Foto: O‘zbekiston Osakadagi "Expo 2025" ko‘rgazmasida

Pavilion unarmandchilik merosi va mamlakatning barqaror kelajagini o‘zida mujassam etadi.
“Expo 2025 Osaka” ko‘rgazmasidagi O‘zbekiston paviloni “Bilimlar bog‘i: kelajak jamiyati laboratoriyasi” nomli immersiv koʻrgazmani taqdim etadi. Pavilion va uning ekspozitsiyasi bu yilgi ko‘rgazmaning asosiy mavzusi “Hayotimiz uchun kelajak jamiyatlarini loyihalash” bilan hamohangdir. O‘zbekiston va Yaponiyada yog‘och o‘ymakorligi va ibodatxonalar qurish kabi uzoq yillik an’analarning mavjudligi bois ushbu pavilion ikki mamlakat o‘rtasida madaniy muloqotga hissa qo‘shadi.
Foto: Shuhrat Latipov
Pavilionda 2030-yilgacha bo‘lgan strategiya va YUNESKOning rivojlanish maqsadlariga muvofiq O‘zbekistonda ta’lim, madaniyat, innovatsiya va toza energiya sohasidagi o‘zgarishlarni aks ettiruvchi asosiy loyihalar namoyish etilmoqda.
Birinchi qavatda mehmonlar qayta tiklanadigan energiya tashabbuslari, shamol elektr stansiyalari va barqaror transportni namoyish etuvchi ko‘rgazmalar orqali YUNESKO Barqaror rivojlanish maqsadlarining 7- yo‘nalishiga (Hamyonbop va toza energiya) muvofiq O‘zbekistonning “yashil” iqtisodiyotga o‘tishini ta’kidlovchi media qurilmalari bilan tanishishi mumkin.
Sanoatni rivojlantirish yo‘nalishi O‘zbekistonning 9-Barqaror rivojlanish maqsadlariga (sanoat, innovatsiyalar va infratuzilma) sodiqligini, xususan, Yaponiya hukumati tomonidan qo‘llab-quvvatlangan Orolbo‘yi mintaqasini tiklash tashabbusi orqali namoyish etadi, bu esa qishloq xo‘jaligining innovatsion usullari tarixan halokatga uchragan mintaqa qanday tiklanayotganini ko‘rsatadi.
Bundan tashqari, pavilionning “Madaniy rivojlanish” bo‘limida tabiiy materiallardan foydalangan holda barqaror rivojlanish asosida ishlaydigan usta hunarmandlar, yosh ijodkorlar va dizaynerlar o‘rtasidagi global hamkorlikni rivojlantirishga xizmat qiluvchi hunarmandchilik bayrami bo‘lgan SDG 4 (Sifatli ta’lim) ga erishishga bag‘ishlangan xalqaro “Homo Faber” loyihasi o‘rin olgan.
Foto: Shuhrat Latipov
Pavilyonning me’moriy konsepsiyasi daraxtlar soyasida to‘planish g‘oyasidan ilhomlangan bo‘lib, Ipak yo‘li bo‘ylab joylashgan qadimiy karvonsaroylarni esga soladi: bu joylar tarixan sayohatchilar va savdogarlarga boshpana bergan. Pavilion an’anaviy himoya, ta’lim va bilim almashish tamoyillarini zamonaviy tarzda qayta ko‘rib chiqib, zamonaviy va barqaror Bilimlar bog‘iga aylantirilgan. “Expo 2025 Osaka” ko‘rgazmasining g‘arbiy kirish qismiga yaqin joylashgan bu inshoot, mehmonlar darhol O‘zbekistonning boy merosi va zamonaviy innovatsiyalari bilan tanishishi mumkin bo‘lgan ochiq va mehmondo‘st makon sifatida loyihalashtirilgan.
“O‘zbekiston pavilyoni… — mamlakatimizning innovatsiyalar, barqarorlik va global hamkorlikka sodiqligining kuchli ifodasidir. Madaniy merosimizga chuqur asoslangan va kelajakka intilayotgan pavilion muloqot, bilim almashish va ijodiy sheriklik uchun dinamik platforma bo‘lib xizmat qiladi…”, — dedi O‘zbekiston san’at va madaniyatni rivojlantirish komissiyasi raisi Gayane Umerova.
Ko‘rgazmaning o‘ziga xos jihati ko‘tarilayotgan platforma ichidagi 360 darajali multimedia sayohatidir. Atigi uch daqiqa ichida proyeksiyalar va ovozli landshaftlar mehmonlarni O‘zbekistonning o‘zgarish jarayoniga shoʻngʻish, ularni Bilimlar bog‘iga yetib kelishga tayyorlash imkonini beradi. Innovatsion dizayni va maqsadi bo‘yicha noyob bo‘lgan ushbu harakatlanuvchi platforma Yaponiyada birinchi bo‘lib, tashrif buyuruvchilar uchun misli ko‘rilmagan sayohatni taklif etadi.
