O‘zgidromet: Ifloslangan havo hafta oxirigacha saqlanib qolishi mumkin

Toshkent havosini iflos va yomon sifatda ushlab turgan harorat inversiyasi keyingi hafta oxirigacha davom etishi mumkin.
Avvalroq sinoptiklar 24 noyabr kuni vaziyat yaxshilanishini kutishgan edi, ammo endi O‘zgidromet prognozni yangiladi: vaziyat cho‘zilishi mumkin. Sababi — ob-havo sharoiti sovuq havoni pastda, iliq havoni esa yuqorida “qamab” qo‘yadi. Bunday sharoitda havo aralashmaydi va mayda PM2.5 zarralari bo‘lgan chang yuzada to‘planadi.
Bu yil yogʻingarchilik deyarli kuzatilmagani vaziyatni yanada ogʻirlashtirdi — ekspertlarning taʼkidlashicha, 2025-yil 1917-yildan beri eng qurgʻoqchil yil boʻlmoqda.
24-noyabrdan 29-noyabrgacha bo‘lgan haftada havo sifati beqaror bo‘ladi — ko‘rsatkichlar kun davomida ham o‘zgarib turishi mumkin. Havo massalari almashgandan, shamol kuchayganidan yoki yomg‘ir yoqqanidan keyingina vaziyat yengillashadi.
Toshkentda PM2.5 ning o‘rtacha sutkalik konsentratsiyasi me’yordan bir necha barobar yuqori. Aholiga ko‘chada kamroq vaqt o‘tkazish, ochiq havoda jismoniy mashqlar qilishdan saqlanish, imkon qadar niqob taqish, uy havosini namlantirish va havo tozalagichlarni ishlatish tavsiya etiladi.