Toshkent metrosi tarmogʻi 100 kmga yetkaziladi
E’lon qilingan sana: · 47

Prezidentning Toshkent shahrida transport tizimi boshqaruvini takomillashtirish hamda tirbandliklarning oldini olishga qaratilgan qarori qabul qilindi.
Qaror bilan Toshkent shahri transport tizimini 2030-yilgacha rivojlantirishning maqsadli ko‘rsatkichlari tasdiqlandi. Unda quyidagilar nazarda tutildi, jumladan:
- aholining jamoat transportidan foydalanish darajasini 60 foizga yetkazish;
- avtobusning o‘rtacha harakat tezligini 18 km soatdan 24 km soatga yetkazish;
- transport vositalari uchun 150 ming o‘rinli to‘xtab turish joylarini tashkil etish;
- metropoliten tarmog‘i uzunligini 103 kmga yetkazish.
Shuningdek, qaror bilan Toshkent shahrida yo‘l harakatini tashkil etish markazi tashkil etilishi belgilandi. Uning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat boʻladi:
- zamonaviy raqamli va “yashil” texnologiyalarni qo‘llash orqali Toshkent shahrida transport, yo‘lovchi va piyodalar oqimlarini uzluksiz monitoring qilish asosida yo‘l harakatini tashkil etish,
- Toshkent shahrining transport master rejasini yaratish;
- hududlardan kirib keladigan asosiy avtomobil yo‘llaridagi jamoat transporti bosh bekatlari (avtobus va metro) kesishmalarida transport vositalarining ko‘p qavatli to‘xtab turish joylarini tashkil qilish;
- Toshkent shahri yerusti metro liniyalari hamda yo‘l o‘tkazgichlari ostida, xavfsizlik talablariga rioya qilgan holda, transport vositalarining to‘xtab turish joylarini tashkil qilish.