Raqamli detoks: u nima va nega kerak?

Hech oʻzingizga chetdan qarab koʻrganmisiz, masalan, ertalab uyg‘oniboq birinchi qiladigan ishimiz nima? Albatta, koʻpchilikda kun yostiq ostidan yoki tunchiroq yonidan telefonni qidirish va uni ma’lum vaqt titkilab oʻtirishdan boshlanadi. Zamonaviy dunyoda “Tong kofe bilan boshlanadi” iborasi allaqachon aktual emas. Hali ko‘zimiz to‘liq ochilmasdan turib Instagram tasmasini “scroll” qilamiz yoki Telegram’dagi o‘qilmagan yuzlab xabarlarni ko‘zdan kechiramiz. Bu odatga aylanib ulgurgan, afsuski.
Biz raqamli avlodmiz, gadjetlarsiz hayotimizni tasavvur qilolmaymiz, lekin ma’lum vaqt ularsiz hayot kechirish juda katta yordam berishi mumkin. Bugun aynan shu narsa koʻp joylarda trendga aylangan. U raqamli detoks (digital detox) deyiladi. U shunchaki G‘arbda o‘ylab topilgan navbatdagi hayp emas, balki zamonaviy insonning eng katta ehtiyojlaridan biri.
Raqamli detoks nima va u qayerdan paydo boʻldi?
Oddiy qilib aytganda, raqamli detoks — bu ma’lum muddatga gadjetlardan (smartfon, noutbuk, planshet va hatto televizor) ixtiyoriy ravishda voz kechish. Maqsad — virtual olam shovqinini o‘chirib, real hayotga qaytish.

Bu tushunchaning 15−20 yillik tarixi bor. Bu aynan gadjetlar dunyo boʻylab ommalashgan davrga toʻgʻri keladi. Taxminan 2010-yillarning boshida, smartfonlar hayotimizning ajralmas qismiga aylanib, bizni o‘ziga “qul” qilib olishni boshlagan paytda paydo bo‘lgan. Odamlar tushunib yetdiki, texnologiya bizga xizmat qilish o‘rniga, biz texnologiyaga xizmat qilyapmiz. Doimiy onlayn bo‘lish, har 5 daqiqada bildirishnomalarni tekshirish stress va xavotirni kuchaytirayotgani sezila boshladi.
O‘ylab ko‘ring, kun davomida miyamizga qancha keraksiz ma’lumot kiradi? Falonchi bloger nima yedi, pistonchi yulduz qayerga bordi, bu masala yuzasidan nima dedi… Bu ma’lumotlarning bizga deyarli foydasi yo‘q. Lekin miya bu ma’lumotlarni ham bir chetda saqlaydi va unga energiya sarflaydi. Buning oqibatida fokus qaratilishi kerak boʻlgan asosiy masalalar qolib ketadi.

Raqamli detoks aynan shu axborot oqimini to‘xtatib, miyani “format” qilish uchun kerak. Aks holda, odam reallikdan butunlay uzilib, kichik ekran ichidagi hayot bilan yashashni boshlaydi.
Bu qanday ishlaydi?
Bu amaliyotni o‘zim ham sinab ko‘rganman. Oson deb o‘ylagandim, adashibman. Boshida juda qiyin bo‘ldi. Har daqiqada qo‘l beixtiyor cho‘ntakka ketaveradi smartfon qidirib (xuddi chekuvchilarning odatiga o‘xshaydi). “Hozir kimdir yozgandir”, “muhim yangilikni o‘tkazib yubordim-ov” degan vahima bosadi.
Lekin qizig‘i keyin boshlanadi. Biroz muddat o‘tgach, bu “lomka” jarayoni o‘tadi va siz haqiqiy olamdagi reallikni tushuna boshlaysiz. Avval ilg‘amagan detallarni ko‘rishni boshladim. Masalan, uydagi ba’zi mebellarning joylashuviga, xonaning yorug‘ligiga e’tibor berib qolasiz (oldin shularga ham vaqt bo‘lmagan yoki e’tibor qaratishga arzitmaganmiz).

