Sahro oʻrtasida barpo boʻlgan san’at asari: Abu-Dabidagi Luvr muzeyiga sayohat

BAAga sayohat deganda koʻpchilikning xayoliga Dubaydagi osmonoʻpar binolar-u, safarilar, plyajlar, katta-katta shopping mollari-yu, boy arab shayxlari keladi. Aksariyat odamlar yana bir goʻzal shahar — Abu-Dabi haqida unutadi. Bu shahar amirliklarning madaniy poytaxti (hujjat boʻyicha ham rasmiy poytaxt). Shahar goʻzal arxitektura, piyodalar uchun (Dubaydan koʻra) qulaylik, bir qator muzeylar, madaniyat uylari, plyajlar va boshqa narsalarni oʻzidan jamlagan.
Abu-Dabida gapirib berishga hikoyalar koʻp, lekin ularning ichida alohida oʻrin tutgani bor — Luvr muzeyi. Ha, u faqatgina Fransiyada emas, BAAda ham bor. 2017-yilda sahro v a san’at “tutashdi” — Abu-Dabida Parijdagi dunyoga mashhur Luvr muzeyi ochildi. Amirliklar va Fransiya oʻrtasidagi maxsus kelishuvga koʻra, 2047-yilgacha ushbu nomdan foydalanish mumkin boʻldi. Boshqacha aytganda, Abu-Dabida joylashgan muzey Luvrning “filiali"ga aylandi.
Arab koʻrfazidagi eng katta muzey “Fransiyaning xorijdagi eng katta madaniy loyihasi” deya e’tirof etiladi. Sadiyat orolchasidagi muzey binosi fransuz arxitektori loyihasi bilan qurilgan. Tashqaridan qaraganda muzey binosining oʻzi ham alohida san’at asari. Bino suv bilan “sinxronlashib” ketgan. Yirik gumbaz bilan qoplangan muzeyning ichida Fors koʻrfazi suvlari oʻtib turadi, bu esa muzeyga sayohatni unikallashtiradi. Ha, bu Luvr Forz koʻrfazi qirgʻogʻida joylashgan: agar u yerdan kruizlar boʻlganda Eron, Qatar yoki Quvaytga ham ketishingiz mumkin boʻlardi.
Saadiyat oroli haqida
Saadiyat oroli Abu-Dabi amirligining Arab koʻrfazidagi “madaniyat habi” boʻlishi rejalashtirilgan. Shahar markazidan 5 daqiqa uzoqlikdagi orol Abu-Dabi qirg‘oqlaridan 500 metr uzoqlikda joylashgan. Orolda butun bir tuman madaniyat va san’atga bag‘ishlangan bo‘lib, ko‘rgazmalar, doimiy kolleksiyalar, spektakllar va spektakllarga moʻjallangan. U yerda hali madaniyat markazlari qurilishlari davom etmoqda. Faol ishlab turgani esa Luvr. Hatto Luvrning ichidan turib ham atrofdagi qurilishlarga koʻzingiz tushishi mumkin.
Madaniyat oroli 2,43 kvadrat kilometr maydonni egallaydi. Unda quyidagi loyihalarga 85 million funt sterling sarflash rejalashtirilgan:
- Luvr Abu-Dabi;
- Guggenhaym Abu-Dabi;
- Shayx Zayd milliy muzeyi;
- Tabiatshunoslik muzeyi;
- Phenomena Abu-Dabi;
- Abu-Dabi amaliy san’at markazi;
- Abraham oilasi uyi.
Bundan tashqari, orolda savdo markazlari, doʻkonlar, uylar va hokazolar qurilishi davom etmoqda. Yuqorida sanalganlar Saadiyatning, umuman, Abu-Dabining “tashrif qogʻozi"ga aylanishi kerak.
Luvr qurilishi va arxitekturasi
2005-yilda Amirliklar hukumati fransiyalik hamkasblariga qiziqarli taklif bilan chiqqan: poytaxtda Luvr nomi bilan ataladigan muzey tashkil etish. Soʻng bir necha marotaba muzokaralar oʻtkazilgan, delegatsiyalar bordi-keldi qilgan. Bir vaqtning oʻzida Abu-Dabi hukumati muzey binosi uchun arxitektor qidirdi va Parijdagi Arab dunyosi instituti binosi arxitektori Jan Nouvelni tanlab oldi.
Dastlab Luvr muzeyi direktori bu gʻoyaga qarshi chiqqan, ammo muzokaralar davomida shartlar parijliklar uchun ancha qulaylashgan va bundan yaxshigina foyda olish mumkin ekani ma’lum boʻlgan. Shartnoma shartlari, aniq summalar oshkor qilinmagan, ammo Abu-Dabidagi muzey “Luvr” nomidan 2047-yilgacha foydalanish huquqiga ega ekani ma’lum.
Muzey qurilishining asosiy qismi 2013-yilda boshlangan. Ushbu bosqichda gidroizolyatsiya va yerto‘laning ikkita qavati, shuningdek, 7000 tonnali gumbazni ushlab turadigan to‘rtta beton ustun o‘rnatilgan. Superkonstruksiyaning oʻzi esa bir yil oʻtib joyiga qoʻyilgan.
Qirgʻoqdagi Luvr 2017-yilga kelibgina foydalanishga topshirilgan: ochilish marosimida Fransiya prezidenti Emmanuel Makron, Abu-Dabi valiahd shahzodasi (va amalda hukmdori) Muhammad bin Zayd Al Nahayon va BAA Bosh vaziri va Dubay amiri Muhammad bin Rashid Al Maktumlar ishtirok etgan.
Jan Novel jamoasining arxitektura bo‘yicha g‘oyasi “suzib ketayotgan gumbaz” taassurotini beruvchi inshoot qurish bo‘lgan. Bunga sabab oddiy — joylashuv Forz ko‘rfazi qirg‘og‘ida bo‘lgani. Gumbaz esa toʻliq qoplanmagan, u toʻr shaklida qilingan boʻlib, u quyosh nurlarini toʻsish bilan birgalikda muzeyning ayrim joylariga (masalan, oʻsha mashhur rasm tushish joyiga) tabiiy yorugʻlik berib turadi.
Mutaxassislar san’at asarlari, artefaktlar va tashrif buyuruvchilarni korroziv dengiz muhitidan himoya qilish bilan birga “dengizdagi muzey” tasavvurini berish uchun galereyalar ichidagi suv o‘tkazmaydigan yerto‘la va suv toshqini basseynlarini loyihalashtirgan.
Muzeyga sayohat
Luvr haqida umumiy ma’lumotga ega boʻldik, endi ketdik, bilvosita Luvrga sayohat qilamiz. Birinchi qadamlardan boshlaymiz. Chiptalarni onlayn band qilishingiz ham, kassadan olishingiz ham mumkin. Ikkisida ham narx bir xil — 65 dirham — taxminan 220 ming soʻm. 18 yoshgacha boʻlganlarga kirish bepul. Ishoning, bu narxga u arziydi.
Bugungi kunda arab Luvrida 13 ta galereya, 50 dan ortiq alohida xonalar, konferensiya zali, butik, kafe-launj va restoran bor. Yuqorida aytganimdek, muzeyning asl o‘ziga xosligi uning ichidagi suv kanallari — u oʻzgacha kayfiyat va ruhiyat bagʻishlab turadi, san’at asarlari ichra sayohat tajribasini boshqa darajaga olib chiqadi. Gumbaz alohida e’tiborga loyiq, uning ostida soatlab oʻtirishingiz, shakllarni tomosha qilishingiz mumkin. Lekin koʻrishga eksponatlar yetarli, vaqt oshib qolsa-da!
Muzeyda bosh Luvr, Pompidu markazi va Versaldan keltirilgan turli davrlarga oid eksponatlar namoyish etiladi. Deyarli barcha eksponatlar oyna bilan himoya qilingan, katta-katta haykallar esa, tabiiyki, unday emas, ammao shunday boʻlsa-da, ularga teginish mumkin emas. Haykallar turli sivilizatsiyalarning madaniy yodgorliklari. Antik haykallar Aleksandr Makedonskiy byusti bilan yonma-yon joylashgan bo‘lib, Sharq mamlakatlarining qabr ustidagi haykallariga hech qanday soya solmaydi.
BAA poytaxtidagi Luvrda bo‘lgan ko‘plab san’at ixlosmandlari uni “universal muzey” deb atashar ekan. Chunki bu yerda siz dunyoga mashhur ijodkorlar — Matiss, Leonardo la Vinchi, Klod Mone va boshqalarning asarlarini ko‘rishingiz mumkin. Turli mamlakatlarning tarixi va davrlari kaftdagidek koʻrinadi. Turli ijodkorlar, turli asarlar, turli davrlar, turli yoʻnalish va hokazo.
Abu-Dabiga farzandgiz bilan ketyapsizmi? Hech oʻylanmay ularni ham Luvrga olib boravering, chunki u yerda bolalar uchun maxsus muzey bor. Bolalar muzeyida interaktiv displeylar bilan ajoyib tarzda uyg‘unlashgan noyob eksponatlar bor. Ular iste’dodlarni ochishga, bolalarni jarayonga jalb qilishga va go‘zallikka qiziqishni uyg‘otishga yordam beradi. Bolalar muzeyining o‘ziga xos xususiyati shundaki, har bir eksponat oyna bilan himoyalangan. San’at asarlarini tomosha qilish uchun bolalarga ota-onalarning yordami kerak bo‘lmaydi, barcha eksponatlar bolaning boʻyi darajasida joylashgan. Va albatta, qiziqarli fakt: bolalar muzeyida 6 yoshdan 12 yoshgacha bo‘lgan mualliflarning asarlari ham namoyish etiladi.
Chiptalarga muzeyda boʻlish vaqti yozilmaydi, uni toʻliq aylanib chiqish uchun 2 soat yetmasligi aniq. Haqiqiy san’at shaydosi boʻlsangiz, bu yerda kunlab qolgingiz kelishi aniq. Chiptalarga muzeyda boʻlish vaqti yozilmaydi.
Aytgancha, muzeydagi suvlarni yana bir bor eslashga majburman: u yerda baydarkalarda sayohat qilish mumkin. Bir soat davomida Abu-Dabidagi eng goʻzal bino atrofida baydarkada sayohat qilish va Fors koʻrfazi manzaralarini tomosha qilish taxmian 130 dirham, taqriban 450 ming soʻmga tushadi. Instagram uchun chiroyli suratlar va bir olam taasurot uchun arziydi, toʻgʻrimi?
Aytgancha, Luvr safaridan oʻzingiz bilan yaqinlaringiz uchun turli esdaliklar olishingiz mumkin, muzeyning kirish-chiqishga yaqin joyida maxsus butik faoliyat yuritadi, u yerdan gʻaroyib-gʻaroyib sovgʻa-salom olishingiz mumkin.
Qanday borish mumkin?
Ushbu maqolani BAAda turib oʻqiyapsizmi yoki endi borishni rejalashtiryapsizmi, farqi yoʻq, barcha uchun tushunarli qilib yoʻnalishni osonroq tushuntirishga harakat qilaman.
Agar Abu-Dabida boʻlsangiz: Luvr shahar markazidan unchalik uzoqda emas, mashina 5−10 daqiqali yoʻl (tirbandlik boʻlmasa). Lekin taksilar qimmat, lekin u ham bir variant. Agar hamyonbop variant kerak boʻlsa, shahar markazidan 94-sonli avtobus Saadiyat orolchasiga boradi (shu avtobus bilan Shayx Zayid masjidiga (Oq masjid) yetib olishingiz mumkin).
Agar Dubayda boʻlsangiz: birinchi navbatda Abu-Dabiga kelishingiz kerak, qanday qilib deysizmi? Avtobus eng arzon variant. Avtovokzalgacha metroda kelsangiz boʻladi, “Qizil yoʻlak” liniyasidagi “Ibn Battuta” bekatigacha kelib, bekatning oʻzidan transport kartasini 50 dirham, taxminan 180 ming soʻmga toʻldirasiz — bu avtobusda borib kelish uchun yetarli.
Boʻldi, menimcha hamma narsani aytdim. Endi sizni Luvrdan olingan ajoyib suratlar bilan birga qoldirsam boʻladi. Doʻstlar, sayohat qiling. U bunga arziydi.

