Qadrdon musiqalar jonli ijroda: Glier maktabining Instagram yulduzlari bilan Toshkent aeroportida fleshmob

E’lon qilingan sana· 2 477
Qadrdon musiqalar jonli ijroda: Glier maktabining Instagram yulduzlari bilan Toshkent aeroportida fleshmob

Instagram yoki boshqa tarmoqlarda quvnoq yosh yigitlar turli musiqalarni jonli chalayotganiga ko‘zingiz tushgan bo‘lsa kerak. Ular – Glier nomidagi ixtisoslashgan musiqiy maktab o‘quvchilari. Afisha.uz yigitlar bilan Toshkent xalqaro aeroportida musiqiy fleshmob uyushtirdi va ulardan qisqa intervyu oldi.

Dastlabki manzilimiz aeroport bo‘ldi. Yigitlar bilan u yerga borib, uchib ketish zalida o‘rnatilgan royalda musiqa chaldi. Ularning barchasi jonli va reysini kutayotgan yo‘lovchilar qarshisida bo‘ldi. YouTube sahifamizdagi videoda ushbu jarayonni ko‘rishingiz mumkin.

Yigitlar guruhda 6 kishi bo‘lib ijod qiladi, ammo biz suratga olgan kuni faqat 4 kishining imkoni bo‘ldi. Ular — Saidjon, Dostonbek, Saidburhon va Asliddin.

Saidjon beshinchi sinfdan beri klarnet musiqiy asbobini chaladi. Guruh administratori. U bu yil Glier maktabini bitirdi.

Pianonichi Dostonbek, ixtisosligi valtorna musiqiy asbobi bo‘lgan Saidburhon va yo‘nalishi doira bo‘lgan hamda boshqa insturmentlar, masalan, dovul chalishni biladigan Asliddin 8-sinfni tugallab, 9-sinfga o‘tdi bu yil. Ular 2024-yildan beri birga ijod qilishadi. Bolalar maktab yotoqxonasida qolib, videolarini o‘sha yerda suratga tushirishadi.

Ularning Instagram sahifasiga e’tibor beradigan bo‘lsak, turli davlatlar musiqalarini bemalol chalishadi. Asosan, ozarbayjoncha musiqalari TOPga chiqqan va u davlatdan ham kuzatuvchilar yig‘ishgan. Yigitlarning aytishicha, endi ular Turkiya, Qozog‘iston, Rossiya va boshqa davlatlarga xos musiqalarni chalib, u yerdan ham kuzatuvchilar yig‘ishmoqchi.

Ularning mashhur bo‘lgan ilk qo‘shig‘i guruh bo‘lib chalingan Sherali Jo‘rayevning “Bandaman” qo‘shig‘i bo‘lgan. U videoni ota-onalarning o‘zi tarqatib yuborishgan va internetda ulardan boshqa qo‘shiqlarni ham talab qilishayotganini o‘qib, shu guruhni tashkil qilishga qaror qilishgan. Fleshmobimizda ular “Karib dengizi qaroqchilari” saundtreki, ularga mashhurlik olib kelgan “Bandaman” qo‘shig‘i, ozarbayjoncha va o‘zbekcha qo‘shiqlarni ham chalishdi.

To‘liq videoni YouTube sahifamizda tomosha qilishingiz mumkin.

Mirjalol Qosimov
Muallif
Mirjalol Qosimov
Fotosuratchi: Shahzod Habibullayev
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling