Tarixning zamonaviy ko‘rinishi: Yangilangan Geologiya muzeyiga sayohat

E’lon qilingan sana· 353
Tarixning zamonaviy ko‘rinishi: Yangilangan Geologiya muzeyiga sayohat

Toshkentning sokin va ilmiy ruhi bilan yashayotgan hududlaridan birida, Olimlar ko‘chasida joylashgan Geologiya muzeyi har kimni hayratga soladi.

Bu oddiy bino emas — bu yerda minglab yillar davomida yer qa’rida yashiringan sirlar, tarixlar va topilmalar jamlangan. Bu sayohat nafaqat bilim, balki hayrat, fikr va his-tuyg‘ular bilan to‘lib-toshadi. Afisha.uz muxbirlari yangilangan muzey bilan tanishib, maqola tayyorladi.

Geologiya muzeyining tarixi 1926-yildan boshlanadi. O‘shanda faqat bir xona bo‘lgan bu joy bugun uch qavatli zamonaviy ekspozitsiyaga aylangan.

Har bir zaldan o‘tayotganda, o‘tmish siz bilan sokin, ammo chuqur suhbat qurayotgandek tuyuladi. Qadimgi tog‘ jinslari, noyob minerallar, shliflar va dinozavr suyaklarigacha — bu yerda yer tarixining jonli lavhalari jamlangan.

Yaqin tarixda ham muzey geologiya sohasida bilim olayotgan talabalarga o‘quv mashg‘ulotlari o‘tilgan. Bundan tashqari maktab o‘quvchilariga, talabalarga va tashrifchilarga yerniing paydo bo‘lishi, yerning rivojlanish tarixi, Quyosh sistemasi, Yer shari, tog‘ jinslari, vulqonlar otilishi, zilzilalar, ekologiya, qadimgi hayvonot dunyosi, paleontologiya, yer osti hamda yer usti boyliklari haqida ekskursiyalar o‘tilgan.

Prezidentning 2020-yil 8-iyundagi qarori bilan Geologiya muzeyi yangilangan holda qaytadan tashkil etilgan. Muzeyning yangi binosida bugungi zamonaviy muzeylar talablariga javob beradigan barcha imkoniyatlar yaratilgan. Muzey ekspozitsiyasi yangi konsepsiya asosida tashkil etilgan.

Rasmiy ma’lumotga ko‘ra, bugungi kunda muzey xazinasida 50 mingga yaqin eksponatlar saqlanadi. Bular minerallar, tog‘ jinslari, shliflar, noyob topilmalar va boshqa topilmalardan iborat.

Muzeyning ko‘rgazma zallari binoning 3 qavatiga joylashtirilgan.

Jumladan, birinchi qavatda Yerdagi tabiiy minerallar haqida batafsil ma’lumot beruvchi bo‘lim mavjud. Bundan tashqari, Quyosh tizimidagi sayyoralar, qadimgi suvosti hayvonot dunyosi to‘g‘risidagi bo‘limlar ham mehmonlarga xizmat ko‘rsatadi. Shu bilan birga, ushbu qavatda instagrambop planetariy bor. Unda orqa fonda Quyosh, Yer, Zuhro kabi sayyoralarning kattalashtirilgan yorqin tasviri namoyish etiladi.

Muzeyning 2-qavatiga chiqishingiz bilan g‘orga duch kelasiz. Uning ichiga kirishingiz bilan ibtidoiy odamlar jamoasiga duch kelasiz. Shuningdek, yo‘lak davomida turli mineral toshlar va hayvonlarni uchratish mumkin. Bu yer yaxshi yoritilmagani uchun rasm tushishga biroz qiynalishingiz turgan gap. Biroq tarixga nazar tashlash uchun ajoyib yechim bo‘la oladi.

2-qavatdagi yana bir e’tiborli jihat dinozavrlarning maketlaridir. Ulardan birining boshi 3-qavatgacha chiqqan. Bu orqali qadimgi jonivorlarning haybati tasvirlangan deyish mumkin. So‘nggi qavat asosan minerallarga bag‘ishlangan. Va ularning ko‘rinishi, kelib chiqishi hamda kimyoviy tarkibi haqida batafsil ma’lumot berilgan.

2020-yilda Davlat geologiya muzeyiga O‘zbekiston Respublikasi Madaniy meros agentligi huzuridagi Davlat muzeylarining toifalarini belgilash bo‘yicha maxsus komissiya majlisining qaroriga asosan — “Oliy toifali” muzey guvohnomasi berilgan.

Ish kunlari: Seshanbadan yakshanbagacha (faqatgina dushanba dam olish kuni).

Ish vaqti: 09:00 dan 17:00 gacha, shanba-yakshanba kunlari 09:00 dan 16:00 gacha.

Narxlar:

  • kattalarga — 25 ming so‘m;
  • talabalarga — 15 ming so‘m;
  • o‘quvchilarga — 10 ming so‘m;
  • nafaqaxo‘rlarga — 10 ming so‘m;
  • 7 yoshgacha bolalarga bepul;
  • ekskursiya xizmati — 30 ming so‘m.

Manzil: Toshkent shahri Mirzo Ulug‘bek tumani Olimlar ko‘chasi 64-uy.

Yandex Xarita | Google Xarita

Murojaat uchun telefon: (+998) 93−557−3722.

Humoyun Mahkamov
Muallif
Humoyun Mahkamov
Shohruh Haydarov
Fotosuratchi
Shohruh Haydarov
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling