Toshkent Oy tutilishini qayerda kuzatsa boʻladi?

E’lon qilingan sana· 291
Toshkent Oy tutilishini qayerda kuzatsa boʻladi?

Bugun dunyoning deyarli teng yarmi ajoyib astronomik hodisa — Oy tutilishiga guvoh boʻladi. Qizigʻi shundaki, bu safar Oy toʻliq fazada tutiladi va uni qurollanmagan koʻz bilan tomosha qilish mumkin boʻladi. Oʻzbekistonliklar esa butun jarayonga guvoh boʻlishi mumkin.

Oy sekin-asta qorayib, keyin qizg‘ish rangga kirishi — tabiatning eng hayratlanarli spektakllaridan biri. Buni esa hech qanday teleskop yoki maxsus ko‘zoynaksiz, oddiygina osmonga qarab ham bu hodisani tomosha qilishingiz mumkin. Hodisani uydan turib ham kuzatish mumkin, lekin osmon har doim ham bizga bunday voqeani taqdim etavermaydi, bu alohida hodisa, uni ochiqroq, tinchroq joyda tomosha qilish tavsiya qilinadi.

Keling, dastlab Oy tutilishi nima ekaniga oydinlik kiritaylik. To‘liq Oy tutilishi deb, Quyosh-Yer-Oy bir chiziqqa joylashib, Oy yuzasining to‘liq Yer soyasiga kirishiga aytiladi. U Quyosh tutilishidan farqli holda, uzoq vaqt davom etadi. Hodisaning to‘liq fazasida Oy yuzasi 100 foiz Yer soyasida bo‘ladi. Jarayon 1 soat 22 daqiqa, tutilish esa 3 soatdan ortiqroq vaqt davom etadi.

O‘zbekistonda qisman Oy tutilishi barcha hududlarda 7-sentabr kuni Toshkent vaqti bilan soat 21:27 da, to‘liq Oy tutilishi esa soat 22:30 da boshlanadi. To‘liq fazali Oy tutilishi maksimum fazasiga soat 23:11 da yetadi, soat 23:52 da esa tugaydi. 8-sentabr soat 00:56 da astronomik hodisa yakuniga yetadi.

Afisha.uz noyob astronomik hodisani kuzatish mumkin boʻlgan poytaxt manzillarini bir joyga jamladi.


Ochiq maydonlar

“Xalqlar doʻstligi” maydoni

Shahar markazidagi ajoyib joylardan biri. Keng maydon, oʻtirish uchun oʻrindiqlar, shuningdek, maysalar ham bor. Bu joyning oʻziga xosligi shundaki, u yerda oʻtirib, siz zamonaviy va eski Toshkent fonida Oy tutilishiga guvoh boʻlishingiz mumkin. Baland-baland binolar, yirik flagshtok, fontanlar, “Xalqlar doʻstligi” san’at saroyi…

Manzil: Yandex | Google.


Milliy bog' / Adiblar hiyoboni

Adiblar hiyoboni asosan tinch boʻladi, shovqin-suron kam, oʻrindiqlar koʻp. Ushbu hiyobon va Milliy bog' bir-biriga ulanib ketgan, ana shu qismida Alisher Navoiy haykali joylashgan. Ushbu haykal oldida kechasi ajoyib tomoshabop manzara ochiladi. Haykalning orqa / yon tarafiga oʻtsangiz, sizni taxminan quyidagicha manzara kutib turadi, faqat tungisi, chiroqlar yoniq boʻladi…

Faqat bu yerda bitta nyuans bor: bogʻlar soat 23:00 da yopiladi, ya’ni astronomik hodisa maksimum fazasiga yetmasidan u yerni tark etishingizga toʻgʻri keladi.

Manzil: Yandex | Google.


