Toq va juft sanalar amaliyoti: Toshkentda avtomobillar harakati davlat raqamiga qarab cheklanishi mumkin

E’lon qilingan sana· 404
Toq va juft sanalar amaliyoti: Toshkentda avtomobillar harakati davlat raqamiga qarab cheklanishi mumkin

Prezident Shavkat Mirziyoyev 25-noyabr kuni “Toshkent shahrida ekologik vaziyatni yaxshilash bo‘yicha kechiktirib bo‘lmaydigan chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi farmonini imzoladi.

Farmon bilan poytaxtda ekologik muammolarni hal etish bo‘yicha maxsus komissiya tuzildi. Unga Prezidentning ekologiya masalalari bo‘yicha maslahatchisi — Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi raisi Aziz Abduhakimov rahbar bo‘ldi. Hujjat bilan Maxsus komissiyaning vakolatlari belgilab berildi.

Yangi tuzilgan komissiyaga bir qator vakolatlar bilan birgalikda transport vositalari harakatini cheklash, jumladan:

  • Toshkent shahrida yuk tashish avtotransport vositalari harakatini vaqtincha cheklash amaliyotini yoʻlga qoʻyish;
  • avtotransport vositalarining, shu jumladan davlat raqamiga mos ravishda toq va juft sanalarda harakatlanishni cheklash amaliyotini joriy qilish (elektromobillar bundan mustasno);
  • harakatlanishi vaqtinchalik cheklanadigan avtotransport vositalari turlari, koʻchalar va boshqa hududlarni belgilash vakolati berildi.

Davlat raqamiga qarab toq va juft sanalarda harakatlanishni cheklash amaliyoti qachondan ishga tushishi ma’lum emas, endilikda bu qarorni Maxsus komissiya qabul qiladi.

Aziz Abduhakimov boshchiligidagi maxsus komissiyaning boshqa vakolatlari bilan Farmonning toʻliq matnida tanishishingiz mumkin.

Avvalroq ushbu farmon bilan Toshkentda favvoralar soni ikki baravar koʻpayadi, sun’iy koʻl va suv havzalari tashkil etilishi haqida xabar berilgandi, ushbu xabarda farmondagi asosiy tezislar keltirilgan.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling