"Farg‘ona afsonaga aylandi". NomadMania 2025 tashkilotchilari – Garri Mitidis, Orest Zub va Aleksandr Trach bilan suhbat

Farg‘onada 30 ta davlatdan 100 nafar sayyohni jamlagan “NomadMania 2025” xalqaro konferensiyasi bo‘lib o‘tdi. Afisha.uz tashkilotchilar bilan O‘zbekiston ularni qanday hayratda qoldirgani haqida suhbatlashdi.
Afisha.uz Farg‘onada 25−29 may kunlari bo‘lib o‘tgan “NomadMania 2025” xalqaro konferensiyasining eksklyuziv axborot hamkoriga aylandi. 30 mamlakatdan kelgan 100 ga yaqin sayyoh bir necha kun ichida Farg‘ona vodiysining eng yorqin va borish qiyin bo‘lgan burchaklarida bo‘ldi. Dastur doirasida sayohatchilar Andijon, Qo‘qon, Marg‘ilon, Shohimardon va So‘xda bo‘lishdi.
Biz tadbir tashkilotchilari — Garri Mitidis, Orest Zub va Aleksandr Trach bilan anjuman qanday o‘tgani, ular qanday qiyinchiliklarga duch kelgani, mehmonlarni nima ko‘proq hayratda qoldirgani va O‘zbekistonni kashf qilish qanday boʻlgani haqida suhbatlashdik.
— Farg‘ona vodiysida oʻtgan “NomadMania 2025"ni qanday baholaysiz? Oʻylangan barchasini amalga oshirishning ilioji boʻldimi?
Garri Mitidis: Bu mubolag‘asiz muvaffaqiyatli voqea boʻldi. Biz juda katta tayyorgarlik ko‘rdik va ayniqsa, bizni boshidanoq qo‘llab-quvvatlagan Farg‘ona Turizm qo‘mitasiga minnatdorchilik bildirmoqchiman. 30 mamlakatdan kelgan 100 ga yaqin mehmon shunchaki raqam emas, balki barcha ishtirokchilar his qilgan madaniy almashinuvdir. “Grand Fergana” mehmonxonasi mukammal maydonga aylandi: u to‘liq bizga moslab bron qilindi va jamoa yuqori professionallikni namoyish etdi. Hatto ob-havo ham biz tomonda boʻldi, odatdagidek issiq emasdi.
— Konferensiyada qaysi mavzular ko‘proq qiziqish uyg‘otdi? Qizgʻin munozaralar boʻldimi?
Garri: Bu voqea konferensiya mazmuni ham, sayohat dasturi ham juda xilma-xil bo‘lgan tadbir edi. Shubhasiz, mustaqil sayohat qilish yoki mahalliy “fikser” bilan birga yurish masalasi asosiy muhokama mavzusi bo‘ldi. Fikrlar ikkiga bo‘lindi: ba’zilar mustaqil tajriba mamlakatni haqiqiy kashf etish deb hisoblasa, boshqalar mahalliy yo‘l ko‘rsatuvchisiz ko‘p narsalarni qo‘ldan boy berish mumkin deb ishonishadi.
Menimcha, biz erishgan uchta rekord sayohatimizni chindan ham ahamiyatli qildi: biz tarixda birinchi bo‘lib So‘xga tashrif buyurgan xorijliklar guruhi (MDH davlatlaridan tashqari) bo‘ldik, birinchi bo‘lib Xonobod to‘g‘oniga tashrif buyurish uchun ruxsat olgan va birinchi bo‘lib Shohimardonga borgan guruh bo‘ldik. Buning uchun Qirg‘iziston orqali chegarani kesib o‘tish uchun ruxsatnomalarni rasmiylashtirish juda ko‘p kuch talab etdi.
Orest Zub
— Eng yorqin va esda qolarli lahza qaysi boʻldi?
Orest Zub: Konferensiyaning ochilishi, Xonoboddagi to‘g‘on, aql bovar qilmaydigan Shohimardon va Rishtondagi syurpriz — u yerda ishtirokchilar shaxsiy bo‘yalgan likopchalarga ega bo‘lishdi. Bu hammaga juda yoqdi.
— Nega aynan Grand Fergana Hotel mehmonxonasi tanlandi?
Aleksandr Trach: Biz konferensiya zali, restoran, 100 kishini sigʻdira oladigan xonalari bor va qulay joylashuvga ega mehmonxona izladik. “Grand Fergana” ideal bo‘lib chiqdi: mijozga yo‘naltirilgan jamoa, aniq muloqot — hech qachon tanlovdan afsuslanmadik.
— Tashkilotchilikda qanday qiyinchiliklarni yengib o‘tishga to‘g‘ri keldi?
Garri: Biz ko‘plab tashkiliy qiyinchiliklarga duch keldik — eng asosiysi, hamma narsani juda kichik jamoamiz, ya’ni atigi uch kishi bajardi. So‘xga charter reys tashkil qilish, restoranlar bilan kelishish, ovqatlanish, logistika, rasmiyatchilikni nazorat qilish — bularning barchasi mikromenejmentni talab qilardi. Ayniqsa, samolyot ehtiyot qismlari yo‘qligi sababli joriy yilda foydalanishdan chiqarilganini hisobga olsak, So‘xga uchadigan samolyot bilan bog‘liq vaziyat murakkablashdi. Shunga qaramay, hammasi muvaffaqiyatli o‘tdi, har biri 12 kishidan iborat uchta reys uchib keldi va ortga qaytdi. Ishtirokchilardan biri bu uning hayotidagi eng yaxshi kun bo‘lganini aytdi!
Garri Mitidis
— So‘x safari qanday o‘tdi?
Garri: Yoshlarning ingliz tilini bilish darajasi ko‘pchilikni hayratga soldi. Mahalliy aholi ilgari hech qachon chet elliklarni ko‘rmaganini tan olganida, ba’zilar hayron bo‘lishdi.
Shuni ham ta’kidlash kerakki, AN-2 samolyotida parvoz qilish — bu hali ham tijorat parvozlari uchun ishlatiladigan dunyodagi so‘nggi samolyot. Aviatsiyaga ishtiyoqmand ko‘plab ishtirokchilarimiz uchun bu haqiqiy zavq bo‘ldi. Umid qilamizki, bu samolyot yana koʻp yillarni osmonda oʻtkazadi!
Aleksandr Trach: So‘xdagi chegara-o‘tkazish punkti faqat O‘zbekiston va Qirg‘iziston fuqarolari uchun ishlaydi. Barcha xalqaro sayohatchilar u yerga faqat Farg‘onadan samolyotda borishlari mumkin. Samolyot 1947-yilda ishlab chiqarilgan AN-2 samolyoti ekanligi alohida e’tiborga loyiq edi. Ko‘pchilik uchun bu noyob, ba’zilar uchun esa bunday samolyotda uchishning birinchi tajribasi edi. Guruhda uchta uchuvchi bor edi — Delta, Qatar Airways va American Airlines aviakompaniyasining sobiq uchuvchisi. Uchovlari ham uchib ketishdi.
— Qo‘qon, Marg‘ilon, Andijonda mehmonlar qanday kutib olindi?
Garri: Farg‘ona vodiysining asosiy shaharlari bilan tanishish hammaga yoqdi. Xonobod to‘g‘oni alohida qiziqish uyg‘otdi, O‘zbekiston qayerda tugab, Qirg‘iziston qayerda boshlanishini har kuni ko‘ravermaysiz. To‘g‘onning o‘zi me’moriy jihatdan hayratga soldi va uning butun mintaqa uchun ahamiyatini yana bir bor eslatdi. Tur boshida Marg‘ilonga tashrif amalga oshirildi va karvonsaroy hududi bo‘ylab sayr ishtirokchilar uchun bir-birlari bilan tanishish uchun ajoyib imkoniyat bo‘ldi. Qo‘qonda esa universitetdagi uchrashuv ayniqsa iliq o‘tdi — talabalar bilan muloqot O‘zbekiston yoshlari, ularning intilishlari va dunyodagi o‘z o‘rni haqidagi qarashlarini yaxshiroq tushunishga yordam berdi.
— Mehmonlarni nima ko‘proq hayratga soldi?
Orest: Hamma ko‘chadagi ozodalikdan hayratga tushdi. Shuningdek, ko‘plab yangi inshootlar mahalliy madaniyatni ta’kidlaydigan o‘ziga xos sharqona uslubda qurilmoqda. Ayollar kundalik turmushda kiyadigan kiyimlar ham xuddi shunday edi. Bugungi qiyinchiliklarga qaramay, O‘zbekiston xalqi o‘z madaniyati va an’analarini qanday qadrlayotganini kuzatish juda yoqimli.
Shuningdek, mehmonlar kelmaguncha asosiy taomni dasturxonga tortmaslik an’anasiga e’tibor qaratdik. Ammo bizning holatimizda bu jadvalning kechikishiga sabab bo‘ldi.
— Sayohatchilarda O‘zbekistonga bo‘lgan munosabat o‘zgardimi?
Garri: Ha. Ilgari hamma faqat Samarqand va Buxoroni bilardi. Endi esa ular rivojlangan infratuzilmaga ega jonli, zamonaviy mamlakatni ko‘rishdi. Farg‘ona vodiysiga tashrif ishtirokchilarga O‘zbekistonda o‘tmish va kelajak qanday uyg‘unlashganini, mamlakat qanchalik rivojlanganini — ko‘pchilik tasavvur qilganidan ko‘ra ko‘proq narsani yaxshiroq tushunish imkonini berdi. Viloyat, shuningdek, syurprizlar ham taqdim etdi, masalan, Farg‘onada vino zavodi borligini kamdan-kam odam bilardi. O‘zbekistonni yangi tomondan ko‘rish — maqsadlarimizdan biri va u amalga oshdi, desak ham boʻladi.
— Ishtirokchilar va mahalliy jamoatchilik, gidlar, talabalar o‘rtasida aloqa o‘rnatishga muvaffaq bo‘ldingizmi?
Orest: Albatta! Bunday tadbirni tashkil etish mahalliy jamoatchilik bilan yaqin aloqada bo‘lishni talab qilardi. Farg‘onada bizga operatsion ishlarda yordam bergan mahalliy shaxmat klubi prezidenti Ravil Vasbudtinovni alohida ta’kidlamoqchiman. Farg‘ona hokimligi turizm bo‘limi xodimi Shahboz Mirzayev hujjatlarni rasmiylashtirishda yordam berdi. Shuningdek, talabalar bilan uchrashuvimizga hissa qo‘shgan Qo‘qon universitetining yosh va ilg‘or o‘qituvchisi Hamidbek Rasulovga minnatdorchilik bildiramiz.
Bu insonlar bilan tayyorgarlik jarayonida haqiqiy do‘stlarga aylandik.
— Konferensiya mintaqaning turistik imijiga qanday ta’sir ko‘rsatdi?
Garri: NomadMania sayohatchilari dunyodagi eng faollaridan biri bo‘lib, ularning ko‘pchiligi o‘z taassurotlarini ijtimoiy tarmoqlarda baham ko‘rishadi, ba’zilarining auditoriyasi juda katta. Afsuski, Farg‘ona mintaqasi turistik jihatdan O‘zbekistonning qolgan qismi kabi rivojlanmagan. Ammo ishonchim komilki, ishtirokchilarimizning postlari va izohlari tufayli Farg‘ona yanada mashhur bo‘ldi.
Suratlar va ayniqsa, mahalliy aholining mehmondo‘stligi haqidagi iliq fikrlar Farg‘ona va umuman O‘zbekistonning yoqimli va qiziqarli manzil sifatida ijobiy qiyofasini shakllantiradi. Biz NomadMania’ga kelajakda yangi guruhni olib kelishni rejalashtirmoqdamiz va konferensiya tajribasidan so‘ng buni amalga oshirish ancha oson bo‘lishiga ishonamiz.
— Kelajakdagi rejalar qanday?
Garri: Konferensiyaga kela olmagan ko‘pchilik hozir bunga afsuslanmoqda! Shu sababli, 2026-yilda Farg‘onada kichikroq konferensiya o‘tkazishni rejalashtirmoqdamiz. Ayniqsa, Shohimardonni ko‘rsatmoqchimiz — bu joy hech kimni befarq qoldirmaydi.
— Agar hammasini boshidan boshlaganingizda nimani o‘zgartirgan bo‘lardingiz?
Orest: Ajablanarlisi, aytarli hech narsa yo‘q. Jamoaga ko‘proq odam jalb qilinsa bo‘lgani. Hammasi deyarli mukammal o‘tdi. O‘zbekistondagi mahshur ibora kabi: asosiysi, hamma xursand, hamma shod!
Material Turizm qo‘mitasi ko‘magida tayyorlandi.