goʻshtning oʻzi ham bemalol yetadi. Shuningdek, har xil turdagi salatlar ham taklif etiladi va xohishga koʻra tanlash mumkin.

Tashrif buyuruvchilar koʻp boʻlsada, buyurtmamiz koʻp kuttirib qoʻymadi va 7−8 daqiqada keldi. Biz osh bilan yeyish uchun tuzlama, achchiq-chuchuk va bahoriy salat buyurtma berdik.

Samarqand oshini ikki porsiyada, xususan, 0,7 va 1 porsiya buyurtma berish mumkin. Ularning ikkalasi ham ancha koʻp va toʻyimli, shuningdek, bedana tuxumi va ishtahani ochuvchi qalampir bilan birga tortiladi. Palovga qoʻshimcha ravishda qazi ham buyurtma berish mumkin.

Odatdagidan biroz kattaroq toʻgʻralgan sabzilar, biroz tirik guruch bilan yaxshi uygʻunlashadi, goʻshtning koʻpligi esa ovqatga yanada koʻproq maza qoʻshadi. Deyarli har bir qoshiqda guruchga goʻsht hamrohlik qilishi mumkin. Eng muhimi esa osh quruq ham, shu bilan birga juda yoʻgʻli ham emas. Toshkent shahrida Samarqand oshini tatib koʻrish uchun “SamOsh” yaxshi variant ekanining guvohi boʻldik.

“SamOsh"dagi narxlar:

  • Samarqand osh (butun) — 40 000 soʻm;
  • Samarqand osh (0,7) — 35 000 soʻm;
  • pay — 36 000 soʻm.

“SamOsh” markazi bilan bogʻlanish uchun uchun telefon raqamlari:

  • Parkent filiali — (+998) 98−368−7875;
  • Qumariq filiali — (+998) 98−305−7875.

Oldinroq “Osh boʻlsin” ruknida yana bir Samarqand oshini tayyorlash bilan shugʻullanadigan “Registan Osh” markazi haqida soʻz borgandi.

Azimbek Xushmamatov
Muallif
Azimbek Xushmamatov