Alisher Navoiy teatri maydoni

Alisher Navoiy nomidagi davlat akademik katta teatri qarshisidagi maydon yaqinda rekonstruksiyadan chiqarildi. U yerda koʻplab oʻrindiqlar oʻrnatildi, fontan yangilandi, maydon yurish va hordiq chiqarish uchun qulaylashtirildi. U yerda ham maydon kengligi va baland binolar kamligini hisobga olib, Oy tutilishini tomosha qilib oʻtirish uchun yaxshi joy boʻlishi mumkin.

Manzil: Yandex | Google.


Shahidlar xotirasi hiyoboni

Uzun kanal, daraxtlar, fonda Toshkent teleminorasi va tinchlik… Bu joy haqida koʻp gapirib oʻtirish shart emas, shundaymi? Suv yoqasi boʻylab ham yetarlicha oʻrindiq va oʻtirish mumkin boʻlgan joylarni topishingiz mumkin, hatto maysalarda ham oʻtirish mumkin. Agar siz sokinlikni sevsangiz, shu yerga keling.

Manzil: Yandex | Google.


Oltintepa tepaligi

Bu joyni kino yoki kliplarda koʻrgan boʻlsangiz kerak, bu yerdan Toshkentning koʻp qismi kaftdagidek koʻrinib turadi. Manzil baland binolardan holi, osmon “yaqin”. Odamlar bu yerda mushakbozlik tomosha qilishga ham chiqib turadi, Oy tutilishini ham tomosha qilishga chiqish mumkin, borganingizda balki allaqachon bu hodisani kutib turganlar boʻlar, yana kim bilsin.

Manzil: Yandex | Google.


Boshqa mazillar — terassali kafe, restoran va barlar

Yuqorida keltirilgan ochiq maydonlarda Oyni “topish” qiyin emas, ya’ni u vaqt Oy qaysi tomonda boʻlishidan qat’iy nazar uni koʻrish mumkin boʻladi, lekin quyida keltiriladigan muassasalarda esa Oyni tomosha qilish imkoni boʻlmasligi, ya’ni u “boshqa joyda turgan boʻlishi” mumkin. Agar ulardan biriga borishni istasangiz, shu jihatini hisobga oling.

“City 21”

“Hilton” mehmonxonasining 21-qavatida joylashgan pan-osiyo taomlari restorani ham Toshkentni yuqoridan tomosha qilish, ham Oy tutilishini kuzatish imkonini beradi. Restoran soat 18:00 dan 00:00 gacha ishlaydi.

Manzil.


“Koinot” restorani

Toshkent shahrining ramzlaridan biri boʻlgan Teleminorada Oʻzbekiston poytaxtini xuddi kaftdek koʻrish mumkin. Narxlar oʻrtachadan biroz qimmatligini aytmasa, shaharni yuqoridan tomosha qilish uchun “Koinot” restorani ayni muddao boʻladi. Restoran “aylanishini” va aylana shaklida ekanini hisobga olsak, Oyni tomosha qilishda muammo boʻlmaydi.

Afisha.uz saytida ushbu restoranga yozilgan sharhni ham oʻqishingiz mumkin.

Manzil.


Shanghai 1984

Toshkentda yangi ochilgan bar. Mazkur manzilning oʻz terassasi va xitoycha atmosferasi bor. Oyning joylashuvi toʻgʻri kelsa, ideal joy. 18-qavatdan Oy tutilishini tomosha qilish boshqacha boʻladi, bu aniq. Bar 19:00 dan 03:00 gacha ishlaydi. Bu degani toʻliq fazani ham bemalol tomosha qilishingiz mumkin.

Manzil: Yandex | Google.


Aytgancha, Oy tutilishi ham gʻayrioddiy, ham romantik hodisa. Shunday ekan, bugun soat 23:11 da, ya’ni Oy tutilishi maksimum fazasiga yetganda sevgilingizni qoʻlini soʻrashga nima deysiz?

Mirjalol Qosimov
Muallif
Mirjalol Qosimov
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling