Yoz ta'mi: okroshka, kuksu, goʻja va boshqa salqin taomlar tarixi, foydali jihatlari hamda retseptlari

Yoz fasli — bu quyosh charaqlab, harorat ba’zida chidab bo‘lmas darajaga yetadigan, muzdek suv va salqinlik orzu qilinadigan mavsum. Ayniqsa, chillada odam tanasi og‘ir ovqatlardan ko‘ra yengil va suyuqroq taomlarga intiladi. Ana shunday paytda sovuq holda iste’mol qilinadigan milliy va xalqaro taomlar nafaqat yoqimli, balki sog‘liqqa ham foydali bo‘lishi mumkin. Chunki ular chanqoqni bosadi, organizmni yengillashtiradi va ovqat hazm qilishni osonlashtiradi.
Ushbu maqolada nafaqat tanish, balki ko‘pchilik uchun noodatiy bo‘lgan yozgi salqin taomlar haqida ham soʻz boradi. Shuningdek, har bir taomning o‘ziga xos tarixi, kelib chiqishi va qanday tayyorlanishi haqida ma’lumotlar jamlangan.
Okroshka
Okroshkaning tarixi XVIII asrga borib taqaladi va dastlab Volga bo‘yida yashagan dehqonlar orasida keng tarqalgan. Oddiy xalq qolgan qaynatilgan kartoshka, sabzavot va go‘shtni maydalab, ustidan uyda tayyorlangan kvas qoʻshib iste’mol qilgan.
Bu asosan yozgi issiqda tanovul qilinadigan yaxna ovqat boʻlib, rus milliy taomi hisoblanadi. Hozirda uning asosini qaynatilgan kartoshka, bodring, ko‘katlar, tuxum va kolbasa (yoki qaynatilgan go‘sht) tashkil etadi. Eng qiziq tomoni — bu mahsulotlar kefir, kvas yoki gazli mineral suv bilan aralashtiriladi, shuning uchun u salatga o‘xshaydi, biroq suyuq holda iste’mol qilinadi. Okroshka tanani sovutadi, chanqoqni bosadi va oshqozonni yengil qiladi.
Taom retseptini va qay tarzda tayyorlanishini ushbu havola orqali topish mumkin.
Kuksu
Koreyslar lapsha uzoq umr ramzi, sho‘rva esa uning kafolati ekaniga ishonadi. Kuksu 9 asrdan ortiqroq tarixga ega, ammo Markaziy Osiyo mintaqasida faqat XX asrda mashhur bo‘lgan. Bu tarixiy voqealar, xususan, koreyslarning Markaziy Osiyo respublikalariga ko‘chib o‘tishi bilan bog‘liq. “Kuksu” so‘zining o‘zi koreys tiliga sanskrit tilidan kirib kelgan — “kxusi” so‘zi tortish degan ma’noni anglatadi. Lag‘mon aynan shunday tortib yeyiladi.
Kuksu sovuq holda iste’mol qilinadigan lapsha sho‘rvasi bo‘lib, O‘zbekistonda ham keng tarqalgan. Bu taom asosan go‘shtli bulyon, bug‘doy unidan qilingan lapsha (lag‘mon), bodring, tuxum, qaynatilgan go‘sht va turli ko‘katlar bilan tayyorlanadi. Ayrim retseptlarda achchiq ta’m beruvchi souslar ham qo‘shiladi. Yozning issiq kunlarida esa chanqoqni bosuvchi va ishtahani ochuvchi salqin ovqat sifatida qadrlanadi.
Taom retseptini va qay tarzda tayyorlanishini ushbu havola orqali topish mumkin.
Ayron (chalob)
Foto: Zira.uz
Hozir nafaqat alohida joylarda tayyorlanadigan, balki doʻkonlarda ham sotiladigan ayron tarixan Markaziy Osiyoning turkiy koʻchmanchilarga tegishli hisoblanadi. Ular ushbu ichimlik orqali hazmni yengillashtirish amaliyotini qoʻllagan. Yozma manbalarda esa ilk bor Mahmud Qoshgʻariyning XI asrda yozilgan “Devoni lugʻotut turk” asarida uchratish mumkin.
Ba’zi hududlarda bu ichimlik “chalob” deb ham ataladi. Ayron asosan suzma yoki qatiqdan tayyorlanadi. Bu taom chanqoqni yaxshi bosadi, shu bilan birga organizmni vitamin va minerallar bilan boyitadi. Ushbu yaxna ichimlikni bemalol uy sharoitida tayyorlash ham mumkin. Bundan tashqari, ayron turli xil boshqacha uslublarda ham qilinishi mumkin.
Taom retseptini va qay tarzda tayyorlanishini ushbu havola orqali topish mumkin.
Goʻja
Foto: Zira.uz
Goʻja ham ancha qadimiy taom boʻlib, uni tayyorlash uchun bir necha xil donlardan foydalanish mumkin. Masalan, bugʻdoy va makkajoʻxori, arpa yormasi va hattoki guruch ham ishlatish mumkin.
Markaziy Osiyo vohalarida chorvachilik va dehqonchilik keng rivojlangan davrlarda ushbu taom iste’moli boshlangan. Sut mahsulotlari asosiy oziq-ovqat manbasi bo‘lgan hududlarda bu ovqat bir necha asrlar davomida tayyorlanib kelingan.
Bu taom yengi hazm boʻladigan, lekin koʻp quvvat beradigan taomlar qatoriga kiradi. Ko‘pincha ertalabki nonushtaga, yoki ro‘zadorlar uchun iftorlikda, issiq kunlarda tanani sovutish maqsadida tayyorlanadi.
Taom retseptini va qay tarzda tayyorlanishini ushbu havola orqali topish mumkin.
Dovgʻa
Ozarbayjon milliy oshxonasiga tegishli boʻlgan ushbu taom yuqorida tilga olingan ayron va goʻjani eslatib yuboradi. Dovgʻa sovuq yoki iliq holda iste’mol qilinadigan qatiqli ovqat hisoblanadi. Unga asosan guruch, noʻxat va koʻp miqdorda koʻkatlar qoʻshiladi. Shuningdek, ba’zida un qoʻshib tayorlangan holatlarni ham koʻrish mumkin. Bundan tashqari, alohida goʻshtli dovgʻa taomi ham bor. Unga alohida teftel ham qoʻshiladi.
Bu taomni yozda sovutilgan holda chanqoq bosuvchi, qishda esa issiq sho‘rva sifatida ichish mumkin. U nafaqat mazali, balki foydali bo‘lib, hazm qilish tizimiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.
Taom retseptini va qay tarzda tayyorlanishini ushbu havola orqali topish mumkin.
Tarator
Tarator Bolgariya, Armaniston va Shimoliy Makedoniyada mashhur boʻlgan yaxna shoʻrva hisoblanadi. Bu ovqat okroshkaga oʻxshab ketsa-da, masalliqlarning kamroq solinishi bilan ajralib turadi. Bugungi kunda Bolgariya va butun Bolqon mintaqasida yozda eng ko‘p tayyorlanadigan taomlardan biridir. Bu sovuq sho‘rvaning tarixi esa bir necha asr orqaga, qadimiy yunon va Vizantiya oshxonasigacha borib taqaladi.
Dastlab qatiq va sabzavotlar asosidagi aralashmalar oddiy xalq taomnomasida keng qo‘llanilgan. Keyinchalik, Usmonli imperiyasi orqali bu taom butun mintaqaga yoyilib, har bir hududda o‘ziga xos shaklga ega bo‘lgan. Aynan Bolgariyada esa tarator sho‘rva ko‘rinishida, muzday holda, bodring, sarimsoq, ko‘kat va ba’zida yong‘oqli variantda tortiladi.
Bugungi kunda u nafaqat salqinlik baxsh etuvchi yozgi ovqat, balki ming yillik gastronomik meros sifatida ham qadrlanadi.
Taom retseptini va qay tarzda tayyorlanishini ushbu havola orqali topish mumkin.
Gazpacho
Gastronomik sayohatimizda Gʻarb tomon yurishda davom etamiz. Ispaniyaning Andalusiya mintaqasiga mansub gazpacho taomi sovuq holda iste’mol qilinadigan sabzavotli sho‘rva hisoblanadi. Uning asosiy tarkibi xom pomidor, bodring, bulg‘or qalampiri, piyoz, sarimsoq, zaytun moyi, uzum sirkasi va non bo‘laklaridan iborat.
Barcha masalliqlar blenderda maydalab, sovutilgan holda tortiladi. Gazpacho yozgi jaziramada chanqoqni bosuvchi, yengil, vitaminlarga boy taom bo‘lib, ishtahani ochadi va tanani salqinatadi. U nafaqat sho‘rva, balki ichimlik sifatida ham iste’mol qilinadi.
Dastlab bu ovqat rimliklar davrida suv, sirka, non va zaytun moyidan tayyorlangan oddiy aralashma boʻlgan. Keyinchalik arablar (mavrlar) Andalusiyaga sabzavot va ziravorlar olib kelishi bilan taom boyitilgan. Asl, pomidorli gazpacho esa faqat XVI asrda, Amerikadan pomidor, qalampir va bodring keltirilgach shakllangan. Shunday qilib, gazpacho bugungi ko‘rinishiga ega boʻlgan.
Taom retseptini va qay tarzda tayyorlanishini ushbu havola orqali topish mumkin.
