Musiqa erkinlik maskani sifatida: Toshkentda "Musiqaxona" art-maydoni ochildi

E’lon qilingan sana· 174
Musiqa erkinlik maskani sifatida: Toshkentda "Musiqaxona" art-maydoni ochildi

O‘zbekistonga birinchi marta ushbu loyiha uchun olib kelingan afsonaviy ovoz tizimi — “Function One” taqdimoti kechaning asosiy voqealaridan biri bo‘ldi.

O‘tgan dam olish kunlari Toshkentda mahalliy madaniy san’at uchun yorqin va muhim voqea — “Sublimation” festivali jamoasi tomonidan yaratilgan yangi “Musiqaxona” art-maydonining ochilishi bo‘lib o‘tdi. Bu shunchaki studiya yoki maktab emas — bu ovoz o‘zini ifoda etish vositasiga aylanadigan, ijod esa o‘z uyini topadigan hudud.

“Musiqaxona” g‘oyasi san’atkorlar, prodyuserlar va musiqa ixlosmandlarini bir tom ostiga yigʻish istagidan kelib chiqqan. Bu yerda maktab va musiqa yaratish studiyalari faoliyat yuritadi. Tashkilotchilar ta’kidlaganidek, makon “noldan — gʻoya, sevgi, ovoz va odamlarga ishonish bilan” yaratilgan.

O‘zbekistonga birinchi marta ushbu loyiha uchun olib kelingan ovoz tizimi — “Function One” taqdimoti kechaning asosiy voqealaridan biri bo‘ldi.

Kecha shinam muhitda o‘tdi. Mehmonlar gazaklar va mualliflik ichimliklari bilan mehmon qilindi. Shuningdek, maydon bo‘ylab ekskursiyalar o‘tkazildi. “Sublimation” rezidentlari so‘zga chiqdi, loyiha hammuassislari — Madina Ishmuradova, Sabine va Eldor Karimov esa mehmonlarni qutlab, “Musiqaxona"ning kelajakdagi rejalari haqida so‘zlab berdi.

“Biz O‘zbekistonning yosh iste’dodlari uchun platforma yaratmoqchi edik. Bu shunchaki DJ’lar maktabi emas, balki musiqa yozish, hamkorlik qilish, podkastlar qilish mumkin bo‘lgan joy. Inson ijod qilishi va ilhomlanishi mumkin bo‘lgan makon”, — dedi Sabine.

Loyiha sa’y-harakatlarning qorishmasi natijasida paydo boʻldi: festivallardan biridan keyin “Sublimation” jamoasi maktab yaratish gʻoyasida yurgan Eldor Karimov bilan uchrashgan.

“Biz festivallar oʻtkazganimizda mahalliy san’atkorlarni taklif qilamiz. Lekin bu odamlar oʻzlarini xavfsiz his qiladigan va oʻsib-ulgʻayadigan joyga ega boʻlishini istardik”, — dedi Sabine.

Maktab “Sublimation” falsafasining davomi va festivalning oʻziga xos subbrendiga aylandi.

“Bu yerda tahsil olayotganlar kelajakda bizning tadbirlarimizda ishtirok etishi mumkin. Bu mashgʻulotdan tortib sahnagacha boʻlgan toʻliq jarayondir”, — deya qayd etadi jamoa.

O‘quv dasturi mahalliy kontekstni hisobga olgan holda ishlab chiqilgan. Muntazam kurslardan tashqari, xorijiy va mahalliy prodyuserlar bilan mahorat darslari, maktabni jihozlar va mutaxassislar bilan ta’minlaydigan “Ableton Live” va “Native Instruments” kompaniyalari bilan hamkorlik rejalashtirilgan.

Mashg‘ulotlar rus, o‘zbek va kerak bo‘lganda ingliz tillarida olib boriladi. Yosh cheklovlari yoʻq.

“Menimcha, musiqa va san’atning yoshi yoʻq”, — deb ta’kidlaydi asoschilardan biri.

Maydon bir nechta funksional zonalarga boʻlingan:

  • DJ maktabi — mikslarni tayyorlash va yozish uchun kichik xona;
  • ovoz yozish studiyasi — treklar va kolloboratsiyalarni yozish uchun;
  • zal — ma’ruzalar, ziyofatlar va tadbirlar oʻtkaziladigan joy;
  • maktab oʻquvchilari va bitiruvchilarning treklari ijro etiladigan shaxsiy radiostansiya.

“Musiqaxona” nomi tasodifan tanlanmagan:

“Eng muhimi, bu nom oʻzbekcha va hammaga tanish edi. „Musiqa“ soʻzi barcha tillarda deyarli bir xil yangraydi. Shuning uchun biz „Musiqa“ qismini oʻylab topdik. „Xona“ qismini esa hammamiz yaxshi koʻradigan odamlar yigʻiladigan joy boʻlgani uchun qoʻshdik. Shu bilan „Musiqaxona“ nomi kelib chiqdi”, — deydi Madina Ishmurodova.

Kurslar, o‘qish jadvali va narxi to‘g‘risidagi batafsil ma’lumot maktabning rasmiy veb-saytida mavjud boʻlib — tez orada o‘z ishini boshlaydi.

“Musiqaxona” ishga tushirilishi bilan jamoa musiqachilarning yangi avlodini yetishtirishga umid qilmoqda, ular uchun bu shunchaki sevimli mashg‘ulot emas, balki yashash va olam bilan muloqot qilish usulidir.

Muallif: Fotima Yusupova
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling