Tungi avtobuslar Toshkent boʻylab qaysi koʻchalardan oʻtadi? Roʻyxat

Toshkent shahri boʻylab 2025-yil oxiriga qadar tungi avtobuslarning dastlabki yoʻnalishi yoʻlga qoʻyilishi ma’lum qilindi. Bu haqda Gazeta.uz xabar bermoqda.
Xalq deputatlari shahar kengashining yig‘ilishida Toshkent shahrida tungi avtobus qatnovlarini yo‘lga qo‘yish masalasi muhokama qilingani aytilgandi. Taklifga ko‘ra, qizil rangli avtobuslar tungi soat 22:00 dan ertalab 06:00 gacha harakatlanishi rejalashtirilmoqda. Ushbu avtobuslar asosan aeroportlar, temiryo‘l vokzallari, metro bekatlari, turistik ko‘chalar, yirik savdo va ko‘ngilochar markazlar, dehqon bozorlari, talabalar yotoqxonalari hamda shifoxonalar orqali qatnashi ko‘zda tutilgan.
Umumiy hisobda 15 ta yo‘nalish ikki bosqichda joriy etilishi rejalashtirilmoqda. Dastlabki bosqichda avtobuslar 30 daqiqalik interval bilan qatnaydi. Loyiha uchun jami 33,3 milliard so‘m mablag‘ sarflanishi kutilmoqda.
Shahar transport boshqarmasi rahbari Olloyor Norbo‘tayevning ma’lum qilishicha, birinchi bosqichda 8 ta yo‘nalish joriy qilinadi. Mazkur yo‘nalishlar 136 km masofani qamrab oladi va 31 ta avtobus harakati yo‘lga qo‘yiladi. Bu bosqich uchun 19,1 milliard so‘m mablag‘ talab etiladi.
Birinchi bosqichda yo‘lga qo‘yilishi rejalashtirilgan yo‘nalishlar:
- T1: Qo‘yliq dehqon bozori — Husayn Boyqaro ko‘chasi;
- T2: Qipchoq ko‘chasi — O‘zgarish metrosi;
- T3: Chilonzor buyum bozori — Gulxaniy ko‘chasi;
- T4: Mahalliy aeroport (Terminal 3) — Chorsu savdo markazi;
- T5: Shifobaxsh suvlar ko‘chasi — Chorsu ASHB;
- T6: Yunusobod 6-daha — Yunusobod 17-daha;
- T7: Oqtepa maydoni, Muqimiy ko‘chasi, “Toshkent” vokzali, Gospital va Oloy bozorlari orqali o‘tuvchi halqa yo‘li (sxemada markazda yashil rang bilan belgilangan);
- T8: Toshkent vokzali ASHB — Shofayz mahallasi.
T1 yo‘nalishi Bektemir tumanining Husayn Boyqaro ko‘chasidan Qo‘yliq bozori tarafga harakatlanib, Qo‘yliq bozoridan hozirgi Xonobodtepa shoh ko‘chasi orqali oʻtadi.
Ikkinchi bosqichda esa 7 ta yo‘nalish bo‘lib, umumiy 98 kilometrlik yo‘ldan o‘tadi. 23 ta avtobus jalb etiladigan bu bosqich uchun 14,2 mlrd so‘m sarflanishi reja qilingan.
Ikkinchi bosqichda yo‘lga qo‘yilishi rejalashtirilgan yo‘nalishlar:
- T9: G‘ishtko‘prik chegara posti — Amir Temur xiyoboni;
- T10: TTZ ASHB — Amir Temur xiyoboni;
- T11: Food city majmuasi — Amir Temur xiyoboni;
- T12 Qipchoq metro bekati — Amir Temur xiyoboni;
- T13: Chilonzor buyum bozori — Chorsu savdo markazi;
- T14: Nazarbek mahallasi — Chorsu ASHB;
- T15: Keles shaharchasi — Chorsu ASHB.
Shunindek, chipta narxlari kunduzgi bilan bir xil boʻlishi ma’lum qilingan.
Tungi marshrutlar nima uchun zarur
Tashkilotchilar asosiy maqsadlar qatorida yo‘lovchilarning (ishchilar, sayyohlar, tibbiyot xodimlari, talabalar) tungi harakatlanishini ta’minlash, shaharning transport markazlari va sayyohlik ko‘chalarini o‘zaro bog‘lash, harakatlanish xavfsizligini oshirish hamda raqamli to‘lov va nazorat tizimlarini joriy etishni ta’kidlamoqdalar.
Toshkent shahrida tunda harakatlanadigan avtobuslar yoʻlga qoʻyilishi mumkin
Toshkent shahrida soat 22:00 dan ertalab 06:00 gacha harakatlanadigan tungi avtobuslar yo‘lga qo‘yilishi mumkin. Bu haqda "Gazeta.uz" xabar berdi.