Shahar madaniyatining bir qismiga aylanib borayotgan do‘konlar tarmog‘i: The Mart nimasi bilan mashhur va nega yoshlar uni juda yaxshi ko‘radi

Bir qarashda, “The Mart” tokchalari yorqin rangga bo‘yalgan kichik supermarketni eslatadi, lekin ichkariga kirganingizdan so‘ng, u shunchaki do‘kondan ham ko‘proq narsa ekanligini tushunasiz. Bu yerda o‘ziga xos muhit hukm suradi: noodatiy mahsulotlar joylashtirilgan ko‘plab javonlar, pishirilayotgan ramen hidi va qulay o‘rindiqlar — hammasi haqiqiy Seul do‘konlaridagidek.
“Bu xuddi doramalardagidek”, deydi tashrif buyurganlardan biri Sevara. “Bu yerda siz oʻzingizning taomingizni tanlashingiz, pishirish jarayonini kuzatishingiz mumkin, stol va stullar esa xuddi serialdagi kabi. Biz ko‘pincha dugonalarim bilan ataylab bu yerga kelamiz, shunchaki o‘tirib gaplashish uchun.
The Mart — bu gibrid: bir qismi gastromarket, bir qismi mini-kafe. Asosiy e’tibor Osiyo, xususan, Janubiy Koreya, AQSH va Yevropadan import qilinadigan mahsulotlar va tayyor taomlarga qaratilgan. Javonlarda oddiy supermarketlarda uchramaydigan ramen, shirinliklar, chipslar, ichimliklar, sut mahsulotlari, yuz parvarishi vositalari va uy-ro‘zg‘or buyumlarining o‘nlab turlari mavjud.
Tashkent City Parkdagi filial eng keng va yangisi hisoblanadi. Ichkarida 12 ga yaqin, tashqarida esa 20 dan ortiq oʻrindiq bor.Hatto kechki paytlarda ham bu yer gavjum: kimdir ishdan so‘ng yengil ovqatlanish uchun, kimdir do‘stlari bilan suhbatlashgani keladi.
“Biz dugonalarim bilan bu yerda shunchaki o‘tirib, suhbatlashishni yoqtiramiz, — deydi tashrif buyuruvchilardan biri, — The Mart kechayu kunduz ishlaydi, bu esa juda qulay.”
Muntazam yangiliklar ham alohida qiziqish uyg‘otadi. Deyarli har hafta do‘konda yangi narsalar paydo bo‘ladi: cheklangan miqdordagi ramen ta’mlaridan tortib yangi ichimliklargacha. Odamlar doimo yangi narsalarni tatib ko‘rish uchun qayta-qayta kelib turishadi.
“Men bir hafta bo‘lmagandim, shu orada yangi ta’mlar paydo bo‘libdi. Bu yerda achchiq ham, shirin ham, sho‘r ham — xohlagan narsangizni topasiz. Bu juda zo‘r,” — deydi doimiy mijozlardan biri.
Biz xitlardan birini tatib ko‘rishga qaror qildik — mashhur koreys brendi Buldak’dan Rosé ta’mli ramen va The Mart’da tayyorlagan kimpab. Ta’kidlash joizki, barcha mahsulotlar yangi va mazali. Tashrif buyuruvchilar oqimi ko‘pligi sababli, kech bo‘lishiga qaramay, ramen tayyorlanishini taxminan 30 daqiqa kutishga to‘g‘ri keldi.
Har bir porsiya ramen keng, chuqur bir martalik idishlarda tortiladi. Eng muhimi, taomni o‘z ta’bingizga moslashtirish imkoniyati mavjud. Masalan, pishloq yoki tuxum qo‘shishingiz yoki o‘zingizga ma’qul achchiqlik darajasini tanlashingiz mumkin. Bu jarayon taomni yanada oʻziga xos va qiziqarliroq qiladi.
Taom tayyorlangach, uni alohida peshtaxtadan olib ketish mumkin, chunki do‘konda o‘z-o‘ziga xizmat ko‘rsatish tizimi joriy etilgan. Ramen narxi 15 000 so‘mdan boshlanadi. Bu mazali, tez va arzon — aynan shuning uchun ham The Mart o‘smirlar va talabalar orasida yanada ommalashmoqda.
“Men bu yerga asosan ramen va korn-dog uchun kelaman. Menga bu yerning muhiti yoqadi. Hammasi qanday tashkil etilgani yoqadi — o‘zing tanlaysan, o‘zing ishtirok etasan”, — deydi xaridor.
Bugungi kunda Toshkent shahrida 8 ta The Mart filiallari mavjud boʻlib, ularning barchasi shaharning markaziy hududlarida joylashgan. Aynan 24/7 formati, “Seulga oʻxshash” atmosfera va turli xil noodatiy mahsulotlar bu doʻkonlarni ayniqsa yoshlar orasida mashhur qildi.