Oʻzbekistonda musiqa terapiyasi assotsatsiyasi tashkil etiladi

Yunus Rajabiy nomidagi O‘zbek milliy musiqa san’ati institutida oʻtgan ilmiy seminarda “O‘zbekiston musiqa terapiya assotsiatsiyasi” jamoat birlashmasi tashkil etilishi haqida e’lon qilindi, deya xabar bermoqda OʻzA. Ilmiy-amaliy seminar “O‘zbekistonda musiqa terapiya sohasini rivojlantirish va uning zamonaviy tibbiyotdagi o‘rni” mavzusida boʻlgan.

Ta’kidlanishicha, mazkur tashabbus mamlakatda musiqa terapiyasi yo‘nalishini tizimli rivojlantirish, sohada faoliyat yurituvchi mutaxassislarni birlashtirish hamda ularning faoliyatini qo‘llab-quvvatlash maqsadida ilgari surilgan. Shuningdek, birlashma “mamlakatda musiqa va tibbiyot sohalari integratsiyasini rivojlantirish, xalqaro tajribani o‘rganish hamda ilmiy-tadqiqot faoliyatini kuchaytirishga xizmat qilishi” ta’kidlangan.

Seminarda sog‘liqni saqlash, madaniyat va ta’lim tizimining yetakchi mutaxassislari, olimlar hamda soha vakillari musiqa terapiyasining inson ruhiyati va salomatligiga ijobiy ta’siri, shuningdek, ushbu yo‘nalishning tibbiyot amaliyotiga kengroq joriy etilishi masalalarini muhokama qilgan.

Tadbirda tashkilotning yangi ustavi, boshqaruv tizimi va nazorat taftish komissiyalari tasdiqlandi. Ammo unga kim rahbar / rais bo‘lishi hozircha ma’lum emas.