Oʻzbekistonliklar toʻyga necha pul sarflaydi va aslida qancha sarflashni xohlaydi?

“Yuksalish” umummilliy harakati aholi o‘rtasida toʻylardagi asosiy tendensiyalarni aniqlash, yuqori to‘y xarajatlariga sabab bo‘layotgan omillarni belgilash, mavjud anʼanalarga bo‘lgan jamoatchilik kayfiyatini baholash maqsadida “O‘zbekistonda to‘ylar” mavzusida so‘rovnoma o‘tkazdi.
So‘rovnoma onlayn shaklda, ijtimoiy tarmoqlar va hamkorlikdagi platformalar orqali o‘tkazilgan. Soʻng aʼlumotlar tizimlashtirilib, tahlil qilingan. Tadqiqot poytaxt, viloyat markazlari va tumanlarni o‘z ichiga olgan holda mamlakatning turli hududlaridan bo‘lgan respondentlarni qamrab olgan. Unda jami 1247 kishi ishtirok etgan. Shundan:
- 18−30 yosh — 34,3%;
- 30−45 yosh — 35,5%;
- 50 yoshdan katta — 30,2%.
Respondentlarning aksariyati turmush qurgan bo‘lib, bu ularning to‘y anʼanalari va xarajatlari mavzusidan bevosita xabardor ekanligini ko‘rsatadi.
Tadqiqot natijalariga koʻra, ko‘pchilik oilalarning daromad darajasi bilan to‘y uchun qilinayotgan yoki rejalashtirilgan xarajatlar o‘rtasida sezilarli tafovut kuzatilmoqda. Respondentlarning katta qismi — 81,24% (ayniqsa, viloyatlarda yashovchilar) — o‘z oilasining o‘rtacha oylik daromadini 5 million so‘mdan 12 million so‘mgacha deb ko‘rsatgan.
Ammo respondentlarning asosiy qismi (31,28%) toʻyga 30 million so‘mgacha sarflagani yoki sarflashni rejalashtirayotgani haqida aytgan. Shuningdek, qolgan natijalar:
- 50 million so‘mgacha — 23,98%;
- 70 million so‘mgacha — 15,72%;
- 100 million so‘mgacha — 15,88%;
- 100 million so‘mdan ortiq — 9,62%.
Tadqiqotda ta’kidlanishicha, rejalashtirilgan yoki amalda sarflangan mablag‘lar ko‘pincha (umumiy respondentlarning 65,2%) 50 million so‘mdan 100 million so‘mgacha yoki undan ham ko‘proqni tashkil qiladi. Bu ko‘rsatkich ko‘plab oilalar uchun bir yillik daromadga teng yoki undan ham yuqori bo‘lishi mumkin.
Bundan kelib chiqadiki, toʻylarni moliyalashtirish manbalari faqatgina shaxsiy jamgʻarma boʻlmagan. Asosiy moliyaviy manbalar quyidagilar bo‘lgan:
- “O‘zim va yaqinlarim yordamida” — bu javobni 55,17% respondent tanlagan. Bu natija to‘y xarajatlarining jamoaviy moliyalashtirilayotganini ko‘rsatadi, ya’ni og‘irlik faqat kelin-kuyov emas, balki ularning ota-onalari va qarindoshlariga ham tushadi.
- “Qarz olganman / olaman” — degan javobni 25,1% respondent bergan. Bu esa aholi o‘rtasida to‘y tufayli yuzaga kelgan qarzdorlik darajasining yuqoriligini anglatadi.
- “Daromadim yetarli” — deb hisoblaganlar 14,11%.
- Javob bermaganlar — 5,62%.
Toʻylarga nima sababdan buncha koʻp pul sarflanadi?
Xarajatlarning asosiy omili sifatida shaxsiy istaklardan ko‘ra tashqi omillarni, ya’ni ijtimoiy va ota-ona tomonidan boʻladigan bosim keltirilgan. Asosiy omillar:
- “Jamiyat bosimi / elga to‘y berishim kerak degan majburiyat” — 46,11% respondent aynan shu javobni tanlagan. Bu eng yetakchi sabab bo‘lib, to‘y jamiyat nazarida baholanadigan ommaviy tadbir sifatida qaralishi mamlakat madaniyatida chuqur ildiz otganini ko‘rsatadi. “Uyat"dan qo‘rqish va “yuzimiz yerga qaramasin” degan istak oilalarni o‘z imkoniyatlaridan ortiqcha xarajatlarga majbur qilmoqda;
- “Yoshlarning orzu-havasi” — 31,36% respondentlar bu variantni tanlagan;
- “Ota-onaning orzu-havasi” — 29,03%. Bu ikkinchi muhim omil hisoblanadi. Ko‘pincha katta avlod hashamatli to‘y o‘tkazishda qat’iy turib oladi, bu orqali ular o‘z ambitsiyalarini ro‘yobga chiqarib, qarindoshlar hamda jamiyat oldidagi “burchini” ado etayotganini his qiladi;
- “Quda tomonning talabi” — 16,6% respondent bu holatni muhim deb hisoblagan. Bu ikki oilaning kimo‘zarga harakat qilishga undovchi omil sifatida ta’riflangan.
Shunday boʻlsa-da, koʻpchilik (respondentlarning 39,62 foizi) “Kamtarona” yoki “O‘rtacha, yaqinlar davrasida” toʻy qilishni xohlaydi.
Dabdabali toʻy qilganlar esa koʻp pul sarflaganidan afsusda ekanini bildirgan (respondentlarning 44,51%). Ko‘plab respondentlar dabdabali to‘ylar — bu “keraksiz stress va qarzlarga sabab” degan fikrni ma’qullagan.
Bu jamiyatda dabdabali to‘ylarning samarasizligi haqida aniq tushuncha mavjudligini va ko‘proq kamtarona to‘ylar o‘tkazishga bo‘lgan kuchli istak borligini anglatadi. Biroq bu ratsional yondashuv ijtimoiy me’yorlar va an’analar to‘sig‘ini yenga olmayapti. Odamlar ikki o‘t o‘rtasida qolgan: sarflashni istamaydilar, ammo majbur bo‘lishmoqda, deya xulosa qilinadi tadqiqotda.
Respondentlarning asosiy qismi imkoni boʻlsa, toʻy xarajatlarini ta’lim olishga yoʻnaltirishini aytgan.
So‘rovnoma asosidagi umumiy xulosalar:
- O‘zbekistondagi zamonaviy to‘y xarajatlari ko‘plab oilalarni qarzga botirayotgan bo‘lib, bu ularning turmushni boshlash imkoniyatlariga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
- Isrofgarchilikning asosiy sababi shaxsiy istaklar emas, balki ijtimoiy bosim, “ko‘z-ko‘z qilish” madaniyati va katta avlodning kutilmalari hisoblanadi.
- Jamiyatda ratsional fikrlash (xarajatlarni kamaytirish zarurati) bilan an’anaviy irratsional xatti-harakatlar (odamlar nima deydi degan qo‘rquv) o‘rtasida ichki ziddiyat mavjud.
- Ko‘pchilik aholining fikricha, to‘y marosimlarini soddalashtirish, hajmini kamaytirish va ortiqcha odatlardan voz kechish zarur va qo‘llab-quvvatlanadi.