Toshkent metropolitenida barcha bekatlarga avtomatlashtirilgan bankomatlar oʻrnatiladi

2025-yilning oxirigacha metro bekatlaridagi kassalarda operator va katta operator lavozimlari tugatiladi. Bu haqda “Toshkent metropoliteni” matbuot xizmati xabar berdi.
Xabarga koʻra, hozirda metro uchun yoʻl haqini toʻlashning 10 dan ortiq turi mavjud. Shuningdek, bekatlarda chipta sotib olish uchun moʻljallangan avtomatlashtirilgan bankomatlar o‘rnatilmoqda.
Kassa operatorlariga bo‘lgan talabning kamayishi munosabati bilan 204 ta kassa operatori lavozimi qisqartirilgan. Qayd etilishicha, 2025-yilning oxirigacha avtomatlashtirilgan bankomatlarni metropolitenning barcha bekatlarida oʻrnatilishi rejalashtirilgan. Shu sababdan Toshkent metropolitenida kassa operatori va katta operator lavozimlari toʻliq tugatiladi.
Bundan tashqari, metropoliten ma’muriyati tomonidan xizmat lavozimi qisqartirilayotgan har bir xodimga, kasb-hunar o‘rganish kurslarida ishtirok etish taklif qiladi. Ular buxgalteriya, tikuvchilik, qandolatchilik va shu kabi boshqa yo‘nalishlardagi kurslardan birini tanlash imkoniyatiga ega bo‘ladi.