“Bilimlar bog‘i"ning ochiq peshtoq ayvoniga ko‘tarilgan tomoshabinlar o‘zlarini nozik yog‘och ustunlardan iborat sokin o‘rmonda topadi. Bu Xivadagi tarixiy Juma masjidiga boʻlgan me’moriy ehtiromdir. Pavilionning barqarorlik va ashyolarning shaffofligiga sodiq ekaniga urg‘u bergan holda ustunlar tomoshabinlarga pavilion qurilishida ishlatilgan yog‘ochning kelib chiqishi Yaponiga borib taqalishini kuzatish imkonini beruvchi yaqin masofa aloqasi (NFC) belgilari bilan jihozlangan.
“Ildizlari boy madaniy va me’moriy merosga borib taqaluvchi, o‘zgarishlar jarayonidagi an’analar haqida hikoya qiladi. Ushbu pavilion bilan biz almashinuvlar, ilg‘or peshqadamlik va barqarorlik ruhini tantana qilamiz. Tarixiy shakl va ashyolar ham vaqt sarhadlari bilan cheklanmagan, ham kelajak sari yuzlangan tajriba kechinmalarini yaratish maqsadida hozirgi zamon dizayni orqali qayta tasavvur qilingan. Ushbu g‘oyani Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi bilan birgalikda amalga oshirish chinakamiga sharafdir”, — “Atelier Brückner” studiyasining boshqaruvchi direktori Shirin Frangul-Brukner.
Foto: Shuhrat Latipov
Yaponiyada tavallud topgan livanlik Nada Debs tomonidan o‘zbek hunarmandlari bilan hamkorlikda loyihalashtirilgan qo‘lda yasalgan sopol taburetkalar an’anaviy o‘zbek hunarmandchiligidan ilhom olgan. Debs, shuningdek, pavilionning VIP xonasining mebeli va dizayniga hissa qo‘shgan. O‘zbekistonlik kulol Abdulvohid Buxoriy Karimov pavilion do‘konining poli, devorlari va shifti uchun o‘ziga xos feruza rangli 11,000 dan ortiq an’anaviy Buxoro koshini yaratdi. Pavilion dizayni va ichki bezagiga hissa qo‘shgan boshqa o‘zbekistonlik rassomlar so‘zanachi Madina Kasimbayeva va kulol Alisher Nazirovlardir.
Foto: Shuhrat Latipov
Dizayner Nada Debs shunday deydi: “O‘zbekiston pavilionining VIP xonasi va sopol kursichalarimizning dizayni nafaqat an’anaviy hunarmandchilikning yangi talqinini, balki O‘zbekiston uchun yangi obyekt va qarashlarni yaratish uchun chegaralarga barham beruvchi madaniyatlar o‘rtasidagi jonli muloqotni tamsil etadi. Men mazkur madaniy almashinuvga hissa qo‘shganimdan va yangi merosni yaratishda ishtirokchi bo‘lganimdan cheksiz faxrlanaman”.
Kulolchi Abdulvohid Buxoriy Karimov: “Ushbu loyihaning ishtirokchisi bo‘lganimdan qalbim iftixorga to‘ldi. 1992-yildan beri an’anaviy Buxoro kulochilik maktabiga xos sir sopolini qayta yaratishni orzu qilib kelaman va Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi hamda YUNESKO ko‘magida 2006-yilda o‘z studiyamga asos solishga muvaffaq bo‘ldim”.
Foto: Shuhrat Latipov
“O‘zbekiston” pavilionining ochilishi 13-aprel kuni bo‘lib o‘tadi. “Expo 2025 Osaka” olti oylik faoliyati davomida qiziqarli madaniy tadbirlar, muhokamalar va chiqishlarga mezbonlik qiladi.
May oyida pavilionda maxsus tadbir bo‘lib o‘tadi, unda Rixter triosi ishtirokida O‘zbekiston Milliy simfonik orkestri konserti bo‘lib o‘tadi. Bundan tashqari, tashrif buyuruvchilar mavzu haftaliklari va Cartier ayollar pavilioni doirasida boʻlib oʻtadigan barqarorlik, biologik xilma-xillik va san’at boʻyicha sessiyalarda ishtirok etishi mumkin. Sentyabr oyida O‘zbekiston Respublikasining Milliy kuni nishonlanadi.
Pavilon va uning ko‘rgazmasi O‘zbekiston san’at va madaniyatini rivojlantirish jamg‘armasi buyurtmasiga ko‘ra, mukofotga sazovor bo‘lgan ATELIER BRUKNER byurosi tomonidan loyihalashtirilgan.
“EXPO 2025” koʻrgazmasidagi Oʻzbekiston pavilioni 2025-yil 13-apreldan 13-oktabrgacha Yaponiyaning Osaka shahridagi Yumesima orolida faoliyat yuritadi.