Osaka EXPOdagi Oʻzbekiston pavilyoni Nukusga olib kelinadi

E’lon qilingan sana· 70
Osaka EXPOdagi Oʻzbekiston pavilyoni Nukusga olib kelinadi

Yaponiyaning Osaka shahrida tashkil etilgan EXPO butunjahon koʻrgazmasida Oʻzbekiston pavilyoni “Mavzuning eng yaxshi ochib berilishi” nominatsiyasida oltin medalga sazovor bo‘lgandi. Saida Mirziyoyeva ushbu pavilyon Nukusga olib kelinishini ma’lum qildi. Bu haqda u bilan e’lon qilingan “Missiya” koʻrsatuvining 8-qismida gap borgan.

Prezident administratsiyasi rahbari Londondaligida olingan maxsus intervyuda Osakadagi koʻrgazma haqida gapirgan.

“Yana bitta yaxshi xabar keldi Londondaligimda. Osakada bizning ekspozitsiyamiz, pavilyonimiz oltin medaliga sazovor boʻldi. Qanaqa baxt bu, bilasizmi? Har bitta mehanatning tagi rohat, degani shu ekan-da. Men shu pavilyonni, Xudo xohlasa, Osakadan olib, Nukusga olib bormoqchiman”, — deydi Mirziyoyeva.

Prezident administratsiyasi rahbarining ta’kidlashicha, Nukusda “kreativ park” quriladi, pavilyon oʻsha yerga joylashtiriladi. “Pavilyonimiz Nukusda boʻladi, Qoraqalpogʻistonda — mas’uliyatli joyimda. Prezidentimiz borganlarida mas’uliyatni menga topshirganlar”, — deydi u.

Iyun oyida Yaponiyada suratga olingan “Lolazor” podkastining 43-sonida oʻsha paytda Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi raisining birinchi o‘rinbosari boʻlgan Elmurod Najimov (hozirda u PA Kreativ iqtisodiyot va turizm bo‘yicha departamenti boshlig‘i o‘rinbosari) ushbu pavilyondagi barcha materiallar Oʻzbekistonga olib ketilishini aytgan. Najimov pavilyon jamgʻarmaning bir nechta loyihalariga integratsiya qilinishi rejalashtirilayotganini ta’kidlagan.

Eslatib oʻtamiz, Osaka shahrida tashkil etilgan EXPO butunjahon koʻrgazmasi 13-oktyabr kuni yakuniga yetdi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling