Berkinmachoq, oq terakmi, koʻk terak, qarabtep (lanka): bolalikdagi 10 ta mashhur oʻyin

E’lon qilingan sana· 984
Berkinmachoq, oq terakmi, koʻk terak, qarabtep (lanka): bolalikdagi 10 ta mashhur oʻyin

Hozirda ota-onalar bolalarining turli harakatli oʻyinlar oʻynamay qoʻyganidan noliydi. “Bizning paytda…” soʻzlari bilan boshlanadigan nostalgik gaplar bunga misol boʻla oladi. Shunga qaramay hali ham bir nechta milliy oʻyinlar bolalar tomonidan sevib oʻynaladi. Harakatga asoslangan oʻyinlar bolalarning chaqqon va sogʻlom boʻlishida katta oʻrin tutadi.

Afisha.uz ushbu jamlanmada bolalar tomonidan oʻynaladigan oʻyinlarni bir yerga jamladi.


Besh tosh

Besh tosh oʻyinini oʻynash uchun oddiy kichik, yumalloq va silliq toshlar yoki daryo toshlari kerak boʻladi. Har bir ishtirokchi oʻzi uchun beshta tosh toʻplamini tanlaydi. Qaysidir tomondan bu oʻyin “Kalmar oʻyini” seriali ikkinchi mavsumida koʻrsatilgan oʻyinga ham oʻxshab ketadi. Oʻyinning mohiyati toshlarni uloqtirish va ushlab olishdir.

Oʻyin beshta shartdan iborat. Unga koʻra avval bitta tosh yuqoriga otiladi va shu vaqtda yerdagi toʻrtta tosh ham, havodagi tosh ham bir qoʻl bilan ushlanishi kerak. Shu tariqa yuqoriga ikki, uch, toʻrt va beshta tosh otiladi. Soʻnggi bosqichda esa yuqoriga otilgan toshlar qoʻlning orqa tomoni bilan tutib qolinishi kerak. Qancha koʻp tosh ushlab qolinsa, shuncha ball qoʻlga kiritiladi.


Eshakmindi

Asosan oʻgʻil bolalar ishtirokida oʻynaladigan eshakmindida besh kishi ishtirok etadi. Bunda to‘rtta tosh olinadi va ikki-uch metr masofadan chuqurchaga otiladi. Bitta toshni tushira olgan bola “eshak”, ikkita toshi tushgan bola “ot”, uchta toshi tushgan bola “vazir”, to‘rtta toshi tushgan bola “podshoh” bo‘ladi.

Shunda vazir eshakni, podshoh otni minadi. Hali to‘ptosh otmagan beshinchi bola esa o‘yinni qayta davom ettiradi. Toshkentda shunga o‘xshash o‘yin eshak-eshak deyiladi. Jizzaxda esa bu o‘yin o‘n bir nafar bola ishtirokida ham o‘ynaladi.


Arqon tortish

Nafaqat bolalar, balki kattalar tomonidan ham asosan milliy bayramlarda oʻynaladigan arqon tortish oʻyini hozirda Jahon oʻyinlarining rasmiy sport turi darajasiga koʻtarilgan. Ma’lumotlarga koʻra, ushbu oʻyin 1900-yilda Olimpiya oʻyinlari dasturiga kiritilgan va 1920-yilgacha davom etgan.

Sakkiz yoki oʻn nafar bola ikki jamoaga boʻlinadi va arqonni ikki tomondan ushlaydi. Arqonning oʻrtasida “markaziy belgi”, shuningdek, undan 4 metr masofada ikkita yon belgi qoʻyiladi.

Musobaqa boshlanishidan oldin jamoalar markaziy belgi yerga chizilgan chiziqdan yuqori boʻladigan tarzda turishadi. Hakamning signaliga koʻra, ikkala jamoa ham arqonni tortishni boshlaydi va raqibga eng yaqin belgi yerdagi chiziqni kesib oʻtishini yoki raqib jamoani charchatishga harakat qiladi. Agar jamoadan kimdir oʻtirsa yoki yiqilib qolsa, jarima beriladi.


Oq terakmi, koʻk terak?

“Oq terakmi, koʻk terak?” — bolalar oʻyini boʻlib, unda ishtirokchilar boʻyi, kuchi va chaqqonligiga qarab teng 2 jamoaga boʻlinadi (har jamoada 10 dan 20 tagacha bola qatnashadi), 15−20 metr oraliqdagi masofada qoʻl ushlashib saflanib turadi. Bir jamoa a’zolari birgalikda ushbu jumlalarni aytadi: “Oq terakmi, koʻk terak! Bizdan sizga kim kerak?”. Ikkinchi jamoa sardori esa raqiblardan kimningdir ismini aytib chaqiradi.

Shundan soʻng oʻsha chaqirilgan bola yugurib kelib, raqib jamoa aʼzolarining qoʻl ushlashib turgan yerini koʻkragi bilan uzishga urinadi. Agar qoʻllar ushlangan joyidan uzilib ketsa, raqib tomondagi bolalardan xohlaganini oʻz jamoasiga olib ketadi, uzolmasa, oʻzi oʻsha jamoada qoladi. Oʻyin shu tariqa navbat bilan davom etadi. Qaysi jamoada oʻyinchilar qolmasa, oʻsha jamoa magʻlubiyatga uchraydi.


Qarabtep (Lanka)

Qarabtep milliy bolalar o‘yini, lanka esa shu o‘yin anjomi nomi hisoblanadi. Xalq orasida bu oʻyin aynan lanka nomi bilan mashhur. Lanka so‘yilgan mol, qo‘y terisidan dumaloq kesib olinib, junsiz tomoniga shunga mos qo‘rg‘oshin yoki tangani ip bilan mahkamlab tayyorlanadi.

Bu anjomni bolalar oyoqning ich yoki tashqi tomoni bilan kim ko‘p yerga tushirmay tepib o‘ynashadi. Lanka havoda oyoqqa yaqinlashayotganda bola lankani qanday tepish kerakligi haqida tezda bir fikrga kelib, tepish turini tanlaydi va kerakli harakatlarni bajaradi.


Berkinmachoq

Harakatli bolalar oʻyinlaridan biri hisoblangan berkinmachoqni deyarli hamma oʻynagan boʻlsa ajab emas. Unda bir oʻyinchi koʻzini yumadi va belgilangan songacha sanashni boshlaydi. Qolgan oʻyinchilar esa berkinadi. Sanagan inson berkingan insonlarni qidirib topishi va sanagan joyiga qaytib kelishi kerak.

Kim birinchi qoʻlini maʼlum joyga qoʻysa yaʼni sanagan insonning hududida turib qoʻlini devorga qoʻysa oʻsha inson gʻolib boʻladi. Bu oʻyinni 2−5 va undan ortiq bolalar bilan oʻynash kerak. Oʻyin epchil, chaqqon, ziyrak va topagʻonlikka oʻrgatadi.

Oʻzbekistonning ba’zi hududlarida bu oʻyin yashintopaloq deb ham ataladi va u berkinmachoqdan tunda oʻynalishi bilan farq qiladi.


Quvlashmachoq

Quvlashmachoq bolalar orasida mashhur boʻlgan va hozirgacha katta qiziqishni yoʻqotmagan oʻyin hisoblanadi. Unda istalgancha bolalar ishtirok etishi mumkin. Ishtirokchilardan biri guruhdagi bolalarni quvlashi va yetib olishi kerak. Keyin esa yetib olingan bola quvlashni davom ettiradi.

Hozirda ushbu oʻyin ham arqon tortish kabi jahon sporti darajasiga chiqqan. 2016-yilda esa Londonda professional quvlashmachoq bo‘yicha jahondagi birinchi chempionat bo‘lib o‘tgan.


Jonkuyar (Oʻrtaga tushar)

Qizlar (yoki yigitlar) ikki tomonda turib olib, o‘rtadagi ishtirokchini to‘p bilan urib safdan chiqarishdan iborat o‘yin nomi. Andijon tomonda bu o‘yin lopta, Toshkent shahrida esa lafta deyishadi. O‘rtaga chiqqan ishtirokchi boshqalar otgan koptokni yo ilib olib “jon” yig‘ishi, yo koptokka chap berishi kerak.

Uloqtirilgan to‘p ilib olinmasa yoki to‘p badanning biror joyiga tegsa, yig‘ilgan “jon"i kuyadi — bekor bo‘ladi va o‘yindan chiqadi. Shuning uchun oʻyin nomi jonkuyar deyiladi. Oʻzbekistonning ba’zi hududlarida ushbu oʻyin “oʻrtaga tushar” ham deb nomlanadi.


Chillak (Chillik)

Oʻzbek xalqining milliy oʻyini boʻlgan chillak uchun uzunligi bir metr atrofida boʻlgan tayoq “Enasop” va chillak tayyorlanadi. Chillakning uzunligi 15−20 sm, ikki uchi qalam shaklida yoʻnilgan boʻladi. Bundan maqsad chillik yerda turganda uchiga urib, havoga koʻtarish hisoblanadi. Havoga koʻtarilgan chillakni enasop bilan urib, uzoqqa yoʻnaltirish kerak boʻladi. Chillik oʻyini soʻnggi yillarda isteʼmoldan chiqa boshlaganiga qaramay, xalq sayllarida eslanib, oʻynalmoqda.

Ushbu anjomlar Oʻzbekistonning ba’zi hududlarida chillakbola va chillakona yoki chillaksop deb ham ataladi. Ular tol shoxidan tayyorlanmasa tezda sinib ketishi mumkin. Ushbu oʻyinda yutqazgan oʻyinchilar har xil shartlarni bajarishga majbur boʻladi.


Laylak keldi

Laylak keldi milliy bolalar oʻyini hisoblanadi va 2 nafardan 6 nafargacha bolalar orasida oʻynaladi. Bu oʻyin uchun hech qanday tayyorgarlik, alohida joy yoki anjomlar kerak boʻlmagani uchun ham qulay hisoblanadi.

Oʻynash uchun bolalar qoʻllarini bir-birining qoʻliga qoʻyadi va kaftlarini urib, oʻyinning maxsus “Laylak keldi…” soʻzlarini ayta boshlaydi. Soʻzlar oxirida bir son tanlanadi va kaftlarini urish davom etadi. Soʻnggi songa kelganda oxirgi oʻyinchi kaftini olib qochishi kerak. Agar olib qocha olmasa magʻlub boʻladi.

Maqolada foydalanilgan barcha suratlar sun’iy intellekt tomonidan yaratilgan.

Azimbek Xushmamatov
Muallif
Azimbek Xushmamatov
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling