Sukutdagi fig‘on: Qatag‘on qurbonlari xotirasi muzeyiga sayohat

Poytaxtning Yunusobod tumanidagi Qatag‘on qurbonlari xotirasi davlat muzeyi 2002-yilning avgustida xalqni ozodlikka da’vat etgan, Vatan ozodligi va mustaqilligi uchun kurashda qahramonlik ko‘rsatgan, totalitar tuzum davrida ommaviy siyosiy qatag‘on qurboni bo‘lgan ajdodlar haqida so‘zlab berish maqsadida tashkil etilgan.
Unga kirgan odamga dastlab hech qanday shovqin yoki zamonaviy muzeylarga xos interaktiv xizmatlar qarshi chiqmaydi. Aksincha, muzeydagi sukut, hujjatlar, mahkumlar suratlari va buyumlar insonni ichki mulohazaga yetaklaydi. Bu yerda oddiy eksponatlar emas, 1930−1950-yillardagi siyosiy ta’qiblar, xilma-xil jinoyatlarni tan olishga majbur etilgan, insonlik sha’ni, qadr-qimmati toptalgan, yo‘q qilib yuborilgan minglab mardlar va ziyolilar taqdiri namoyish etiladi.
Muzey binosi Bo‘zsuv bo‘yida, bahavo joyda joylashgan va bir qavatdan iborat. U o‘zbek milliy me’morligi an’analari asosida qurilgan bo‘lib, uch gumbazli, atrofi 28 ta naqshinkor ustunlar ko‘tarib turgan ayvondan iborat.
Qatag‘on qurbonlari xotirasi davlat muzeyiga kirar ekansiz, sizni quyidagi 10 ta bo‘lim kutib turadi:
1) O‘rta Osiyoning (Turkiston) chor Rossiyasi tomonidan mustamlaka qilinishi va mahalliy aholining kurashi.
2) Milliy tiklanish harakati, uning ko‘rinishlari va amaliy yo‘nalishlari. O‘zbekistonda jadidchilik harakati.
3) Turkiston muxtoriyatining tugatilishi va Sovet davlatining repressiv siyosatining boshlanishi.
4) O‘rta Osiyodagi zulm va zo‘ravonlikka, qurolli qo‘zg‘olonlarga qarshilik ko‘rsatish harakati.
5) Sovet hukumatini “kollektivlashtirish” va “quloqlashtirish” siyosati, uning fojiali oqibatlari.
6) 30-yillar boshidagi siyosiy repressiyalar.
7) 1937−1938-yillardagi siyosiy qatag‘onlar.
8) 1940−1950-yillardagi siyosiy repressiyalar.
9) 1980-yillardagi repressiya: “Paxta ishi” kampaniyasi.
10) Tarixiy adolatni tiklash, qatag‘on qurbonlari xotirasini abadiylashtirish, mustaqillik yillarida milliy qadriyatlarni asrab-avaylash va rivojlantirishga qaratilgan muhim tarixiy voqealar.
Ta’kidlash joizki, mazkur muzey inson o‘tmishi haqida nimalarni unutib qo‘ygani-yu va nimalarni bilmasdan yashab kelayotgani borasida mushohada qilishga chorlaydi, go‘yo. Uning ekspozitsiyasida faxriy sudlanganlar ro‘yxati, ularning shaxsiy buyumlari, otish buyruqlari, rasmlar, tarixiy hujjatlar joy olgan. Faxriy olimlar, jurnalistlar, shoirlar, amaldorlar va oddiy dehqonlar — barchasining taqdiri bu yerda saqlanadi. Arxivlar, sud hujjatlari, lager fotosuratlari — hech biri sahnalashtirilmagan, hammasi hujjatlarga tayanadi.
Bino markazida ko‘zga darrov tashlanadigan eksponatlardan biri — sobiq sovet davrida mahkumlarni tashishda ishlatilgan “o‘lim mashinasi” deb nom olgan “Qora qarg‘a” avtomobili. Odamlar bu mashinani ajal bilan tenglashtirgan, u olib ketgan odam uyiga qaytmagan.
Mashina ostida esa “Pravda” gazetasini ko‘rish mumkin. Ya’ni ushbu gazetada qanchadan-qancha ziyolilarga ayblov qo‘yilgan va olib ketilgan. Mashinaning ballonlari keyinchalik ramziy ma’noda qizil rangga bo‘yalgan. Ya’ni bu begunoh odamlarning qoni ramzini ifodalaydi.
Muzey barpo etilgan joy — “Shahidlar xotirasi” yodgorlik majmui XX asrning 20-yillaridan to Ikkinchi jahon urushi boshlanguniga qadar sovet davlatining jazo organlariga qatlgoh bo‘lib xizmat qilgan. Toshkent shahrida otilgan qatag‘on qurbonlari shu yerdagi uchta qatlgohga dafn etilgan. Yodgorlik majmui ana shu sobiq uch qatlgoh hududlarini o‘zaro birlashtirib turadi. Agar ramziy sag‘ana yodgorlik majmuining memorial markazi hisoblansa, muzey binosi uning ma’rifiy markazi bo‘lib xizmat qiladi.
Qatag‘on qurbonlari xotirasi davlat muzeyi tarix bilan suhbat qilguvchi, sukut sizni o‘yga toldirguvchi, qatag‘on qilingan vatanparvarlarning so‘nmas sadosini eshitguvchi makon. Bu muzeyda siz faqat tarixni o‘rganmaysiz, uni his qilasiz. Ushbu dargoh sizga inson ozodligi, adolat va vatanga sadoqat haqida dars beradi. Bu yer — milliy xotira makoni.
Kirish narxi qancha?
- maktab, litsey va kollej o‘quvchilari — 5000;
- oliy o‘quv yurtlari talabalari — 8000;
- O‘zbekiston fuqarolari — 10 000;
- chet elliklar — 25 000.
Kimlarga bepul?
- 7 yoshdan kichiklarga;
- nafaqa guvohnomasi bilan kelganlarga;
- urush-u qatnashchilari va ularga tenglashtirilganlarga;
- mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilariga;
- nogironlik guvohnomasi bilan kelganlarga;
- mahalla ma’lumotnomasi asosida kelgan kam ta’minlangan oilalarga.
Qo‘shimcha xizmatlar
- ekskursiya — 25 000;
- suratga olish — 40 000;
- videoga olish — 50 000.
Manzil: Toshkent shahri, Amir Temur ko‘chasi, “Shahidlar xotirasi” majmuasi.
Ish vaqti: Seshanba — shanba 09:00 dan 17:00 gacha. Yakshanba: 09:00 dan 15:00 gacha. Tushlik: 13:00 — 14:00. Dam olish kuni: Dushanba.