Eng muhimi — gadjetlar yo‘qligida vaqt qanchalik ko‘p ekanini his qilasiz. Biz “vaqtim yo‘q” deb noliymiz, aslida esa uni ekranga tikilib o‘tkazvoramiz. Detoks paytida bemalol ko‘p narsaga ulgurish mumkinligini tushunib yetasiz. Hatto ancha vaqtdan beri qo‘l tegmayotgan kitobni o‘qishni boshlash mumkin.
Raqamli detoks muvaffaqiyatli oʻtganidan keyin siz fokusni bir joyga qaratishni boshlaysiz, ishga yoki suhbatdoshga chalg‘imasdan e’tibor berishni o‘rganasiz. Hozirgi kunda aynan gadjetlar sabab diqqatni jamlash muammo boʻlyapti.
Uyqu sifati yaxshilanadi. Bu haqda koʻp ilmiy ishlar olib borilgan. Siz qanchalik koʻp telefon yoki boshqa gadjetga tikilsangiz, shunchalik koʻp uyqungiz sifati tushib boradi, ayniqsa bu uyquga ketishdan oldin boʻlsa.

Tabiat qonuniga ko‘ra, qorong‘u tushganda inson miyasi uyqu gormoni — melatonin ishlab chiqarishni boshlashi kerak. Moviy nur esa miyaga “Hoy, hali kunduz, uyg‘oq bo‘l!” degan yolg‘on signalni yuboradi va melatonin ishlab chiqarilishini to‘xtatib qo‘yadi (yoki keskin kamaytiradi). Natijada biologik soatimiz (sirkad ritmlar) butunlay buziladi.
Bu shunchaki quruq gap emas, ilmiy isbotlangan fakt. Masalan, Garvard tibbiyot maktabi (Harvard Medical School) olimlari o‘tkazgan tadqiqotda elektron kitob o‘quvchilar va oddiy qog‘oz kitob o‘quvchilarining uyqusi solishtirilgan. Natija kutilganidek: gadjetdan foydalanganlarda melatonin darajasi past bo‘lgan, uyquga ketish qiyinlashgan va ertalab o‘zlarini ancha lanj his qilishgan.
Zarari bormi? Agar ishingiz 100% onlayn bog‘liq bo‘lsa, uzoq muddatli detoks sizni ishsiz qoldirishi mumkin (bu hazil, albatta). Aslida, yagona “zarari” — muhim qo‘ng‘iroqni o‘tkazib yuborish xavfi bo‘lishi mumkin, lekin buning ham yechimi bor — oddiy “tugmachali” telefon, masalan.
Qanday boshlash mumkin — “Zaharni zahar kesadi”
Albatta, biz smartfonlardan butunlay voz keching deyotganimiz yoʻq. Buning hozirgi zamonda iloji ham yoʻq, toʻgʻri tushunish kerak. Shuning uchun maqsad — gadjetlardan butunlay voz kechish emas, ulardan foydalanishni nazorat qilish. Qizig‘i, texnologik qaramlikdan qutulish uchun yana texnologiyaning o‘zidan foydalanamiz. Paradoks, shunday emasmi? Lekin xalqimizda “zaharni zahar kesadi”, degan gap bor-ku. Shunday ekan, detoksni boshlash uchun 3 ta ilovani koʻrib chiqamiz.
StayFree — Block Apps & Sites. Bu ilova o‘z nomidan ham ma’lum va yaxshi messej beradi — “erkin bo‘l”. Bu hozirgi kunda eng qulay va batafsil statistika beradigan bepul ilovalardan biri. U sizning “raqamli qorovulingiz” bo‘ladi. Qaysi ilovada qancha o‘tirganingizni, telefonni necha marta blokdan ochganingizni (ba'zi raqamlarni koʻrib hayron qolishingiz mumkin) hisoblab boradi.

Siz o‘zingizga limit qo‘yasiz. Masalan, “Instagramda kuniga 45 daqiqa”. Shundan keyin ilovaga kirish yopiladi. Vaqt tugashi bilan ilova sizni ogohlantiradi. Eng qizig‘i, u boshqa foydalanuvchilar bilan solishtirma statistikani ham ko‘rsatadi (ya'ni siz boshqalardan kamroq / koʻproq foydalanayapsiz, deyishi mumkin).
Yuklab olish uchun: AppStore | PlayMarket.
Flora — Green Focus | Forest: Focus for Productivity. Bular ikki xil ilova, ammo gʻoyasi bir — “daraxt oʻstirish”. Forest ilovasi Android foydalanuvchilari uchun bepul, lekin iPhone (iOS) ishlatadiganlar uchun pulli. Shuning uchun iPhone tutadiganlarga uning bepul va juda o‘xshash egizagi — Florani tavsiya qilaman.

Ikkalasi ham o‘yinga (gamification) asoslangan. Telefonni chetga qo‘yib, taymerni yoqasiz va virtual daraxt ekasiz. Agar telefonni olib, Instagram’ga kirib ketsangiz, daraxtingiz so‘lib qoladi. Flora ilovasida do‘stlar bilan birga daraxt eksa bo‘ladi. Agar kimdir telefonni ushlab qo‘ysa, hamma o‘stirgan “daraxt” o‘ladi. Do‘stlaringizni sharmanda qilmassiz?!
Yuklab olish uchun: AppStore | PlayMarket.
One Sec. Gʻoyasi qiziq — bu ilova sizga hech narsani taqiqlamaydi, u oʻylashga, nafas rostlab olishga chorlaydi. Aytaylik, siz Instagram tugmachasini bosdingiz. Ilova darhol ochilmaydi. “One Sec” ekranni qoraytirib, sizdan chuqur nafas olishni so‘raydi va bir necha soniya kutib turadi. Keyin esa: “Rostan ham kirmoqchimisiz yoki shunchaki zerikishdanmi?” deb so‘raydi.

Olimlarning aytishicha, biz ko‘pincha “avtopilot” rejimida ilovalarni ochamiz. “One Sec” mana shu avtomatizmni buzadi. Ko‘pincha o‘sha 3−4 soniyalik pauza paytida “o‘zi menga kerakmas-ov” deb, telefonni yopib qo‘yasiz.
Yuklab olish uchun: AppStore | PlayMarket.
Muvozanat
Hozir hammani telefonni uloqtirib, tog‘larga chiqib ketishga undamoqchi emasman (lekin bu ham yomon g‘oya emas). Biz XXI asrda yashayapmiz, texnologiya — hayotimizning bir qismi, undan qochib qutulib bo‘lmaydi. Hamma gap muvozanatda.
Raqamli detoks — bu o‘z erkinligingizni qaytarib olish degani. Bu — do‘stingiz bilan gaplashayotganda telefonga emas, uning ko‘ziga qarab o‘tirish. Bu — ovqatlanayotganda Instagram’ning emas, taomning ta’mini his qilish. Bu — shunchaki, o‘sha bir necha dyuymli ekrandan boshni ko‘tarib, atrofga qaray olish. Ishoning, hayotdagi eng chiroyli kadrlar, eng qiziqarli “storiz"lar aslida ekran ichida emas, uning tashqarisida — real hayotda sodir bo‘lyapti. Faqat biz ularni ko‘rishga ulgurmayapmiz.

Keling, bugunoq kichik qadamdan boshlaymiz. Hozir shu matnni o‘qib bo‘ldingizmi? Telefonni sekin bloklab, chetga qo‘ying va shunchaki derazadan tashqariga, osmonga yoki yoningizdagi yaqin insoningizga bir qarab qo‘ying. Real hayotga, jamiyat bilan birga boʻlishga, madaniy hordiq chiqarishni rejalashtirish uchun esa Afisha.uz'ga kirib, turli tadbirlar va pozitiv yangiliklardan xabardor boʻlib turing.