2025-yilning fevral oyi boshidagi 6−7 kun davomida quruq ob-havo saqlanib turadi. Bu haqda O‘zgidromet agentligi xabar bermoqda.
Qayd etilishicha, ushbu davr boshida havo harorati tunda 0…-5 daraja, kunduzi esa +3…+8 daraja atrofida bo‘ladi. 6−7-fevral kunlariga kelib havo nisbatan iliqlashadi. Kunduz kunlari +12…+15 darajagacha, shimolda +5…+8 darajagacha isiydi.
Keyinchalik, oyning oxirigacha, harorat kechalari +2…+7 darajadan −3…−8 darajagacha, kunduz kunlari +10…+15 darajadan 0…+5 darajagacha yetadi. Shimolda kechalari −2…+3 darajadan −8…−13 darajagacha, kunduz kunlari +5…+10 darajadan 0…-5 darajagacha o‘zgarib turishi kutilmoqda.
Shuningdek, Oʻzbekiston hududi bo‘yicha birinchi o‘n kunlik oxirida asosan yomg‘ir yogʻishi mumkin. Ikkinchi va uchinchi o‘n kunliklarning har birida 2−3 kundan yog‘ingarchilik (yomg‘ir, qor) bo‘lishi kutilmoqda.
Fevral oyida respublika hududi bo‘yicha oylik yog‘ingarchilik miqdori o‘rtacha ko‘p yillik qiymatlardan ko‘p bo‘lmaydi.
XXI asrda fevral oylari qanday boʻlgan?
Ta’kidlanishicha, fevral oyi yanvar oyiga nisbatan o‘rtacha 2−2,5 darajaga, tog‘larda 1−1,5 darajaga iliqroq bo‘ladi. Ammo qish oylarining ob-havosi bir xillikka moyil emas va turli yillarda O‘zbekistonda fevral oylari har xil boʻlgan.
Fevral oylaridagi eng iliq ob-havo XXI asrning 2004, 2016 va 2021-yillarida kuzatilgan, o‘rtacha oylik harorat iqlimiy me’yordan 3−6 darajaga yuqori bo‘lgan. Ushbu yillarda eng iliq davrlarda havo harorati +22…+27 daraja iliqqacha, janubda +28…+30 daraja iliqqacha ko‘tarilgan va bu bahor faslining o‘rtalariga xos hisoblanadi.
Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda meteorologik kuzatuvlarning barcha yillari uchun fevral oyidagi maksimal haroratning mutloq rekordlari respublika hududining katta qismida 2016 va 2021-yillarda kuzatilgan.
Ammo eng iliq yillarda ham fevral hali ham qish oyi ekanligini unuttirmagan. Ko‘pincha havoning jadal isishidan so‘ng qisqa muddatga qishki sovuqlar qaytadi. Shunday qilib, 2021-yilning fevral oyida anomal iliq ob-havodan (me'yordan 8−13 darajaga yuqori) so‘ng, oyning oxirgi haftasida havo harorati 10−15 daraja sovuqqacha pasaygan edi.
Shuningdek, XXI asrda eng sovuq davrlar 2008, 2012 va 2014-yillarning fevral oylarida kuzatilgan bo‘lib, bunda o‘rtacha oylik harorat me’yordan 4−8 darajaga past bo‘lishi kuzatilgan. Respublika hududining katta qismida minimal havo harorati 12−17 daraja sovuqqacha, shimolda esa 24−29 daraja sovuqqacha pasaygan.
Biroq bu sovuqlar kuzatuvlar tarixidagi eng past qiymatlarga nisbatan (hududlarning katta qismida havo harorati 23−28 daraja sovuqqacha, Qoraqalpog‘iston Respublikasida 30−32 daraja sovuqqacha, Ustyurtuda 38−40 daraja sovuqqacha pasaygan) ancha kuchsizroq bo‘lgan.
Faqat Surxondaryo viloyati bo‘yicha minimal havo haroratining mutlaq rekordi ushbu asrga tegishli. 2014-yil fevral oyida harorat 20−22 daraja sovuqqacha pasaygan edi. So‘nggi yillarda O‘zbekistonda fevral oylari iliqroq bo‘ldi.
Infografika: O‘zgidromet.
Ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekiston hududining katta qismida fevral oyi kuz-qish davri uchun yog‘ingarchilik eng ko‘p kuzatiladigan oydir. Shunga qaramay, fevral oyi yog‘ingarchilik miqdori, hamda harorat tartibi bo‘yicha ham turli xil bo‘ladi.
Qayd etilishicha, XXI asrda 2016-yilning fevral oyi eng quruq bo‘lib, barcha hududlar bo‘yicha yog‘ingarchilik oylik me’yorning 20 foizidan kam bo‘lgan. Hududning katta qismida 2010-yil fevral oyida yog‘ingarchilik eng ko‘p bo‘lib, oylik yog‘ingarchilik miqdori me’yordan 200 foizdan 300 foizgacha bo‘lgan edi.
Tekislik hududlar bo‘yicha fevral oyida yog‘ingarchilik tez-tez aralash ko‘rinishda (yomg‘ir, qor) kuzatiladi, lekin qor qoplami kamdan-kam hollarda shakllanadi va 2−5 kundan ko‘p saqlanib turmaydi.