Qohirada Buyuk Misr muzeyi ochildi: kelajak texnologiyalari oʻtmish piramidalari bilan yonma-yon

E’lon qilingan sana· 109
Qohirada Buyuk Misr muzeyi ochildi: kelajak texnologiyalari oʻtmish piramidalari bilan yonma-yon

Qohirada Buyuk Misr muzeyi rasman ochildi. Bu yagona sivilizatsiyaga bagʻishlangan eng yirik arxeologik muzeydir. Qurilish 20 yil davom etdi, qurulish ishlariga 1 milliard dollardan koʻp mablag' sarlandi va taxminan 470 000 kvadrat metr maydonni egalladi — bu Luvrning deyarli uch barobari katta.

Arxitektorlar muzeyni qiya uchburchak shaklida loyihalashtirib, uning old qismi va shaffof tomini qo‘shni piramidalarning shakllari bilan uyg‘unlashgan uchburchak bo‘laklardan tashkil topgan mozaika ko‘rinishida yaratdilar. Muhandislar balandlik farqi 50 metrga yaqin bo‘lgan murakkab joyni hisobga olishlari zarur edi. Shu sababli, bino ichki qismi bir necha sathda tashkil etildi, shuning uchun ichki makon qorongʻi zallardan yorugʻlik ostidagi galereyalargacha bir necha darajalarda tashkil etilgan.

Binoning markazida olti qavatlik balandlikka teng ulkan zinapoya joylashgan. U yerdan yuqori qismga olib chiqadi, u yerdan Giza ehromi manzarasi ochiladi. Bu zinapoyaning o‘zi ham alohida eksponat sifatida qaralishi mumkin. Zinapoya bo‘ylab asrlar osha harakatlanish taassurotini uyg‘otadigan 87 ta xudolar va fir’avnlar haykallari o‘rnatilgan.

Giza piramidalari etagida joylashgan yangi Buyuk Misr muzeyi zamonaviy davrning eng yirik madaniy loyihalaridan biriga aylandi. 24 000 kvadrat metr maydonda doimiy koʻrgazma, bolalar muzeyi, konferensiya zallari va oʻquv markazlari, savdo maydoni hamda mintaqadagi eng yirik antiqa buyumlarni saqlash markazi mavjud.

Koʻpgina eksponatlar Qohiradagi Tahrir maydonidagi eng qadimiy Misr muzeyidan bu yerga yetib kelgan, uning yoshi bir asrdan oshgan. Boshqalari yaqinda arxeologlar tomonidan qadimiy nekropollarda, jumladan, yangi majmuadan taxminan 22 kilometr janubda joylashgan piramidalari va qabrlari bilan mashhur Sakkarada topilgan.

Muzeyning eng diqqatga sazovor joylaridan biri — balandligi taxminan 11 metr va ogʻirligi 83 tonna boʻlgan 3200 yillik Ramzes II haykali asosiy zalga tashrif buyuruvchilarni kutib oladi. Arxeologlar uni boʻlaklarga boʻlib topdilar va ushbu haykalni muzeyga olib borish uchun 300 ming dollarga yaqin mablag' sarflangan.

Muzey bosh direktori Ahmad Gonimning The Guardian nashriga ma’lum qilishicha, ko‘rgazma zallari ilg‘or texnologiyalar va multimedia qurilmalari, jumladan, aralash reallik bilan jihozlangan. Uning so‘zlariga ko‘ra, maqsad Misrning abadiy merosini XXI asr ijodi bilan uyg‘unlashtirish va uni yangi avlod uchun tushunarli qilishdir.

“Biz Z avlodi so‘zlashadigan tildan foydalanamiz,” — dedi Gonim. “Ular biz, katta avlod singari, uzun matnlarni o‘qimaydi. Ularga texnologiyalar yaqinroq.”

Muzeyga rahbarlik qiluvchi Hassan Allam Holding bosh direktori Hasan Allamning so‘zlariga ko‘ra, majmua kuniga 15−20 ming kishini qabul qilishi kutilmoqda.

Muzey chorshanba va shanba kunlaridan tashqari har kuni soat 8:30 dan 19:00 gacha (chipta kassasi 17:00 da yopiladi) tashrif buyuruvchilar uchun ochiq. Chorshanba va shanba kunlari muzey soat 22:00 da yopiladi, kassa 20:00 da yopiladi.

Chipta narxlari:

  • kattalarga  — 1 450 misr funti (370 000 soʻm)
  • 4 yoshdan 12 yoshgacha boʻlgan bolalar va studentlarga — 730 funt (185 000 soʻm)
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling