O‘zbekistonda Zamonaviy galereya va Yosh rassomlar markazi tashkil etiladi

E’lon qilingan sana· 142
O‘zbekistonda Zamonaviy galereya va Yosh rassomlar markazi tashkil etiladi

O‘zbekistonda tasviriy va amaliy san’atni rivojlantirish bo‘yicha keng ko‘lamli dastur boshlanmoqda. Prezidentning yangi qaroriga ko‘ra, Toshkentda rassomlar va dizaynerlar uchun yangi ko‘rgazmalar maydoni — Zamonaviy galereya quriladi, shuningdek, 40 ta yakka tartibdagi ustaxonani o‘z ichiga olgan Yosh rassomlar markazi tashkil etiladi.

Bundan tashqari, Badiiy ko‘rgazmalar direksiyasining ko‘rgazmalar zalini rekonstruksiya qilish rejalashtirilgan. Infratuzilmaga oid boshqa oʻzgarishlar qatoriga Pavel Benkov nomidagi Respublika rassomlik maktabida qoʻshimcha oʻquv binosi qurilishi va qogʻoz ishlab chiqarish sexining ochilishi kiradi, bu yerda anʼanaviy oʻzbek qogʻoz ishlab chiqarish texnologiyalari qayta tiklanadi.

Dastur nafaqat madaniy infratuzilmani, balki o‘qituvchilar va murabbiylarni qo‘llab-quvvatlashni ham qamrab oladi. Yoshlarga saboq berayotgan tajribali ijodkorlarga har oy byudjetdan, Badiiy akademiyasi va uning Qoraqalpog‘iston bo‘limi xodimlariga esa ish haqiga qo‘shimchalar va ishlagan yillari uchun qo‘shimcha to‘lovlar to‘lanishi belgilandi.

Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy san’at institutiga ham qator imtiyozlar beriladi: o‘qituvchilarning ijodiy ishlari ilmiy ishlar bilan tenglashtiriladi, pedagogika yo‘nalishida tahsil olgan bitiruvchilar maktablarda rassomlik, dizayn va amaliy san’at yo‘nalishlari bo‘yicha dars berishi mumkin bo‘ladi.

Ko‘rilayotgan chora-tadbirlar ijodkorlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ijodiy muhitni mustahkamlash, san’atning jamiyat hayotidagi o‘rnini oshirishga xizmat qiladi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling